Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Teledebatlar — partiyalar tashabbuslarini xalqqa yetkazish minbari!

Teledebatlar — partiyalar tashabbuslarini xalqqa yetkazish minbari!

19 oktyabr kuni «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga berilgan, qiziqarli raundlardan iborat navbatdagi teledebat saylovga yangicha ruh berib, siyosiy partiyalarni aholi bilan bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda islohotlarni yanada jadallashtirish, birinchi navbatda, aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga doir aniq yechimlarga qaratilgan mazkur teledebat bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Unda partiyalar spikerlari saylovoldi dasturiga kiritilgan ustuvor masalalar bo‘yicha taqdimotlar bilan chiqishdi.

Mazkur debatda studiyaning jihozlanishi, katta ekranda partiyalar vakillari chiqishi vaqtida ularning g‘oyalari namoyish etib turilganligi, tomoshabinlar joylashuvining ajoyib ko‘rinish hosil qilganligini alohida ta’kidlash joiz. Shuningdek, bu debatda spikerlarning asosiy qismini ayollar tashkil etganligi va ular savol-javoblarda faollik ko‘rsatganligi alohida ahamiyat kasb etdi.

Teledebatda spikerlar, partiya tashabbuslarini jamiyatdagi masalalar bilan bog‘lagan holda, o‘z fikrlarini bildirishdi.

Xususan, O‘zLiDeP spikeri YaIM hajmini 2030 yilgacha 160 mlrd dollarga yetkazish, bog‘cha va maktabdagi pedagoglar maoshini 2 baravar ko‘paytirish, tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘larni 2 karra oshirish kabi iqtisodiy yo‘nalishdagi muhim tashabbuslarini e’lon qilgan bo‘lsa, MTDP spikeri U.Rahmonova eng muhim iste’mol tovarlarining bozor narxlari barqarorligini ta’minlash, «Davlat xizmatchisining halollik tekshiruvi» institutini joriy etish kabi partiya tashabbuslarini saylovchilarga yetkazdi.

Ekopartiya vakili tuman (shahar)lar bosh rejasi tasdiqlanmaguncha qurilish ishlarini to‘xtatib turish, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni QQSdan ozod etish tashabbuslariga to‘xtalgan bo‘lsa, XDP spikeri partiya «Ijtimoiy turar-joylar to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish, dori vositalarining reklamasini ta’qiqlash to‘g‘risidagi tashabbuslarga ustuvorlik berilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, «Adolat» SDP spikeri partiya “Raqamli parlament» tizimini takomillashtirish, “Kafolatlangan birinchi ish joyi» loyihasini amalga oshirish kabi muhim takliflarni ilgari surayotganligini ma’lum qildi.

E’tiborlisi, spikerlarning partiyalar saylovoldi dasturlarida ilgari surilgan tashabbus va takliflar yuzasidan o‘zaro savol-javoblari qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi.

Masalan, O‘zLiDePga ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘larni YaIMdagi ulushini 2030 yilgacha 10 baravar oshirishga davlat budjeti qay darajada tayyorligi, “Milliy tiklanish» demokratik partiyasiga sifatli ta’limni oshirish uchun 7-sinfdan bolalarni qobiliyatidan kelib chiqib ixtisoslashtirishning afzalligi, Ekopartiyaga avtomobillar qatnov qismidan velosiped va skuterlar uchun alohida yo‘laklar tashkil etishning sabab va oqibatlari, XDPga eng kam iste’mol xarajatlarini belgilashning ahamiyati hamda “Adolat» SDPga korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan partiyaning aniq takliflari bo‘yicha savollar bilan murojaat qilindi.

Siz o‘z kelajagingiz uchun qaysi partiya tashabbuslarini muhim deb o‘ylaysiz?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring