Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekiston mash’um falokatdan so‘ng Turkiyani yolg‘izlatib qo‘ymadi» – Olgan Bekar

«O‘zbekiston mash’um falokatdan so‘ng Turkiyani yolg‘izlatib qo‘ymadi» – Olgan Bekar

Foto: Xabar.uz

Hozirga qadar O‘zbekistondan Turkiyaga dahshatli zilzilada jabr ko‘rganlarga ko‘mak sifatida 674 tonna gumanitar yuk yetkazib berildi.  «Ziraat bank» va Turkiya elchixonasi tomonidan ochilgan bank hisoblari orqali esa 644 ming dollar miqdorida mablag‘ yuborildi. Bu haqda Turkiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bugun, 14 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar berdi.

Diplomat  «asr falokati» deb atalayotgan zilzila ro‘y bergan ilk kunlardanoq butun dunyodagi do‘stlar qatorida O‘zbekiston Turkiya bilan yelkama-yelka turganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

«Xalqaro hamjamiyat namoyish etgan favqulodda birdamlik va qo‘llov mushkul kunimizda bizga taskin bo‘ldi. Xalqaro miqyosda ko‘rsatilgan yordamlarda eng oldingi safdagi mamlakatlardan biri azaliy va abadiy qardoshimiz O‘zbekiston bo‘ldi.  O‘zbekiston davlati va xalqi tarixda bo‘lgani singari, bu mash’um falokatdan so‘ng ham doimgi olijanobligini namoyish etib, o‘lkamizni yolg‘izlatib qo‘ymadi», – dedi Olgan Bekar.   

Diplomat dastlab prezident Shavkat Mirziyoyev, so‘ng Vazirlar Mahkamasi va davlat tashkilotlarining yuqori martabali rahbarlari elchixonaga tashrif buyurib ta’ziya bildirganini «xotiradan hech qachon o‘chmaydigan birdamlik timsoli» deb atadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hukumati tomonidan 6 fevraldan 13 fevralgacha Adana viloyatiga qidiruv-qutqaruv, tibbiyot jamoalari hamda gumanitar yordamni tashuvchi 6 ta kargo reysi tashkil etildi.

100 kishidan iborat o‘zbekistonlik qidiruv-qutqaruvchilar jamoasi Hatay viloyatida 18 kishini qutqardi.

71 kishilik tibbiyot xodimlari Hatayda dala gospitali tashkil etib, yaradorlarni davoladi. 6 mart kuni O‘zbekistonga qaytgan jamoa 3860 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatdi. Shu bilan birga o‘zbekistonliklar zilzila hududlariga borib, ehtiyojmandlarga palov tarqatdi.

Tabiiy ofat ro‘y bergan dastlabki kunlardanoq Turkiya elchixonasi muvofiqlashtiruvida Toshkentda yordam yig‘ish markazlari tashkil qilindi. Turkiya elchisi bu jarayonda ko‘magini ayamagan Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Transport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent shahri hokimiyati, Bojxona qo‘mitasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» mutasaddilariga minnatdorlik izhor etdi. Ayni choqda, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, UTID, DEİK, MÜSİAD, Toshkent turk maktabi, «Ziraat bank» va ko‘ngillilar xizmatini e’tirof etdi.

Avval xabar berganimizdek, elchi O.Bekar jurnalistlar bilan 9 fevral kungi uchrashuvda ham Turkiya tabiiy ofat kunlarida qardosh O‘zbekiston ko‘rsatgan ko‘makni unutmasligini ta’kidlagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring