Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning oliy davlat mukofoti topshirildi
Pokiston Islom Respublikasi poytaxtidagi “Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning oliy davlat mukofoti — “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy ushbu yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga shaxsan topshirdi.
Marosimda “Nishoni Pokiston” ordeni O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarning yuksak e’tirofi, shuningdek, O‘zbekiston xalqiga nisbatan do‘stona munosabat va chuqur hurmat ifodasi ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganiga ishonch bildirildi.
Qayd etilishicha, “Nishoni Pokiston” ordeni turli yillarda Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, AQSh Prezidenti Richard Nikson, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Nelson Mandela, Tailand Qiroli Pxumipon Adulyadet, BAA Prezidenti Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Saudiya Arabistoni Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon kabi qator nufuzli davlat va siyosat arboblariga taqdim etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter