Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi

O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi

Foto: Ziroat Mirziyoyeva

​Albaniya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begayning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

​Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari O‘zbekiston va Albaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

​Madaniy dastur davomida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, qadimiy so‘zana kashtachiligi texnikasi hamda an’anaviy kulolchilik buyumlari bilan tanishdi.

​Dasturning yorqin lahzalaridan biri an’anaviy o‘zbek liboslari namoyishi, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan «Kelin salom» marosimi taqdimoti bo‘ldi. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga samimiy qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, go‘zalligi va betakrorligini alohida ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring