Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi» — Abdulaziz Komilov

«Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi» — Abdulaziz Komilov

Markaziy Osiyo mamlakatlari birinchi marta  mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga doir yagona qarashni – «Markaziy Osiyo – 2040» konsepsiyasini kelishib oldilar.

Bu hujjat davlatlarning mintaqaviy hamkorlik jarayoniga ortga qaytmas va izchil tus berishga sodiq ekanini tasdiqladi. U o‘zaro hamkorlikning barcha asosiy sohalarini qamrab oldi, istiqbolga mo‘ljallangan aniq amaliy rejalarni, ularni amalga oshirish shakllari va mexanizmlarini belgilab berdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning «Yangi O‘zbekiston» gazetasida chiqqan maqolasida so‘z boradi.

«Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi. Biz chegara hududlaridagi mojarolar va minalangan dalalarga, transportblokadalariga, savdo sohasidabaland to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh edik», — deya eslaydi Abdulaziz Komilov — «Suv resurslaridan, yaylovlar va suv xo‘jaligi ob’yektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha tinimsiz tortishuvlarning ochiq qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor edi».

Siyosatchi mintaqadagi ba’zi kuchlar ishonchsizlik ruhini avj oldirish va umumiy tarixiy merosimizdan o‘z manfaatlari uchun foydalanish orqali muxoliflik va raqobatni keltirib chiqargani, tarqoqligimiz bizni zaiflashtirgani, birlashish istiqbollaridan mahrum etgani haqida yozadi.

«Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon tinch-totuv yashab kelgan, bir dinga e’tiqod qilgan, umumiy urf-odat va an’analarga ega bo‘lgan, minglab ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-sivilizatsiyaviy qadriyatlariga mutlaqo zid edi.

Qolaversa, global ishonch inqirozining chuqurlashuvi va qurolli mojarolarning keskinlashuvi mintaqaning barqarorligi va izchil rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va xalqlari kabi O‘zbekistonning ham farovonligi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarga, mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligiga bog‘liq, degan tushuncha tobora mustahkamlandi», — qayd etadi sobiq Tashqi ishlar vaziri.

Abdulaziz Komilovning e’tiroficha, tub o‘zgarishlarga, to‘planib qolgan muammolarni hal etishga, qo‘shnilar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda eskirgan yondashuvlardan batamom voz kechishga bo‘lgan ijtimoiy talabni chuqur his qilgan yetakchi – O‘zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi.

O‘zbekiston rahbari 2016 yilda Parlamentga yo‘llagan birinchi murojaatnomasida ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashni birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. «Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz», deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Davlatimiz rahbari saylovdan keyin ko‘p vaqt o‘tmay Ashxobod va Ostona shaharlariga ilk rasmiy tashriflarini amalga oshirib, Markaziy Osiyo – ustuvor, degan tamoyilni yana bir bor tasdiqlagani bejiz emas», deb yozadi maqola muallifi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring