Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi tafsilotlar: Ella Ostrogojskaya sobiq moliya vaziri bilan til biriktirib, davlat rahbariga yolg‘on hisobot berib kelgan

Yangi tafsilotlar: Ella Ostrogojskaya sobiq moliya vaziri bilan til biriktirib, davlat rahbariga yolg‘on hisobot berib kelgan

O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi

Foto: «UzDaily.uz»

O‘zbekiston milliy axborot agentligining rasmiy saytida «Vatanga sadoqat, xalqqa munosabat shumi?» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda shu yilning 22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qattiq tanqid qilingan Ella Ostrogojskaya haqida yangi tafsilotlar oshkor etiladi.

Maqola muallifi Abubakr O‘rozov «Ella Ostrogojskaya aslida kim bo‘lgan?» degan savolga javob izlar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda Ella Ostrogojskayaning aql bovar qilmas darajada «o‘zlashtirib yuborilgan» mablag‘lari va uning chet elda o‘qib, o‘sha yerda yashab qolgan farzandi, shuningdek, uning chet davlatlarda mulklari borligi va boshqa mamlakat fuqaroligiga ham ega ekani haqidagi ma’lumotlar keng tarqalgani, biroq unda bu faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar yo‘qligini ma’lum qiladi.

O‘zA muxbiriga ma’lum bo‘lgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ella Ostrogojskaya ko‘p yillar Moliya vazirligining davlat budjeti bosh boshqarmasining boshlig‘i lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida mamlakatimiz iqtisodiyotiga va davlat budjetiga katta zarar yetkazgan. O‘zini xon, ko‘lankasini maydon, deb hisoblagan bu amaldor budjet profitsiti ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish, bu orqali esa soxta obro‘-e’tibor qozonishga harakat qilgan.

Maqolada yozilishicha, Moliya vazirligining sobiq mulozimi har yili hisobot yilining 15 dekabridan boshlab budjet tashkilotlari bo‘yicha barcha turdagi xarajatlarni, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zaruriy to‘lovlarni sun’iy to‘xtatib qo‘ygan. Sobiq vazir bilan til biriktirib, davlat rahbariga yolg‘on hisobot berishni odatiy holga aylantirgan.

Oqibatda hududlarning rejadan oshirib bajargan daromadlari respublika budjetiga majburan olib qo‘yilgan. Ularning ustidan hukm o‘tkazib, bosh egib kelmaguncha erkin mablag‘lar qoldig‘i ularning ixtiyoriga qaytarib berilmagan.

Vaziyat shu darajagacha yetib borganki, E.Ostrogojskaya sobiq vazir va xodimlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i bilan til biriktirib, vazir o‘rinbosarlariga ham tazyiq o‘tkaza boshlagan. O‘ziga yoqmaganlarning lavozimini pasaytirgan yoki ularni ishdan bo‘shatgan. Birgina misol: hududlarning moliyaviy haq-huquqlarini himoya qilgan vazir o‘rinbosarlaridan birini dastlab jamg‘armaga, keyinchalik eng quyi bo‘g‘inga ishga yuborgan. Bugungi kunda haqiqat qaror topib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur shaxs munosib lavozimga tayinlandi.

Muallif so‘nggi yillar mobaynida davlat budjeti loyihasini tayyorlashda xalqimizning eng zarur ehtiyojlari umuman hisobga olinmaganini ta’kidlaydi va so‘zlarini quyidagi ma’lumot bilan dalillaydi:

— 2016-yilgi Davlat budjetida tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun bor-yo‘g‘i 483 so‘m ko‘zda tutilgan. Mamlakatimiz bo‘yicha dori-darmon va tibbiyot vositalariga 229 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu raqamlarni taqqoslash uchun 2018-yilgi Davlat budjeti parametrlarida tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 5 000 so‘m yoki dori-darmon va tibbiyot vositalariga 915 milliard so‘m (4 baravar ko‘p) rejalashtirilganligini ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Endi tasavvur qiling, tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 483 so‘m belgilagan bu «jonkuyarlar» nahotki ketadigan haqiqiy xarajatlarni hisobga olmagan bo‘lsa? Bitta shprits yoki bint ham bundan qimmat-ku?! Texnika xarajatlari, shifokorning bir kunlik mehnatini kim qoplaydi?! Aslida tez tibbiy yordamga chaqirilgan shifokorlarning ko‘zingizga qarab turishiga, jamiyatimizda korrupsiyaga yo‘l ochgan shaxslar shular emasmikan?!

Maqola «Bu hali bir sohaning bir yo‘nalishi. Endi qolganlarini o‘zingiz tasavvur qilavering! Yuqorida aytganimizdek, ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Xalqiga, Vataniga xiyonat qilganlar hech qachon uzoqqa bormaydi», deya tamomlanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga murojaat qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligi 20 yil davomida Ostrogorskiy (ya’ni Ella Ostrogojskaya)ga o‘xshagan noinsoflar qo‘lida bo‘lganligi, uni o‘zi ishdan haydaganini, shunga qaramay vazirlik hisobotlarida haligacha Ostrogorskiyning hidi borligini ta’kidlagan edi.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyevning g‘azabiga duchor bo‘lgan Ostrogorskiy kim?

Prezident nutqida Ostrogorskiy (ya’ni Ella Ostrogojskaya) tilga olingan o‘rinlar:

«Aqlli moliya vaziri bo‘lsang, o‘yla, noinsof, atrofingdagilarni hammasini haydavor. Qo‘chqorov shu yerdami? Men sizlarning oldingizda aytyapman, agar bir oy ichida o‘zgarish qilmasa, ishdan olaman. Menga bunaqa moliya kerak emas. Moliyada o‘tirganlarning hammasini haydaydi. Bitta Ostragorskiy degan noinsofni haydaganman, haliyam uning hidi kelib turibdi».

* * *

«Mana bitta misol: o‘tgan 2016-yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mahalliy budjetga bir so‘m ham pul qolmagan. Bir so‘mniyam bermagan Ostrogorskiy-Mastrogorskiy-Sastragorskiy-Gastrogorskiy degan bir komanda bor. Faqat mendan qo‘rqardi ular, hozir hammasini haydavordim. Yana 2-3tasi qolgan endi. Mana bu yil: budjetni hamma tushumlarini bajardi Qoraqalpog‘iston, 90 milliard pul o‘ziga qolyapti — bitta hududda! Nimaga? Oldin ishlagan ham bir edi ishlamagan ham bir edi. Nega desangiz, tuman hokimi o‘zini moliyachisi, iqtisodchisi bo‘lgani bilan, u pul tushgan bilan unga tushmaydi-ku, Ostrogorskiyga tushadi. Suv yo‘q, gaz yo‘q, bolnitsa yo‘q, detsad yo‘q, issig‘liq yo‘q. Ostrogorskiy biladimi Qoraqalpog‘istondagi sharoitni. Ostrogrskiyga o‘xshaganlar yashaganmi Qoraqalpog‘istonda?

* * *

«Kechagi senatdagi muhokama meni ko‘p narsada o‘zgartirdi. Biz faqat odamlarga gap gapirishga bermaymizda. Agar gapirishga berganimizda, ular janob Qo‘chqorovga kerak bo‘lsa boshqa taklif berardi. Nimaga bu yerga tayyorgarlik qilmasdan keldi, deganlaringizda, men sizlardan rozi bo‘lardim. Men kecha juda chuqur ko‘rdim, lekin norozi bo‘ldim, Qo‘chqorov tayyorgarlik qilib bormagan. Nega desangiz, pastdagi o‘tirgan Ostrogorskiy degani yozib bergan, bu ko‘tarib sizlarga oborgan. Bundan keyin o‘zim ko‘raman budjetni. Lekin men sizlarga aytaman — sizlarga ma’qul budjet chiqadi».

«Sputnik»ning ma’lum qilishicha, Internet makonida Ostrogojskaya faoliyati tahliliga bag‘ishlab maqola yozgan O.Abdusalimov amaldor tomonidan aql bovar qilmas darajada «o‘zlashtirib yuborilgan» mablag‘lar, va uning chet elda o‘qib, o‘sha yerda yashab qolgan farzandi haqida bayon etar ekan, shunday deydi: bunday vaqtda adolatli savol tug‘iladi, o‘z kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lamasligi kundek ravshan bo‘lib turgan bu singari odamlar qay tarzda O‘zbekistonning iqtisodiyot, mudofaa majmuasi va kuch tuzilmalaridagi eng muhim jabhalarning moliyaviy ta’minotini nazorat qilmoqda? Moliyaning «oddiy» amaldorlari qimmatbaho mulklar uchun pulni qayerdan oldi va ularga boshqa mamlakatlarning fuqaroligi nima uchun kerak? O‘zbekistonning 20 yildan ortiq mustaqilligi davri davomida moliya-iqtisod sohasida malakali milliy kadrlarni tayyorlash imkoni bo‘lmaganiga ishonish qiyin. Bunday kadrlar ko‘tarilishga imkon berishmayotgan bo‘lsa kerak. Ularni ma’muriy-jamoaviy metodlar qo‘llash orqali mablag‘larni boshqarishga odatlanganlar yanchib kelmoqda. Bundaylarning davri esa allaqachon o‘tmishda qolgan».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring