Davlat xavfsizlik xizmatining majburiyatlari nimalardan iborat?
Xabar berganimizdek, kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonuniga imzo chekdi. Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tartibga solish maqsadida qabul qilingan qonun 9 bob, 48 moddadan iborat. Qonunning to‘liq matni «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.
Qonunning 4-bob 24-moddasida Davlat xavfsizlik xizmatining majburiyatlari aks ettirilgan
Davlat xavfsizlik xizmati davlat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda:
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va boshqa davlat manfaatlarini tashqi hamda ichki tahdidlardan himoyalash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishi;
Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy prinsiplariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlashi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat xavfsizligiga tahdidlar haqida xabardor qilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining qo‘riqlanishi va himoya qilinishini ta’minlashi;
davlat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi;
davlat xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat organlarining va tashkilotlarning axborot-tahlil bo‘linmalari bilan hamkorlikni va ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshirishi;
davlat organlarida va tashkilotlarda maxfiylik rejimini ta’minlash ustidan nazoratni tashkil etishi;
davlat xavfsizligini ta’minlash muammolari yuzasidan ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyatni amalga oshirishi;
jinoyatlar va huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlar hamda ma’lumotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishi, ular yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z vaqtida choralar ko‘rishi;
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga hamda boshqa ob’yektlariga mulkdorlarning va ular vakillarining roziligisiz yoki ular yo‘qligida kirilganligiga doir barcha hollar to‘g‘risida prokurorni yigirma to‘rt soat ichida yozma shaklda xabardor qilishi;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon yaratgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi;
o‘z xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Davlat xavfsizlik xizmatining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter