Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

AQSh va Eron o‘rtasida urush bo‘lishi muqarrarmi?

AQSh va Eron o‘rtasida urush bo‘lishi muqarrarmi?

Hali AQShda prezidentlikka saylov kampaniyasi boshlanmasdan turib Donald Tramp o‘sha paytdagi Prezident Barak Obamaning Eronga nisbatan munosabatini ko‘p tanqid qilardi. U demokrat prezidentning siyosatini AQSh manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan «muloyim supurgi» sifatida ko‘rar edi. Tramp, antieron ritorikasini prezidentlikka nomzodini qo‘ygan davrda ham davom ettirdi, uning asosiy saylovoldi dasturlaridan biri «Yadroviy kelishuv»dan chiqish edi. Prezident bo‘lib saylangach esa o‘z va’dalarini unutmadi.

«Yadroviy kelishuv» 2015-yilda bir tomondan Eron va ikkinchi tarafdan BMTning Xavfsizlik kengashiga a’zo mamlakatlar (AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya) tomonidan imzolangan kelishuv shartnomasidir. Bu shartnomaga ko‘ra, Eron AQSh tomonidan iqtisodiy sanksiyalar yechilishi uchun uranni boyitishdan voz kechishni va yadroviy qurol yaratmaslikni o‘z zimmasiga olgan (lekin atomni «tinchlik» yo‘lida ishlatishga ruxsat bor bo‘lgan). 2016-yilda AQSh eronlik bir qator tadbirkorlar va kompaniyalardan sanksiyalarni yechdi. Ammo Donald Tramp 2016-yil noyabr oyida prezident etib saylangach, rasmiy ravishda prezidentlikni boshlaganidan atigi bir oygina vaqt o‘tib, 2017 yilning fevral oyida rasmiy ravishda, bu kelishuv AQSh uchun foydasiz ekani va shunga qaramasdan eronliklar yadro qurolidan voz kechmaganliklarini ta’kidladi. Yana, yangi AQSh hukumatining fikricha, Eron sanksiyalar yechilishi hisobiga iqtisodiy ahvolini yaxshilab, olingan foydani Iroq, Suriya va Yamandagi harbiy harakatlarga sarflashga zo‘r bergan.

Albatta, AQSh bu fikrga o‘zining Yaqin Sharqdagi hamkorlari, birinchi navbatda, Isroil va Saudiya Arabistonining yordamisiz kelganiga ishonish qiyin. Chunki aynan shu ikki davlat mintaqada Eronning ta’sir doirasi oshib ketishidan hayiqadi. Har qanday kelishuvlardan chiqishni sevuvchi, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton ham bu masalada kam rol o‘ynagani yo‘q, albatta. Bu sabablarning hammasi Eronga qarshi sanksiyalarni qayta boshlashga turtki bo‘ldi. Shunday qilib, 2018-yilning avgustida Donald Tramp AQShning «Yadroviy kelishuvdan» bir tomonlama chiqish va sanksiyalarni qayta qo‘llashning birinchi bosqichini boshlash haqidagi farmonga imzo chekdi. Sanksiyalarni to‘liq shaklda tiklovchi ikkinchi bosqich esa noyabr oyidan ishlay boshladi. Aynan o‘sha davrdan boshlab Eron xalqaro banklararo tizim — SWIFT dan uzib qo‘yildi.

«Yadroviy kelishuv»dan chiqqan Tramp Eronga qarshi sanksiyalarni qayta boshlash memorandumiga imzo qo‘ydi.

Misol uchun, Tramp administratsiyasi sanksiyalarni qo‘llashni 2018-yil davomida Obama davrigacha bo‘lgan holatga qaytargan bo‘lsa, 2019-yildan voqealar yanada shiddatli tus ola boshladi:

2019-yil 8-aprelda birinchi marta bir davlatning rasmiy tashkiloti terroristik tashkilot, deb tan olindi. AQSh Eronning rasmiy qurolli kuchlari safiga kiruvchi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini terroristik tashkilot deya atay boshladi. 15aprelda esa birinchi marta BAAdagi «Dafra» aviabazasiga AQShning beshinchi avlod «F-35A» qiruvchi samolyotlari olib kelindi.

«F-35A» qiruvchisi BAA dagi «Dafra» aviabazasiga qo‘nmoqda

Qo‘mondonlik tomonidan bu samolyotlar xalqaro koalitsiyaning operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashda ishlatilishi iddao qilindi. 12-mayda BAAning Fujayra shahri portida 4 ta neft tankeri zarar ko‘rdi. Qurbonlar va neftning dengizga oqib ketishi oldi olingan bo‘lsa-da, BAA rasmiylari buni diversiya deb atashdi va surishtiruv ishlarini boshlashdi. Ammo qo‘shni Saudiya Arabistoni bu diversiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eronni ayblab chiqdi. Bir necha kundan keyin esa yana bir diversiyadan Saudiya qirolligining o‘zi zarar ko‘rdi. Yamanning «Ansor Alloh» guruhi jangarilari uchuvchisiz harakatlanuvchi dron yordamida Saudiya hududidagi «Aramko» kompaniyasiga tegishli ikkita neft burg‘ulash stansiyasini portlatib yubordi (ushbu diversiyalarni rasmiy O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham qoralab, bundan tashvishda ekani va bunday harakatlarga bundan keyin yo‘l qo‘ymaslikka chaqirib bayonot bilan chiqdi).

AQSh 15-mayda Bag‘dod va Arbil (Iroq va Iroq Kurdistoni)dan favqulodda ishlar bilan shug‘ullanmayotgan o‘z diplomatlarini chaqirtirib oldi. O‘z fuqarolariga ham Iroq hududini tezroq tark etish va mamlakatdagi AQSh muassasalariga bormaslikni maslahat berdi. 19 may kuni noma’lum shaxslar Bag‘dodning chet ellik diplomatlar ishlaydigan va yashaydigan «Yashil hudud» deb nomlangan qismiga «Grad» reaktiv snaryadlarini yog‘dirishdi. Bu hujum Bag‘dodning sharqiy qismidan, ya’ni Eron qo‘llab-quvvatlashi iddao qilinadigan kuchlar tomonidan amalga oshirilgani aytildi. Hujum oqibatida hech kim talafot ko‘rmadi.

Desant rejasi
Ushbu voqealar bilan parallel ravishda AQShning nomdor «The New York Times» gazetasi, o‘z manbalariga asoslangan holda, AQSh mudofa vaziri Patrik Shanaxan majlislarning birida Eronni harbiy yo‘l bilan ushlab turish uchun Yaqin Sharqqa 120 ming kishilik AQSh harbiy kontingentini yuborish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim qilgani haqidagi xabarni e’lon qildi. Lekin bu yerda gap Eronga bostirib kirish haqida ketgani yo‘q. Chunki bunday operatsiyaga yanada ko‘proq kontingent zarur bo‘lar edi.

Arablar vs Eron
Fors ko‘rfazidagi Arab monarxlari Eron bilan anchadan beri ziddiyatlarga borib kelishgan. Hududiy qo‘shni bo‘lmish Eron ularga bir qator sabablar tufayli yoqmaydi. Bunga siyosiy, iqtisodiy va albatta diniy sabablar mavjud. Arabiston yarimorolining sharqiy qismida yashovchi shia mazhabiga mansub aholining Eronga simpatiya bildirishi va tez-tez qo‘zg‘olonlar keltirib chiqarishi ham asosiy faktorlardan hisoblanadi. Shialar qo‘zg‘olonlari, masalan, 2012 va 2016-yillarda Bahraynda ro‘y bergan.

Saudiya Arabistonining sharqida esa qo‘zg‘olonlardan tashqari, rasmiy Ar-Riyodning qurolli kuchlariga qarshi terroristik hujumlar ham bo‘lib turadi. Shu voqealarning barchasida saudlar «Tehronning qo‘li»ni ko‘rishadi. Arabiston yarimoroli janubidagi Yamanda ham vaziyat tinch emas. «Ansor Alloh» shialar guruhi Eronning faol qo‘llab-quvvatlashi yordamida nafaqat o‘z fuqarolariga, balki Yamanga bostirib kirgan Saudiya va BAA arab koalitsiyasidan tashkil topgan qurolli kuchlarga qarshi janglarda ham mana 4 yildirki ishtirok etmoqda. Ushbu jarayonda Eronning kuchsizlashuvi ko‘rfazdagi arab koalitsiyasiga juda foydali ko‘rinadi. Chunki Arabiston yarimorolidagi mazhabdoshlariga Eron ancha miqdorda moliyaviy va harbiy yordam berib keladi.

Eronning Suriyadagi harakatlari ham unutilgani yo‘q, albatta. Eron tomonidan moliyalashtirilgan jangarilar Suriyada Saudiya, BAA va Qatar tomonidan moliyalashtirilayotgan sunniy jangarilariga qarshi kurashib kelmoqda. Xususan, sunniy jangarilar deyarli harbiy mag‘lubiyatga uchrab bo‘ldi va Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Idlib shahrida qamalda qoldi. Bu esa o‘z navbatida Arab koalitsiyasi obro‘siga va moliyaviy holatiga kelgan katta zarar, degani.

Isroil vs Eron
Eronning hududdagi yana bir katta raqibi, bu albatta, Isroil. Eron va Isroil munosabatlari 1979-yilda Eronda sodir bo‘lgan Islom inqilobidan keyin uzil-kesil ziddiyatli tarafga yuz burgan. Qarama-qarshilikning yorqin epizodlaridan biri 1982-yildagi Birinchi Livan urushi davrida ro‘y bergan. Aynan o‘sha paytda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi yordamida Isroilga chegaradosh Livanda eronparast shialardan tashkil topgan «Hizbulloh» partiyasi vujudga kelgan. Natijada Isroil «kichkina shayton» deb nomlana boshlangan («katta shayton» deb esa AQSh nazarda tutilgan). Oyatulloh Xomayniy manifestatsiyalarida esa «Amerikaga o‘lim» shioridan tashqari «Isroilga o‘lim» shiorlari ham keng tarqalgan.

Erondagi Isroilga qarshi namoyish. 2013-yil.

Eron davlat sifatida tan olmaydigan Isroilni Eronning Fors ko‘rfazidagi, xususan, Livan va Suriyadagi ta’sir doirasi juda bezovta qiladi. Isroil tez-tez Suriyadagi Eron harbiy ob’yektlariga va «Hizbulloh»ning kommunikatsiya tizimlariga qarshi raketa zarbalari uyushtirib turadi. Yana bir faktni ko‘zdan qochirmaslik kerak, rasmiy Tehron (Arab koalitsiyasi ham) G‘azo sektorida joylashgan va Isroil hududiga raketa hujumlari amalga oshirib turuvchi «Hamas» radikal harakatini ham moliyaviy qo‘llab turadi. Arablar bilan Isroilning munosabatlari juda sekin bo‘lsa-da, lekin o‘z iziga tushib borayotgan va hatto istiqbolda «Falastin muammosi»ning yechimi ham bor holat bo‘lsa-da, ammo Eron bilan bunday muzokaralar o‘tkazishning umuman iloji yo‘q.

Sanksiyalar oqibatida Eron milliy pul birligining qadri tushib ketishi fonida «Hizbulloh» harakati moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmoqda. Eron o‘z sattelitlarini moliyalashda qiyinchilikka duch kelishi Isroil tomonidan iliq kutib olinadi va bu yordamlar umuman to‘xtaganida mutlaqo erkin nafas olishi mumkin.

Eng qizig‘i, Eronning kuchsizlanishidan hatto uning strategik hamkori bo‘lgan Rossiya ham foyda olishi mumkin. Masalan, Saudiya va Qatar Suriyaning keyingi taqdiri bo‘yicha Eronni chetlab o‘tib, aynan Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishi mumkin. Undan tashqari Rossiya bu davlatlar bilan yirik invistitsion loyihalarda ishtirok etmoqda (Qatar Rosneft kompaniyasining 3 ta yirik aksiyadorlaridan biri, masalan). Bundan tashqari, ko‘rfaz amirlari Suriyani 2012-yilda chiqarib yuborilgan Arab davlatlari ligasi tarkibiga qayta qo‘shishlari mumkin. Bu vaziyatda arab davlatlari Eron faktorini yo‘qqa chiqarish uchun bo‘lsa-da, Suriya masalasida Rossiya bilan hamkorlik qilishi mumkin.

Isroilni ham shu fikrda, deb bilsak bo‘ladi. Chunki bosh vazir Benyamin Netanyahu hatto Isroil aralashuvi tufayli Suriyada Rossiyaning «IL-20» samolyoti urib tushirilgan bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda Moskvaga serqatnov bo‘lib qolganini kuzatish mumkin. Undan tashqari tarixan Isroil va Rossiyaning madaniy va siyosiy aloqalari Eronga nisbatan ancha chuqur ildiz otgan. Ammo bo‘lajak ishlar haqida ular o‘rtasidagi muzokaralar faqatgina Idlibdagi terroristik anklavning butkul yo‘q qilinishidan keyingina ro‘y berishi mumkin.

AQSh nima qilmoqchi?
5 may kuni «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi AQSh harbiy kemalaridan iborat guruh Fors ko‘rfazi tomon yo‘lga chiqdi va 17 may kuni ko‘rfaz suvlariga kirib bordi. Bunday katta guruhlarning harakati qiyin kechishiga qaramasdan, hozirda ko‘rfaz suvlarida AQSh harbiy kemalari uchrab turibdi. Eron harbiy kemalari esa aynan shu suvlarda «Buyuk payg‘ambar» deb nomlangan o‘quv-taktik mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda. Yuqorida aytib o‘tilgan voqealardan kelib chiqadigan bo‘lsak, ushbu hududda AQSh harbiy-dengiz qo‘shinlarining uchrashi xavotirlarga asos bo‘lishi mumkin.

Aynan shuning uchun Eron qurolli kuchlari xavo hujumlariga qarshi mudofaa tizimini kuchaytirishni boshladi. Diplomatik frontda ham vaziyat notinch. Eron hukumati, AQSh bilan urush ostonasida turishiga qaramasdan, janjalni xohlamasligi, lekin munosib javob berishga tayyor ekanligini bildirib o‘tdi. AQSh prezidenti Donald Tramp har doimgiday tvitterdagi mikroblogida agar Eron AQShga qarshi agressiya uyushtiradigan bo‘lsa, Eron «rasmiy ravishda tugatilishi» haqida po‘pisalar qilmoqda.

AQSh, tashqi kuchlardan tashqari, Eronga nisbatan mamlakatda mavjud separatizmdan foydalanib, ichki zarba berishi ham mumkin. Eronning janubi-g‘arbiy qismida istiqomat qiluvchi arablarni (80 millionlik Eron aholisining 2 foizini tashkil qilishadi), janubi-sharqiy qismidagi balujlarni (2 foiz) va shimoli-g‘arbiy qismidagi kurdlarni (10 foiz) unutmaslik kerak. Ularning ichida separatik kayfiyat juda kuchli.

Forslarning o‘zida ham isyon kayfiyati kuchayib bormoqda, milliy valyuta qadrsizlanishi va bir qator tovarlar defitsiti 2017-yil oxirida xalq ichida ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Agar keyin ham yangi sanksiyalar tufayli iqtisodiy ahvol yomonlashib boraversa, oyatullolar siyosiy rejimidan norozilar oqimi ko‘payib boraveradi. Xalq noroziliklarining yana bir sababi, Eronning Suriya va Iroqdagi har xil guruhlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgani hamdir. Ommaviy namoyishlarda fuqarolar ushbu pullarni qo‘shni davlatlardagi tushunarsiz arablarga emas, Eronning o‘zida aholi turmush tarzini yaxshilashga sarflanishini talab qilishmoqda.

Texron universiteti talabalari namoyishi. 2017-yil.

Tramp ma’muriyatidagilar AQShni Eronga qarshi urushga jalb qilishga anchadan beri harakat qilishmoqda. Bu nimaga olib kelishini taxmin qilish qiyin emas: Eron infratuzilmasining vayron bo‘lishi, neft narxining ko‘tarilishi, millionlab qochoqlar, Arabiston yarimorolidagi shialarning arablarga qarshi katta masshtabdagi janglari va albatta AQSh va uning ittifoqdoshlari yangi harbiy shartnomalarga ega bo‘lishi.

Biroq hamma qartalarni 2020-yilda bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovi chalkashtirib yuborishi mumkin. Agar Tramp ikkinchi muddatga saylana olmasa va yangi hukumat Eron bilan muloqot yo‘lini tanlasa (Obama davridagidek) unda AQSh yana bir bor muqim bo‘lmagan tashqi siyosati uchun tanqid ostiga olinishi, Eron esa minimum yana 4 yil nafas rostlashi mumkin. Ammo Tramp Isroil va Arab koalitsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, Amerika harbiy sanoat kompleksi lobbistlari kuchliligi va Trampning AQSh ichida reytingi balandligini hisobga olsak, uning ikkinchi muddatga ham prezident etib saylanish imkoniyati yuqori baholanishi mumkin. Agar Tramp jamoasida «rais»ning keyingi saylovlarda yutishiga ishonch bo‘lsa, unda Eron bilan harbiy to‘qnashuv 2021-yilga qoldirilishi mumkin. Lekin fors-major holatlari voqealar rivoji tahlilga mos tushishiga to‘sqinlik qilib, biz kutmagan ishlar bo‘lib ketishi ham mumkin.

Keltirilgan faktlar manbalari:
«CNN»
«Al-Jazeera»
«Directorat4»
«The New York Times»
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi
«Cbsnews»
«EaDaily»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring