Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Magnus Karlsenni mag‘lub etgan Sindarov peshqadam bo‘lib oldi

Magnus Karlsenni mag‘lub etgan Sindarov peshqadam bo‘lib oldi

Germaniyaning Vayssenxaus shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 750 000 AQSh dollarini tashkil etuvchi nufuzli turnirning birinchi kungi bahslari ortda qoldi.

Dunyoning ko‘zga ko‘ringan grossmeysterlari qatnashayotgan musobaqada ikki shaxmatchimiz - Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov ham o‘z mahoratini namoyish qilyapti. 17 fevralga qadar davom etadigan turnir aylana tizimda o‘tkazilib, unda bir shaxmatchi qolgan hamma ishtirokchilar bilan rapid formatida o‘zaro bahs olib boradi.

Birinchi kun doirasida 5 ta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Nodirbek Abdusattorov 1-turdayoq amaldagi jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommaradju bilan murosaga keldi. Gukesh shu kunning o‘zida Javohir Sindarov bilan ham durang o‘ynadi.

Quvonarlisi, Javohir qolgan barcha 4 partiyada reytingda o‘zidan yuqorida borayotgan nomdor raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi. Ayniqsa, Magnus Karlsenni qora donalarda taslim etgani shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Yosh grossmeysterimiz germaniyalik Vinsent Keymer, amerikalik Levon Aronyan va sloveniyalik Vladimir Fedoseyevni ham mag‘lub etdi. Javohir ushbu turnirga saralash vazifasini o‘tab bergan musobaqaning finalida aynan Fedoseyevga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi. Bu bilan u o‘sha alamli mag‘lubiyat uchun ham revansh oldi. 

Nodirbek Abdusattorov esa Gukesh bilan durang o‘ynaganidan keyin amerikaliklar Hikaru Nakamura hamda Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib bordi va murosaga keldi. Germaniyalik Vinsent Keymerga yutqazib qo‘ydi. Beshinchi turda esa Vladimir Fedoseyevni mag‘lubiyatga uchratdi.

Birinchi kungi bahslardan so‘ng Fabiano Karuana va Javohir Sindarov 4,5 ochkodan jamg‘arib, turnir jadvalida qo‘shhokimlik qilishyapti. Alireza Firuzdja 3,5 ochko bilan kuchli uchlikka yakun yasagan. Nodirbek Abdusattorov 2,5 ochko bilan 4-o‘rinni band etgan. Beshinchi pog‘onadagi Magnus Karlsen hisobida 2 ochko bor.

Bugun 6-turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Magnus Karlsenga qarshi bahs olib boradi. Oltinchi turda Sindarov oq donalarda amerikalik Hikaru Nakamuraga qarshi o‘ynaydi. Yettinchi turda esa o‘ziga xos o‘zbek derbisiga guvoh bo‘lamiz. Nodirbek oq donalarda Javohir bilan hisob-kitob qiladi.

Bugun 4 ta tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Kuchli sakkiztalikdan joy olgan shaxmatchilar pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Bu bosqichda har bir match ikki klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Agar ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra hisob teng bo‘lib qolsa, g‘olib tay-brekda aniqlanadi. Vaqt nazorati 90 daqiqa bo‘lib, keyin har bir yurishga 30 soniyadan qo‘shib boriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring