Shavkat Mirziyoyev Donald Trampning taklifini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish bo‘yicha xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi ma’lum qildi.
Maktubda qayd etilishicha, ushbu tashabbus 2025 yil 29 sentyabrda e’lon qilingan va jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2025 yil 17 noyabrdagi 2803-sonli rezolyusiyasi bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.
Tashabbusning asosiy maqsadi uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni shakllantirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro tuzilma - Tinchlik kengashini tuzishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasiga Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etilgan.
Davlatimiz rahbari amerikalik hamkasbiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.
Prezidentimiz o‘z maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini ta’kidlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter