Prezident: «Moliyaning avvalgi rahbarlarini haydadim, lekin pastdagi «kalamush»lari hali ham o‘tiribdi»
Bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev bir qator masalalarni tanqidiy tahlil qildi. Xususan, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga ham bir necha muhim vazifalar topshirildi.
Prezident moliya tizimi haqida gapirar ekan, eskicha fikrlaydigan odamlar hamon tizimda mavjud ekani va tezroq ulardan xalos bo‘lish lozimligini ta’kidladi.
Qo‘chqorov shu yerdami? Agar o‘zgarish qilmasa — sizlarning oldingizda aytyapman — bir oyda buni ham ishdan olaman. Menga bunaqa moliya kerak emas. Moliyadagi Ostrogorskiy degan noinsofni haydaganman — hozirgilardan ham uning hidi kelib turibdi.
Menga Vatanni sevgan, o‘zbek millatining, o‘zbek davlatining, O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan moliyaning boshlig‘i kerak!
— O‘rtoq Qo‘chqorov — yangi vazir, biroq pastda eski «kalamush»dan qolganlar o‘tiribdi. Ularni yo‘q qilmaguncha men bu odam bilan ishlamayman. Kecha aytdim: Senga 10 kun muhlat, hammasini haydaysan, birortasi qolmasligi kerak! Menga tajriba kerak emas, qaysi millatdan bo‘lishidan qat’iy nazar millatni sevadigan, shu mamlakatni sevadigan odam kerak menga, — dedi O‘zbekiston rahbari.
Men moliyaning avvalgi, 15-20 yil unga rahbarlik qilgan, uning «m» harfini ham tushunmagan balandparvoz odamlarini ishdan haydab yubordim. Faqat rahbarlarini haydadim, lekin qo‘pol bo‘lsa-da aytaman — pastdagi «kalamush»lari hali ham o‘tiribdi.
Eslatib o‘tamiz, mustaqil O‘zbekiston tarixida Prezident ilk marta televideniye orqali xalqqa murojaat qildi. Mazkur jarayon «O‘zbekiston-24» telekanali va Prezidentning «Feysbuk»dagi rasmiy sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter