Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»: Safina Sadullayeva «Brilliant liga»da g‘alaba qozongan ilk o‘zbekistonlik atletga aylandi, Sharifa Davronova esa yoshlar o‘rtasida (U20) jahon chempionligini qo‘lga kiritdi

«O‘zbekneftgaz»: Safina Sadullayeva «Brilliant liga»da g‘alaba qozongan ilk o‘zbekistonlik atletga aylandi, Sharifa Davronova esa yoshlar o‘rtasida (U20) jahon chempionligini qo‘lga kiritdi

Xabaringiz bor, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev 2022 yilning 8 fevral kunidan boshlab O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi sifatida ham ish boshlagan edi.

O‘tgan qisqa davrda, Mehriddin Abdullayev sport murabbiylari va sportchilar bilan bir necha bora uchrashib, seleksiya ishlariga jiddiy e’tibor qaratdi. Iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlar bilan tanishib atletlarning xorijda mashg‘ulot o‘tashlari, o‘zaro tajriba almashishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratildi.

Shu jumladan, ham ma’nan ham moddiy jihatdan ularni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi va bu o‘z natijasini uzoq kuttirmadi. Avgust oyining ilk kunlaridanoq musoboqalarda ishtirokini boshlagan atletlarimiz ketma-ket g‘alaba qozonishdi.

2022 yilning 6 avgust kuni yengil atletika bo‘yicha Polshada «Brilliant liga» musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Yengil atletikaning balandlikka sakrash yo‘nalishi bo‘yicha jahonning eng kuchli sportchilaridan biri bo‘lgan hamyurtimiz Safina Sadullayeva «Brilliant liga» musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Alohida ta’kidlash kerakki, Safina jahon chempionatidan keyingi nufuzli o‘rinda turuvchi musobaqada g‘alaba qozongan birinchi o‘zbekistonlik atletga aylandi. U shunday tarzda o‘z nomini zarhal harflar bilan o‘zbek sporti tarixiga yozib qo‘ydi.

  1. Safina Sadullayeva (O‘zbekiston) – 1.92
  2. Yaroslava Maguchix (Ukraina) – 1.92
  3. Katerina Tabachnik (Ukraina) – 1.88.

Yana bir atletimiz Sharifa Davronova esa Jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘ldi. Kolumbiyaning Kali shahrida yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U20) jahon chempionatida 15 yoshli Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida (14,02 m) g‘alaba qozondi.

U eng yaqin ta’qibchisini 66 smga ortda qoldirdi. Shuningdek, atletning natijasi U20 tasnifida mavsumning eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda kuchli uchlikda O‘zbekistondan tashqari Fransiya va Avstraliya vakillari bor.

  • 1-o‘rin — Sharifa Davronova (O‘zbekiston) — 14,04 m
  • 2-o‘rin — Soxane Aukagos (Fransiya) — 13,38 m
  • 3-o‘rin — Tiana Boras (Avstraliya) — 13,30 m

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi Mehriddin Abdullayev terma jamoa a’zolariga tabrik yo‘llab, ularning bu g‘alabalari yoshlarga ajoyib namuna bo‘lganini ta’kidladi hamda o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.

«O‘zbekneftgaz» Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring