Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on O‘zbekistonga kelmoqda. Bu – Turkiya prezidentining yurtimizga joriy yildagi uchinchi tashrifi

Erdo‘g‘on O‘zbekistonga kelmoqda. Bu – Turkiya prezidentining yurtimizga joriy yildagi uchinchi tashrifi

Prezident Erdo‘g‘on TDT sammitida qatnashishi kutilmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda Turkiya elchisi Olgan Bekar Toshkentda 29-oktyabr – Respublika kunining 99 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda ma’lum qildi.

«O‘zbekiston – umumiy tamaddunimiz beshigi, tilimimiz va madaniyat ildizlari tutashgan zamindir. Turk va o‘zbek xalqlarini tarix mobaynida birodarlik va mehr-oqibat rishtalari bog‘lab kelgan. Ikki xalq barcha davrlarda ham bir-birini imkon qadar qo‘llab-quvvatlab kelgan», – dedi O.Bekar.

Diplomat ikki mamlakat aloqalari energetikadan qishloq xo‘jaligiga qadar, sanoatdan madaniyatga qadar, yoshlar masalalaridan atrof-muhitni muhofaza etishga qadar – barcha sohalarda rivojlanayotganini qayd etar ekan, o‘zaro hamkorlik biror bir davrda hozirgidek yuksak darajaga chiqmaganini ta’kidladi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston nomidan bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi.

Elchiga ko‘ra, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning yaqin kunlarda O‘zbekistonga joriy yil hisobidan uchinchi bor tashrif buyurayotgani ham robitalar nechog‘li yuksalganiga bir dalildir.

Qayd etish joizki, yana sanoqli kunlardan keyin, 11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Turkiya yetakchisi ham yurtimizga sammit doirasida tashrif buyurmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘on dastlab joriy yil 29 mart kuni oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishida qatnashish uchun Toshkentga kelgan edi.

Qolaversa, Turkiya rahbari 16 sentyabr kuni ShHTning Samarqand sammitida ham qatnashgan. Oliy mashvarat doirasida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on muzokara o‘tkazgan.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbari yil davomida muhim masalalar yuzasidan ko‘p marotaba telefon orqali muloqot qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring