Toshkentda ochiq havodagi muz maydoni ochiladi

Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldida 7-yanvar kuni ochiq muz maydoni ishga tushiriladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu muz maydoni ochilishi doirasida Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish bo‘yicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin o‘zining «Qish» dasturi bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ochiq osmon ostidagi muz maydoni ochilishida o‘zbek estradasi yulduzlarining konserti tashkil etiladi.
Bundan tashqari, tashkilotchilar tomonidan fudkort zona xizmati yo‘lga qo‘yilib, unda poytaxtimizning tez ovqatlanish, qandolatchilik va qahva brendlari faoliyat yuritadi. Maydon oldida chang‘i va boshqa uchish aksessuarlari ijarasi punkti xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Shahar markazidagi muz maydoni bir oy muddatga o‘rnatiladi. Bu vaqt mobaynida ochiq osmon ostidagi muz maydonida qator madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari o‘tkaziladi.
Konsert zonasida Dance Music Fest Winter, Iosis Fest, Tashkent Rap Festival musiqiy festivallari, shuningdek, xokkey bo‘yicha o‘smirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter