Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan mulozimni muhim lavozimga tayinladi

Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan mulozimni muhim lavozimga tayinladi

Zelenskiy bungacha Umerovga mudofaa vazirligini ishonib topshirgandi.

Foto: Ukraina prezidenti devoni

3-avgust kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rustem Umerovni mamlakat Tashqi razvedka xizmati rahbari etib tayinladi. Bunga qadar u Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi vazifasida faoliyat yuritib kelgandi.

Umerov yangi lavozimda Drone Deals tashabbusi bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishi kutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Drone Deals bu — Ukrainaning birgalikda dron ishlab chiqarish, jangovar tajriba almashish, mudofaa tizimiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish kabi yo‘nalishlardagi xalqaro hamkorlik formatidir.

«Hozirda Ukraina harbiy sohada, xususan, Drone Deals formati doirasida asosiy sheriklari bilan hamkorlikning yangi bosqichiga  chiqdi. Drone Deals formati tufayli Ukraina uzoq muddatli moliyalashtirish, mudofaa ishlab chiqarishi uchun barqaror moliyaviy dastakni qo‘lga kirityapti. Sheriklar esa zamonaviy mudofaaga ega bo‘lmoqda. Hozirga qadar 9 mamlakat bilan Drone Deals kelishuvlari tuzilgan va yana 15 ta shartnoma ustida ish olib borilmoqda», —  deb ta’kidlagan Zelenskiy.

Rustem Umerov Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi sifatida Ukraina, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda faol ishtirok etgan. Jumladan, joriy yil iyul oyida AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner bilan ikki kun davomida muzokara o‘tkazgandi.

Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi vazifasiga Igor Klimenko tayinlangan. Zelenskiyning fikricha, avvalroq ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Klimenko xavfsizlik jabhasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega.

Ukraina rahbari so‘nggi haftalarda mudofaa va xavfsizlik tizimida bir qator kadrlar almashuvlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, iyul oyi oxirlarida Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy lavozimidan ozod etildi va uning o‘rnini general-mayor Mixaylo Drapatiy egalladi.

Hukumatdagi kadrlar almashinuvi doirasida mudofaa vaziri Mixail Fyodorov ham lavozimidan chetlashtirildi.

Avval xabar berganimizdek, Kiyevda minglab odamlar ishdan olingan Fyodorovning lavozimiga qaytarilishini talab qilib namoyish o‘tkazdi.

Ko‘plab ukrainaliklar uni armiyani modernizatsiya qilish hamda Rossiyaning ichki nuqtalariga dronlar orqali berilgan muvaffaqiyatli zarbalarning timsoli deb biladi. Fyodorovning o‘zi ham mudofaa vaziri lavozimiga qaytish istagini izhor qilgan.

Euronews xabar berishicha, norozilik namoyishlari va mudofaa yo‘nalishidagi inqirozga qaramay, Zelenskiy hozircha Mixail Fyodorovni vazirlikka qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Tashqi razvedka xizmatining yangi rahbari Rustem Umerov 1982-yilning 19-aprelida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida qrim tatar oilasida tug‘ilgan. Otasi Enver Umerov muhandis-texnolog, onasi Maryam Umerova muhandis-kimyogar bo‘lgan.

1944-yil 18-may tunida sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 250 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan edi.

Insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri sanalgan surgun payti Rustem Umerovning yaqinlari ham O‘zbekistondan qo‘nim topgan.

Ushbu oila oradan 50 yil o‘tib, 1980-yillar oxiridagina vatani Qrimga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Rustem Umerov Ukraina Milliy boshqaruv akademiyasini moliya va kredit yo‘nalishida tamomlagan.

Tadbirkorlik va ishlab chiqarish faoliyati bilan birga jamoat ishlarida ham faol qatnashgan, xususan, qrim tatarlari manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlarda ishlagan.

2019–2022-yillarda Ukraina parlamenti deputati bo‘lgan R.Umerov endilikda mamlakatning mudofaa, xavfsizlik va razvedka tizimlarida faoliyat yuritmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring