Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etiladi

O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etiladi

Foto:«Xabar.uz»

 O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorni imzoladi. Qaror matni «O‘zA» da keltirilgan. 

Qarorga muvofiq, O‘zbekistonda ShHTning xalq diplomatiyasi markazi tuziladi.  Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi muassisligida nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishidagi muassasa shaklida tashkil etiladi.

Qaror matnida  Markazning vazifa va yo‘nalishlari quyidagicha belgilab berilgan:
 
«1. ShHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashish;

ShHT mamlakatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirishda ishtirok etish;

ShHT mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

ShHT mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda ShHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy prinsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, ShHT mamlakatlarining madaniy-gumanitar sohada erishgan yutuqlari to‘g‘risida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish;

ShHT mamlakatlari va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhini mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish.

2. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

davlat subsidiyalari, ijtimoiy buyurtmalar va ijtimoiy sheriklik doirasida ajratiladigan grantlar;

texnikaviy ko‘maklashish vositalari, xalqaro va xorijiy hukumat, nohukumat tashkilotlari, tijorat banklari hamda boshqa tashkilotlarning Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ajratadigan grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Markazga:

o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur statistik va tahliliy axborotni talab qilish va bepul olish;

ilmiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun davlat mulki bo‘lmish majlislar zali va konsert zallaridan (ana shu zallar o‘z tasarrufida bo‘lgan sub’yektlar bilan kelishilgan jadval bo‘yicha) bepul foydalanish huquqi berilsin.

4. Qo‘mita:

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Markaz faoliyatini moddiy-texnik va axborot jihatdan ta’minlash, shuningdek, Markaz tadbirlarida ishtirok etish uchun xorijiy ekspertlarni taklif qilish maqsadida texnikaviy ko‘maklashish vositalarini va grantlarni jalb etish masalalarini ShHT hamda boshqa xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan puxta ishlab chiqishda Markazga yordam ko‘rsatsin;

Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda ShHT mamalakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar, sport hamda boshqa aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda madaniyat, sport, turizm va OAV sohasidagi tadbirlarni tashkil qilishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy teleradiokompaniya Markazga yordam bersin.

5. Markazga ikki oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.

6. Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Milliy teleradiokompaniya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari majlislar zali va boshqa mulkdan vaqtincha foydalanish uchun ularni bepul taqdim etish orqali madaniy, sport tadbirlari hamda boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda Markazga yordam bersinlar.

7. Markaz Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 45-uyda ijara haqi “nol stavka” bo‘yicha joylashtirilsin.

8. Moliya vazirligi:

2018 yilda Qo‘mitaga Markaz joylashadigan bino qismini mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlari doirasida;

Markazga xodimlar mehnatiga haq to‘lash uchun Tashqi ishlar vazirligi xodimlari uchun belgilangan normativlarga muvofiq zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

9. Toshkent shahar hokimligi ikki hafta muddatda Markazning zarur zamonaviy kompyuterlar, tashkiliy texnika, mebel va anjomlar bilan jihozlanishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikaasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazning telefon aloqasi va internet tarmog‘iga ulanishini o‘rnatilgan tartibda ta’minlasin.

11. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan birgalikda Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona fondiga hamda chet ellardagi litsenziyalangan yetakchi axborot-kutubxona resurslarining fondlariga doimiy elektron bog‘lanishini ta’minlasin.

12. «O‘zavtosanoat» AJga «Lasetti» rusumli 1 dona yangi avtotransport vositasini Markazga xayriya ionasi sifatida topshirish tavsiya qilinsin.

13. Adliya vazirligi bir hafta muddatda Markaz qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatiga olinishini ta’minlasin.

14. Tashqi ishlar vazirligi Markazning buyurtmanomalariga binoan, Markaz tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmagan holda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

15. Ichki ishlar vazirligi Markaz buyurtmanomalariga binoan, Markazda ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga vizalar muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha yashaydigan joyda vaqtinchalik ro‘yxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Markaz faoliyatining maqsad va vazifalarini aholi o‘rtasida, shu jumladan, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, jumladan, internet tarmog‘ida keng yoritilishini ta’minlasin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring