Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Yoritgich nuridagi quyon”dan “Manchester Siti” himoyasi ustunigacha... BBC nashri Abduqodir Husanov haqida

“Yoritgich nuridagi quyon”dan “Manchester Siti” himoyasi ustunigacha... BBC nashri Abduqodir Husanov haqida

BBC nashri Abduqodir Husanov haqida maqola e’lon qildi. Unda yosh himoyachining “Manchester Siti” safidagi faoliyati, debyutidagi qiyinchiliklar, tezligi va aqlli o‘yin uslubi haqida hikoya qilinadi.

Premer-ligada to‘p surgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi

Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safidagi debyutini dahshatli tushdek boshdan kechirdi, to‘rtinchi daqiqadayoq qator xatolarga yo‘l qo‘ydi.

2025 yil yanvar oyida “Chelsi”ga qarshi o‘yinda 33 million funt sterlingga xarid qilingan himoyachining jiddiy xatosi raqibning birinchi goliga sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, u sariq kartochka ham oladi.

O‘sha noxush startdan keyin “Manchester Yunayted”ning sobiq himoyachisi Gari Nevill “yigit uchun yig‘lagim keldi”, deya fikr bildirdi. Keyinchalik “Siti”ning “Real Madrid”ga qarshi Chempionlar ligasidagi mag‘lubiyatidan so‘ng Angliya terma jamoasining sobiq darvozaboni Pol Robinson Husanovni “yoritgich nurida qotib qolgan quyonga o‘xshardi”, deb ta’rifladi.

Biroq joriy mavsumda “Siti” barcha to‘rt musobaqada chempionlik uchun kurashayotgan bir paytda markaziy himoyachi dastlabki muvaffaqiyatsizliklarni unutib, jamoa himoya chizig‘ining asosiy ustunlaridan biriga aylandi. Bosh murabbiy Pep Gvardiola uni “yuqori saviyadagi futbolchi” deb atadi.

21 yoshli himoyachi uch yil ichida Belarus ligasidan Angliya Premer-ligasigacha bo‘lgan hayratlanarli yo‘lni bosib o‘tdi.

U Angliya elita divizionida o‘ynagan ilk o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi va yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida mamlakat sharafini himoya qiladi.

Husanov “juda aqlli” futbolchi

Bu mavsumda u “Siti” safida barcha musobaqalarda 22 marta maydonga tushdi. “Manchester Yunayted” (birinchi davrada) va “Nyukasl” mag‘lub etilgan bahslarda, shuningdek, o‘tgan yakshanba kuni “Enfild”da amaldagi chempion “Liverpul” ustidan qozonilgan irodaviy g‘alabada qatnashdi.

Gvardiola o‘yindan keyin uning Muhammad Saloh va Ugo Ekitike kabi nomdor hujumchilarga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatganini ta’kidladi. Biroq ikkinchi bo‘limda Husanov “Siti” darvozaboni Janluiji Donnarumma bilan to‘qnashib ketganidan so‘ng almashtirildi.

Husanovning eng katta ustunligi uning tezligi. U joriy mavsumda soatiga 22 mil (taxminan 35 km/soat) tezlikka chiqqan — bu Premer-ligadagi himoyachilar orasida oltinchi ko‘rsatkich. “Vulverxempton” futbolchisi Jekson Chatchua 23,2 millik natija bilan yetakchilik qilmoqda.

Bu mavsumda Husanov 17 bor to‘pni olib qo‘yish va 18 bor to‘sib qolini amalga oshirdi. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha u “Siti” futbolchilari orasida ikkinchi o‘rinda. U Ruben Diash, Yoshko Gvardiol va Jon Stounz safdan chiqqan pallada jamoa himoyasida muhim vazifani bajardi.

Husanov Manchesterga kelganida ingliz tilini deyarli bilmasdi. Seshanba kuni til masalasi haqida so‘ralganda, Gvardiola shunday javob berdi: “U hali Uilyam Shekspirdek gapirmaydi, ammo kun sayin yaxshilanyapti. Nimani istashimizni tushunadi va har safar yaxshiroq o‘ynayapti. U juda aqlli.”

Tabiatan kamgap Husanov odatda o‘z so‘zini maydonda aytadi: ortiqcha bezaksiz, qat’iy va ishonchli uslubda.

Mavsum davomidagi o‘sishi shu darajada bo‘ldiki, u yanvar oyida “Siti”ning eng yaxshi futbolchisi sovriniga sazovor bo‘ldi.

Albatta, to‘p bilan muomala qilganda ayrim muxlislarda hali ham biroz xavotir uyg‘otadi, balki bunga debyutdagi o‘sha o‘yin xotirasi sababdir. U hali yosh va tajriba jihatidan pishib yetilishi kerak, ammo Gvardiola uning yorug‘ kelajagiga shubha qilmaydi.

“Odatda jismoniy kuchli futbolchi ko‘p o‘ylab o‘tirmaydi, deyishadi. Ammo u har ikkala sifatga ham ega. Shuning uchun to‘p bilan o‘ynashi ham yaxshilanib bormoqda. Bu meni uning yana o‘sishiga ishontiryapti.

Menimcha, u yanada rivojlanadi. Qayta takrorlayman ’Manchester Siti’ ko‘p yillar uchun ishonchli markaziy himoyachiga ega bo‘ldi”, deydi klub ustozi.

Zamonaviy futbol uchun bebaho tezlik

Futbol taktikasi bo‘yicha tahlilchilarning ta’kidlashicha, Husanovning eng ajralib turadigan jihati bu uning tezligi. Zamonaviy futbolda bu sifat beqiyos ahamiyatga ega.

“Siti” murabbiylar shtabida Pep Leynders kabi mutaxassislar yuqori bosim (pressing) va ofsayd tuzog‘iga asoslangan agressiv taktikani qo‘llamoqda. Bunday xavfli uslub Husanov kabi tezkor himoyachi bilan ancha ishonchli ko‘rinish oladi.

Bu imkonsiz ko‘ringan pozitsiyadan turib ham Husanov MYu yarim himoyachisi Brunu Fernandeshning Mbemoga uzatgan to‘pini qaytara olgandi.

U raqibni ofsaydga tushirish uchun oldinga chiqib ulguradi yoki uzun uzatmalarda orqaga yugurib, xavfni bartaraf etadi. U har 90 daqiqada o‘rtacha 17,85 marta sprint amalga oshiradi — bu ligadagi markaziy himoyachilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich.

Eng yaxshi jamoalar orqa chiziqdan hujum qurishda texnik mahoratga suyanadi. Ammo bu himoya uchun qiyin tanlov yaratadi: qo‘shimcha himoyachini ortda qoldirish yoki pressingni kuchaytirish. Husanovning tezligi va o‘yinni o‘qish qobiliyati “Siti”ga kamroq futbolchi bilan ham samarali bosim o‘tkazish imkonini beradi.

"Bo‘rilar" "Siti"ning pressingini chetlab o‘tmoqchi bo‘ladi, ammo Xusanov markazdan qanotga chiqib,  uzatmani to‘xtatadi.

Himoyachilarga qarshi raqiblar odatda yugurib o‘tishga urinadi. Biroq Husanovning zehni va vaziyatni to‘g‘ri baholash qobiliyati duelga kirish yoki orqaga chekinish kerakligini aniq belgilashga yordam beradi.

Uning agressiv uslubi bahslarga sabab bo‘lsa-da, aynan shu xususiyat uni yuqori himoya chizig‘ida samarali futbolchiga aylantiradi. Ayrim hollarda u raqibni to‘xtatish uchun oldinga chiqadi, boshqa paytda esa xavfli zonaga yugurayotgan ikkinchi hujumchini hisobga olib, orqaga chekinadi va jamoasiga zarur sug‘urtani ta’minlaydi.

Husanov to‘pni qabul qilib olgan Ekitike bilan duelga chiqishdan aqlli ravishda voz kechdi, chunki u Gakponing yorib kirishini payqadi. Ortga yugurish orqali u Gakponing darvozabon bilan birga-bir chiqib ketishini to‘xtata oldi.

Qisqasi, “fara nuridagi quyon” deb ta’riflangan yigit qisqa fursatda Angliya futbolida o‘z so‘zini aytayotgan, O‘zbekiston futboli uchun esa yangi sahifa ochgan markaziy himoyachiga aylandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring