Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev «ShHT plyus» formatida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Mirziyoyev «ShHT plyus» formatida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «ShHT plyus» formati majlisida so‘zga chiqib, global va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari BMT adolatli dunyo tartibotini shakllantirishda markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa umumiy tamoyil va qarorlarni mahalliy sharoitlardan kelib chiqib amalga oshirishga ko‘maklashishi lozimligini ta’kidladi.

Prezidentga ko‘ra, «ShHT plyus» formati oddiy kengaytirilgan majlis doirasidan chiqib, davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtiradigan muloqot maydoniga aylanishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev «ShHT plyus» formatini mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni taklif qildi.

Uning fikricha, barqaror o‘sish, yuqori texnologiyalar, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish zarur.

Shuningdek, tajriba almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va BMT doirasida umumiy yechimlarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Prezident «ShHT plyus» platformasi negizida mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmog‘ini tashkil etish tashabbusini ham bildirdi.

Uning asosiy vazifasi kotibiyatlar va ixtisoslashgan organlar o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda makromintaqada qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan kengroq foydalanish taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev turli mintaqalarda qo‘llanilayotgan samarali yechimlarni keng tarqatish maqsadida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirishni taklif qildi.

Ushbu baza tabiatdan foydalanish, «yashil» energetika, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ilg‘or ishlanmalarni qamrab olishi mumkin.

Prezident makromintaqada iqtisodiy kooperatsiyani kuchaytirish masalasiga ham to‘xtaldi.

U biznes bozorlarga kirish tartib-taomillarining soddalashishi, transchegaraviy yo‘laklarning ishga tushirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘rinishida amaliy natijalarni his qilishi kerakligini ta’kidladi.

Shu maqsadda «ShHT plyus» forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma maqomini berish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev «ShHT plyus» madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini ta’sis etish tashabbusini ham ilgari surdi.

O‘zbekiston ushbu forumni BMTning manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda Xiva shahrida o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Prezident Xivani ilm-fan va ma’rifatning qadimiy markazi sifatida qayd etdi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev «ShHT plyus» formati mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi mushtaraklik nuqtalarini ko‘paytirish, o‘zaro ishonch va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring