Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

YPX xodimida videokamera bo‘lmasa hujjat taqdim etmaslik huquqi qoldiriladimi?

YPX xodimida videokamera bo‘lmasa hujjat taqdim etmaslik huquqi qoldiriladimi?

Foto: «Xabar.uz»

Kecha Adliya vazirligi 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligi, mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligini eslatgandi.

Buni qarangki, regulation.gov.uz portalidagi bir loyiha nazarimizdan chetda qolgan ekan. 14 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan portalga Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi joylashtirilibdi. Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutmoqda.

https://regulation.gov.uz/uz/document/3901

Unga ko‘ra, mobil videokameraga oid talablar 2019 yil 1 iyuldan emas, balki 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirishini belgilashmoqchi.

Bu nima degani, bilasizmi? Bu Hukumat qarorlari qay darajada o‘yinchoq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi. Kim nimani xohlasa, shuni qilyapti. Hozir xohlasa 2020 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa 2030 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa butunlay bekor qilib yuborishadi.

Hukumat qarorini o‘z muddatida bajarishni eplay olishmadimi, unda hadeb qarorlarni o‘yinchoq qilavermasdan va Bosh vazir imijini soya ostiga qo‘ymasdan (qarorni Bosh vazir imzolaydi-ku har holda), tinchgina aybni tan olib, uzr so‘rab, kelgan joyidan davom ettirsa bo‘lmaydimi?

1 iyuldan mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi belgilandimi, tamom, bu qoida o‘zgarmasin. Siz ulgura olmagan bo‘lsangiz, unda toki qaror ijrosini ta’minlaguningizgacha haydovchilar hujjatini tekshirishga huquqingiz bo‘lmasligi kerak.

Nahotki shu qarorni xalq oldida hech bir xijolat bo‘lmasdan tasdiqlashsa? Nahotki...

Videolarni GAIni ruxsati bilan joylaysiz

Bundan tashqari IIV o‘z loyihasida yanada ajoyib o‘zgarishlarni taklif etilmoqda.

Jumladan, haydovchilar o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan o‘zaro munosabati qayd qilingan ma’lumotlarni Internet jahon axborot tarmog‘iga ruxsatsiz joylashtirmasligi haqida talabni qo‘shishmoqda. Buning uchun o‘sha YPX xodimidan ruxsat olish kerak emish.

Bu nima uchun qilinyapti, YPX xodimlarining xatolari, qonunga xilof harakatlarini birovlar ko‘rmasligi uchunmi? YPX xodimi davlat idorasining vakili hisoblanadi va jamoatchilik nazorati nuqtai nazaridan uning harakatlari ommaviy e’lon qilinishi mumkin. Bu fuqarolarning axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy huquqi bilan chambarchas bog‘liq.

Xo‘p, o‘sha videoni Internetga o‘zimas, o‘rtog‘i joylashtirdi, unda nima bo‘ladi? Xo‘p, o‘sha videoni o‘zi joylashtirdi, undachi, unda nima bo‘ladi? Jarima solinadimi? Qaysi modda bilan? Bu savollarning birortasiga javob yo‘q.

Xullas, Ichki ishlar vazirligining bir-biridan ajoyib takliflari aks etgan loyiha 29 iyungacha muhokama qilinadi. Siz ham muhokamada qatnashing va fikrlaringizni qoldiring.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring