Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh delegatsiyasining Toshkentga safari Moskvaga xush kelmadi...

AQSh delegatsiyasining Toshkentga safari Moskvaga xush kelmadi...

Foto: Davlat dumasi

Rossiya Davlat dumasining MDH masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Konstantin Zatulin AQSh davlat departamenti delegatsiyasining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonga safari yuzasidan xavotir bildirdi.

Deputatga ko‘ra, AQSh postsovet makonida Rossiya ta’sirini susaytirishga urinmoqda. Shu bois rasmiy Moskva AQSh delegatsiyasini Markaziy Osiyo bo‘ylab safarini jiddiy kuzatmog‘i lozim.

«Ayni paytda AQShda hamma davrdan ham kuchliroq tarzda bizga qarshi kurashmoqda. Aslida, Moskva va  Vashington o‘rtasida yaqin xorij uchun raqobat hamisha mavjud bo‘lib kelgan. Endilikda oldinga o‘tish uchun harakat qilish kerak», – deydi Duma vakili.

Markaziy Osiyo davlatlarining suveren maqomga ega ekanini yoddan ko‘targan deputat mintaqa mamlakatlari bu borada betaraf turishi mumkin emasligini uqtirgan.

K.Zatulinga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyo bo‘yicha barcha majburiyatlarini bajarib kelmoqda. Shunga ko‘ra mintaqa davlatlari «Rossiyaning raqiblari» bilan aloqalarda ehtiyot bo‘lishi, Rossiyaga zarar yetkazmasligi kerak va bu borada kelishuv bo‘lishi lozim.

Avval xabar berganimizdek, 24 may kuni AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan uchrashdi. Muzokaralarda rasmiy Vashington O‘zbekistonga iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal etishda ko‘mak taklif qildi.

Rossiya mulozimlarining Markaziy Osiyo–AQSh hamkorligiga e’tiroz bildirishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. 2020 yilda Qo‘shma Shtatlar tomonidan mintaqa bo‘yicha yangi strategiya e’lon qilingani ham Moskva tomonidan og‘riqli qabul qilingan edi.

Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlariga faqat Rossiya yoki Xitoyga suyanib qolmay, ko‘p vektorli siyosat yuritish, AQSh hamda Yevropa Ittifoqi kabi kuch markazlari bilan ham yaqin hamkorlikda bo‘lish tavsiya etilmoqda. Demokratiya markazi sanalgan mutaraqqiy davlatlarning mintaqada faollashuvi esa Moskva va Pekinga xush kelmayapti. Rossiya va Xitoy rasmiylari o‘z noroziligini goho ochiq tarzda, gohida esa ishoralar orqali bildirib kelmoqda.

2020 yil fevral oyida Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi ham AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoning Toshkentda bildirgan mulohazalariga g‘azabnok bayonot bilan javob qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring