Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Quddusning Tramp tomonidan tan olinishi nega muammo tug‘diradi?

Quddusning Tramp tomonidan tan olinishi nega muammo tug‘diradi?

Quddus

Foto: Endryu Shiva / «Wikipedia»

Donald Tramp tomonidan Quddus shahrining Isroil poytaxti sifatida tan olinishi Isroil-Falastin mojarosida yangi sahifa ochib bermoqda. Fransiyaning mashhur «Le Monde» nashri saytida shu haqda tahliliy maqola e’lon qilindi.

AQSh prezidenti shu yilning 6 dekabr kuni Quddus shahrini bundan buyon Isroil poytaxti sifatida tan olishini e’lon qildi. Xo‘sh, uning bu qarori qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? 

Nega Quddus uzoq vaqtdan buyon bahsli hudud bo‘lib qolmoqda?

Dunyodagi uch yirik din vakillari — musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar uchun muqaddas sanalgan Quddus shahri borasidagi mojaroning yaqin tarixi Usmoniylar imperiyasi qudratiga darz ketgan Birinchi jahon urushi oxiriga borib taqaladi. Poytaxti Quddus shahri bo‘lgan Falastinni o‘z mandati ostiga olgan Buyuk Britaniya 1917-yildan boshlab Falastin hududida «yahudiy xalqi uchun boshpana» yaratish shartini ham qabul qiladi.

1947-yilda BMT mamlakatni ikki — yahudiy va arab davlatiga bo‘lish uchun ovozga qo‘yadi. Bunda Quddus shahri muqaddas qadamjolarga tashrif buyurish erkinligini kafolati sifatida BMT nazoratida qolishi kerak edi. Shunga qaramay, 1949-yilda Britaniya mandati nihoyasiga yetganidan va birinchi arab-isroil urushidan so‘ng yosh Isroil davlati o‘z poytaxtini Tel-Avivdan G‘arbiy Quddusga ko‘chiradi. 

1967-yilgi urushdan buyon, ya’ni falastinliklar yashaydigan sharqiy hududlarni ham egallaganidan keyin Isroil Quddusni o‘z davlatining «bo‘linmas va abadiy» poytaxti sifatida ko‘rib keladi. 1980-yilda Isroil parlamenti — knesset shaharni «qayta birlashgan poytaxt» sifatida e’lon qiladi. Lekin dunyodagi biror bir davlat buni tan olgani yo‘q. BMT esa shaharning mavqeini ikki davlatning o‘zaro kelishuvi orqali hal etilishini istaydi. O‘z navbatida Falastinliklar ham bu hududda o‘z poytaxtlarini o‘rnatish istagini bildiradilar. 

Quddusning hozirgi holati qanday?

Bugungi kunda shahar ikki qismga bo‘linganicha qolmoqda. Isroilning boshqaruv institutlari (parlament, vazirliklar, markaziy bank…) joylashgan g‘arbiy qismida asosan yahudiylar istiqomat qiladi (shaharning 300 ming aholisidan 290 mingi yahudiy). Falastin muxtoriyatiga tegishli bo‘lgan sharqiy qismda esa 500 ming aholi istiqomat qiladi, shundan 60% arablar, 40% yahudiylar. Bu hudud muqaddas qadamjolar joylashgan shaharning eski shahar qismini o‘z ichiga oladi. Ammo, bir necha yillardan buyon Isroil Sharqiy Quddus hududiga yahudiylarni ko‘chirish maqsadida noqonuniy ravishda turarjoy binolari qurishni davom ettirmoqda.

Trampning qarori qanday oqibatlarga olib keladi? 

Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishi bilan Donald Tramp, falastinliklarning noroziligini xayoliga ham keltirmasdan, Isroilning bir paytlar qilgan so‘roviga roziligini bildirdi. Isroil tomoni rad etib keladigan shaharni bo‘lish haqida gapirishdan esa o‘zini tiydi.

Bundan tashqari, bu qaror AQSh elchixonasining Quddus shahriga ko‘chirilishiga ham olib keladi. Bugungi kunda barcha davlatlar elchixonalari singari AQSh elchixonasi ham Tel-Aviv shahrida joylashgan. Tel-Aviv Isroilning ikkinchi eng yirik shahri hisoblanadi.

Fransiyaning ham elchixonasi Tel- Avivda joylashgan. O‘z navbatida Falastin muxtoriyati bilan aloqalarni rivojlantirish maqsadida Sharqiy Quddusda ham Fransiya Konsulligi faoliyat yuritadi. 

Aslini olganda, Tramp 1995 yilda Kongres tomonidan qabul qilingan va o‘tmishdoshlari tomonidan har 6 oyda ortga surib kelinayotgan qaror ijrosini ta’minladi. Bu haqida u o‘z saylovoldi kampaniyasida ma’lum qilgan edi va so‘zida turishini aytib o‘tgan edi. 

Quddusning poytaxt sifatida tan olinishi tinchlik muzokaralari jarayoniga xavf soladimi?

AQSh 40 yildan buyon Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida asosiy vositachi rolini o‘ynab kelgan. U Isroilning yaqin ittifoqchisi, 1967 va 1973 yillardagi arab-isroil urushida Isroilni qo‘llab-quvvatlagan va bugungi kunda ham keng ko‘lamda yordam berib kelmoqda. Trampdan oldingi prezidentlar ikki taraf o‘rtasidagi muzokaralarning oson kechishini ta’minlash maqsadida betaraf, xolis vositachi sifatida qolishni ma’qul ko‘rishgan.

Ularning muvaffaqiyatlaridan o‘zib ketishiga ishongan Tramp, bu muammoni hal qila olishini ko‘rsatib qo‘ydi. U kuyovi Jared Kushnerga AQSh ittifoqchilari bo‘lgan arab davlatlari — Saudiya Arabistoni, BAA va Misr bilan muzokaralar olib borishni topshirdi. Lekin arab davlatlari yetakchilari AQShning bu qarorini faqatgina qoralay olishdi, xolos. Falastinliklar esa, o‘z navbatida, aytarli hech qanday foyda bermagan tinchlik muzokaralarini davom ettirish zarurligini shubha ostiga olmoqdalar.

AQSh prezidenti qaroriga qanday munosabatlar bildirildi

Trampning bu qarori AQShni dunyo siyosiy sahnasida yolg‘izlatib qo‘ydi. Faqatgina Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu buni «tarixiy kun» deb atadi. Qo‘shimchasiga bu qaror Isroil va arab monarxlari o‘rtasidagi ularning mintaqadagi umumiy dushmani bo‘lmish Eronga qarshi yaqinlashuvini ham murakkablashtiradi. 

Amerikaliklarning bu qaroriga noroziliklarini bildirgan bo‘lishlariga qaramay, arab davlatlari tarafidan biror bir amaliy harakat bo‘lgani yo‘q. Aholisi eng ko‘p bo‘lgan arab davlati Misr va ikki muqaddas shahar qo‘riqchisi Saudiya Arabistoni AQSh bilan iliq munosabatlarini saqlab qolishga muhtojlar. Misr prezidenti Sisi janoblari iqtisodiy jihatdan Vashingtonga qaram va inson huquqlari borasidagi qilmishlarining unutilishini juda istaydi. Saudiya Arabistoni esa Eron bilan kurashda Trampning madadida ishonadi.

Falastinliklar nima qila oladilar?

O‘rdun (Iordan) daryosining g‘arbiy sohilini boshqarib turgan Falastin muxtoriyatining harakat doirasi juda cheklangan. U AQShga orqa o‘girib tinchlik muzokaralaridan chiqib ketishi mumkin, ammo bu davlat Falastin byudjetining ham asosiy moliyalashtiruvchisi hisoblanadi. O‘z navbatida, Falastin prezidenti Mahmud Abbos ham diplomatik yoki huquqiy tomondan BMT yoki Xalqaro Sud qoshidagi yuqori organlarga murojaat qilishi mumkin. 

Shuningdek, Falastin shu yozda Isroil bilan amalga oshirilgan xavfsizlik kelishuvini ham bekor qilishi mumkin. Agar bunday qiladigan bo‘lsa, O‘rdun daryosi g‘arbiy sohilidagi nazoratning bir qismini qo‘ldan boy berishi xavfi bor. Chunki Falastin bu hududda G‘azo sektorida boshqaruvni ushlab turgan HAMAS tashkilotining ta’siri yoyilishini istamaydi va bunga doimiy to‘sqinlik qilib keladi. 

Mamlakatda barcha tashkilotlar umumiy norozilik namoyishlariga chaqirishdi. Tinchlik muzokaralariga hech qachon ishonmagan HAMAS «yangi Intifada (qo‘zg‘olon)»ga chaqirgan (Isroil agressiyasiga qarshi bunday qo‘zg‘olonlar 1987 va 2000-yillarda bo‘lib o‘tgan, tahririyat). 

Jahongir Ostonov tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring