Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otabek Umarov OOK vitse-prezidenti etib saylandi

Otabek Umarov OOK vitse-prezidenti etib saylandi

Foto: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi

O‘monning Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshlamoqda. Bugun Assambleyadan bir kun avval an’anaga ko‘ra 74-Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qo‘mitasiga a’zolar saylandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

OOK Konstitutsiyasida (qoidalarni qo‘llash, 71 va 76-moddalariga asosan) 5 yirik kompleks musobaqalarga mezbon mamlakat OOK vitse-prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

O‘zbekiston 2025-yil IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga birinchi marta o‘z vakilini sayyoramizning eng yirik qit’asida olimpiya harakatiga mas’ul bo‘lgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega bo‘ldi.

Mazkur nufuzli anjumanning biz uchun e’tiborli jihati, OOK vitse-prezidentligiga nomzodlar qatorida hamyurtimiz, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov ham bor edi.

10-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari onlayn yig‘ilishida Otabek Umarovni mamlakatimiz nomidan OOK vitse-prezidentligiga nomzod sifatida tavsiya etishga qaror qilingani haqida xabar bergandik.

Bugun bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi va Otabek Muhammadilevich tashkilot vitse-prezidenti etib rasman saylandi.

«Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qit’ada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qo‘shish men uchun sharaf. Toshkentda o‘tadigan 2025-yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish — Yangi O‘zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g‘ayratimizni ishga solamiz», — dedi Otabek Umarov.

Ertaga, 16-dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Ahamiyatlisi, Assambleya doirasida OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025-yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.

OOK Bosh Assambleyasi yig‘ilishida O‘zbekiston nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, qo‘mita Bosh kotibi, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo o‘yinlari direktori O.Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosarlari S.Polatov, A.Kamilov, shuningdek, MOQ raisi maslahatchilari I.Shodiyev va Sh.Asatullayevlar ishtirok etishmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring