Davlat «Surxon» futbol klubini samarqandlik tadbirkorga sotdi
Hukumatning tegishli qarori bilan «Surxon» professional futbol klubi» MChJ ustav fondidagi davlat ulushi «FC Surhan» MChJga nominal (balans) qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilmoqda.
Mazkur hujjat bilan Surxondaryo viloyati hokimligiga «Surxon» futbol klubining mavjud kreditor qarzdorligini tezkor aniqlash va joriy yil 10-yanvarga qadar bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan.
Shuningdek, Davaktiv agentligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda professionlhal futbol klublari ustav fondidagi davlat ulushlarini salohiyatli xususiy investorlarga sotish bo‘yicha takliflarni davlat mulkini sotish bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazuvchi davlat komissiyasiga kiritib boradi.
Ochiq ma’lumotlar portaliga ko‘ra, «FC Surhan» MChJ ustav kapitalidagi mablag‘ (1 mlrd so‘m)larning mutlaq egasi Fozilov Baxtiyor Sultonovichdir.
Baxtiyor Shuhratovich Fozilov 1975-yilda Samarqandda tug‘ilgan o‘zbek biznesmeni. Eriell Group, Enter Engineering va Ferkensco kabi yirik kompaniyalarning asosiy aksiyadori. Ayni paytda Eriell Group boshqaruvi raisi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi prezidenti.
Orginfo sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Baxtiyor Fozilovga aloqador 15dan ortiq korxona va tashkilotlar mavjud. Ularning 3 tasi turli muddatlarda o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter