Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nurxon Nafasov O‘zbekiston karate federatsiyasi prezidenti etib saylandi

Nurxon Nafasov O‘zbekiston karate federatsiyasi prezidenti etib saylandi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Bugun, 16-may kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi saytida xabar berildi.

Konferensiyada federatsiya prezidenti lavozimiga 1996-2006-yillar mobaynida federatsiyani muvaffaqiyatli boshqarib, qator yutuqlarga erishgan mutaxassis, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, qora belbog‘ 6-DAN sohibi Nurxon Ziyatovich Nafasov nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab quvvatlashdi va Nurxon Nafasov 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi prezidenti etib saylandi.

Avvalo menga bildirilgan yuksak ishonch uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga cheksiz minnatdorchilik izhor etaman. Zimmamga nechog‘lik mas’uliyatli vazifa yuklanayotganligini juda yaxshi his qilib turibman. Ammo ishonchim komilki, birgalikda biz o‘z oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadimizga yetisha olamiz. Bu yerda o‘tirganlarning ko‘pchiligi bilan yaqindan tanishmiz, ayrimlari bilan karate rivoji yo‘lida yelkama-yelka xizmat qilganmiz.

Asosiy maqsad karatening ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilar tayyorlash tizimini isloh qilish va shu orqali xalqaro maydondagi natijalarni yaxshilashdan iboratdir. Yaxshi ma’lumki, 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari dasturidan tarixda birinchi marta karate sport turi ham o‘rin olgan. Shak-shubhasiz bu sportning ushbu turi uchun tarixiy voqea hisoblanadi va ishonamanki kunchiqar yurtda o‘zbek karatechilari, o‘zimizning qorako‘zlar ham Olimp shohsupasiga ko‘tarilishadi.

Buning uchun esa tayyorgarlikni bugundan boshlash lozim. Yaqin 2 yil ichida kerak bo‘lsa kuniga 24 soatdan mehnat qilishimiz, yagona maqsad yo‘lida birlashishimiz, mamlakatimizda sportning yakkakurash turlari orasida karatening nufuzini oshirishga intilishimiz kerak. Yuqorida sanab o‘tilgan maqsadlarga erishish yo‘lida men barchani eshitishga, fikr almashishga tayyorman. Bu borada har biringizning taklifingiz men uchun g‘oyatda muhim. Fursatdan foydalanib, o‘zbek sportida ulkan islohotlarni amalga oshirayotgan, biz – sport ahliga barcha kerakli sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyovga, qolaversa O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga tashakkur izhor qilaman.

Nurxon Nafasov

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring