Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xalq banki lotereyalari: Shu yilning o‘zida 36 ta avtomobil!

Xalq banki lotereyalari: Shu yilning o‘zida 36 ta avtomobil!

Mamlakatimizning eng yirik va universal banklaridan biri sanalgan aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan bank tizimi uchun noan’anaviy faoliyat turi – yutuqli lotereyalarni tashkil etish va o‘tkazish an’anaviy tus olgan.

Bank axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 15-noyabrdagi «Pul-buyum lotereyalari o‘tkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Xalq bankiga lotereyalarni tashkil etish huquqi berilgan. Shundan buyon bankning yutuqli lotereyalari Moliya vazirligi tomonidan Lotereyalar faoliyatini tashkil etish uchun berilgan litsenziya asosida o‘tkazib kelinyapti.

Bugungi kunda bank bir necha turdagi pul va pul-buyum yutuqli, lahzali, tirajli va sonli-televizion lotereyalar o‘tkazilishi natijasida ko‘plab yurtdoshlarimiz turli pul va buyum ko‘rinishidagi yutuqlar sohibiga aylanmoqda.

Shu bilan birga, lotereyalar bilan ishlash jarayonida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yutuq sohibiga aylangan o‘yin ishtirokchilariga yutuqlarining o‘z vaqtida to‘lanishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Birgina joriy yilning o‘tgan davrida 7 million 729 mingdan ziyod 51,8 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi pul va buyum yutuqlari g‘olib bo‘lgan yutuq egalariga to‘lab berildi. Jumladan, yil davomida «Orlando», «Spark», «Matiz», «Nexia-3» va «Damas» rusumidagi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 36 ta avtomobil omadli  yurtdoshlarimizga topshirildi.

— Ko‘p yillardan buyon Xalq banki lotereyalarini o‘ynab kelaman, bir necha bor turli miqdordagi pul yutuqlarini ham yutganman, lekin bugungisi ularning orasida eng kattasi bo‘ldi, — deydi xorazmlik omadli hamyurtimiz Izzat O‘razov. — Yaxshi niyat bilan harakat qilaverish kerak ekan. Mana, yaqinda «Besh karra besh» lotereyasidan 15 ming so‘mga 5 dona olgan edim. Ularning biridan «Orlando» avtomobili chiqdi. Ushbu yutuq menga nasib qilganidan juda xursand bo‘ldim.

Foto: Izzat O‘razov yutug‘ini qabul qilib olmoqda.

Lotereyalarda o‘ynalgan turli miqdordagi pul va avtomobil yutuqlari mamlakatimiz aholisining oila farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan bo‘lsa, lotereyalarning o‘tkazilishidan olingan mablag‘larning muayyan qismi esa bir qator ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida bank tomonidan lotereya daromadlari hisobidan bolalar sportini rivojlantirish, mehribonlik uylariga, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mahallalarni obodonlashtirish, yosh olimlarning eng yaxshi innovatsion loyihalarini rag‘batlantirish, shuningdek, urush qatnashchilari va nogiron, qariya hamda front orti mehnat faxriylari, ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor hamda kam ta’minlangan oilalarga jami 4,0 mlrd. so‘mga yaqin xayriya mablag‘lari moliyaviy yordam sifatida ajratildi.

Misol uchun kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga 555,4 mln. so‘mlik, mehribonlik uylari, internatlar, muruvvat uylariga 278,2 mln. so‘mlik, mahallalarni obodonlashtirish uchun 810,6 mln. so‘mlik, turli ijtimoiy tadbirlarni o‘tkazish va ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda front orti mehnatkashlariga xayriya tarzida 674,0 mln. so‘mlik xayriya mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, yurtimizda bolalar sporti va sport sohasini rivojlantirishga va boshqa shu kabi ijtimoiy yo‘nalishlarga 1 049,5 mln. so‘mlik xayriya mablag‘lari ajratildi.

Foto: Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida istiqomat qiluvchi yana bir omadli hamyurtimiz Dilbar Atamuradova «Sharqona lotto» sonli, pul-buyum yutuqli lotereyasi «36 dan 6» o‘yini 55-tiraj g‘olibi bo‘lgan.

Bundan tashqari Chirchiq shahridagi 14-sonli mehribonlik uyiga «Damas» avtomobili va 18,3 mln. so‘mlik  6 ta kompyuter jamlanmasi, Kitob tumanidagi 5-mehribonlik uyiga 35 mln. so‘m, Qarshi muruvvat bolalar uyiga «Damas» avtomobili va 79,6 mln. so‘m, Xiva «Muruvvat» nogironlar uchun erkaklar internat uyiga esa «Spark» avtomobili va 35,5 mln. so‘m, Xiva bolalar shaharchasiga 45,9 mln. so‘m xayriya mablag‘lari ajratildi. Albatta, ushbu tadbirlar Xalq banki lotereyalari hisobidan amalga oshirilmoqda.

— Xivadagi «Muruvvat» nogironlar uchun erkaklar internat uyida 200 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda, — deydi ushbu internat direktori Ravshanbek Sherniyozov. — Albatta, muassasamizdagi kishilarga turli tashkilot va korxonalardan ko‘plab xayriya yordamlari ko‘rsatib kelinadi. Biroq Xalq banki tomonidan joriy yilning sentyabr oyida «Spark» avtomobili va 35,5 mln. so‘mlik turli kiyim-kechaklar xayriya sifatida berilgani barchamizni cheksiz quvontirdi.

Shuningdek, respublikamizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida Xalq banki ham faol ishtirok etmoqda. Buning misoli sifatida aytishimiz mumkinki, har birida 100 nafar fuqaromizga qadimiy shaharlarimizga sayohat qilish imkoniyatini beruvchi yo‘llanmalari o‘ynalgan «Ko‘hna Xiva» va «Qadimiy Buxoro» tirajli lotereyalari o‘tkazildi.

Shuni ham alohida aytish kerakki, Xalq banki taklif etilayotgan lotereyalarning shartlari jozibadorligini oshirishga qaratilgan yo‘nalishlarda fuqarolarning talab va takliflari asosida izlanishlar olib borish bilan birga, lotereyalar biletlarini ixtiyoriylik prinsiplariga qat’iy amal qilgan holda sotilishi jarayoni Bank boshqaruvi tomonidan nazoratga olingan.

Shuningdek, o‘yin biletlarini bank mijozlariga xizmat ko‘rsatish davomida ish haqlari, pensiya va nafaqalarga majburan qo‘shib sotilishining oldini olish choralari ko‘rilgan holda, lotereyalarni istirohat bog‘lari, bozorlar, avtobekatlar va boshqa aholi gavjum joylarda turg‘un va vaqtinchalik savdo nuqtalarini tashkil etish, shuningdek, jamoatchi tarqatuvchilarni jalb qilish orqali sotilishi belgilangan.

Reklama huquqi asosida

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring


Izohlar mavjud emas