Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«C5+1» formatining tashabbuskori

«C5+1» formatining tashabbuskori

2016 yilda O‘zbekistonda yuz bergan o‘zgarishlar hamda 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohatlar natijasida jahon hamjamiyatining Markaziy Osiyoga qiziqishi kuchaydi. Bunga birinchi navbatda mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekistonning ochiqlik siyosati sabab bo‘lgani aytiladi.

So‘nggi yillarda tilimizga «C5+1» formati degan ibora kirib keldi. Markaziy Osiyodagi beshta mamlakat ishtirokidagi «C5+1 formati» AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, shuningdek Yevropa Ittifoqi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Turli siyosiy o‘yinchilarning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlarining hozirgi mashhur «C5+1» formati ilk bor Yaponiya tomonidan 1997 yilda taklif qilinganligini hamma ham bilmasa kerak. O‘shanda Yaponiya Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqot uchun platforma yaratishni taklif qilgan edi.

Dunyodagi uchinchi iqtisodiyot hisoblanmish Yaponiya an’anaviy ravishda «Katta yettilik» va ASEAN kabi guruhlarga a’zo rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikka e’tibor qaratadi va AQShni asosiy ustuvor sherik hisoblaydi. Biroq, XX asrning eng katta asosiy hodisasi bo‘lmish – Sovet Ittifoqining tarqab ketishi va Markaziy Osiyoda yangi mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi Yaponiya tashqi siyosati yo‘nalishlarini tahrir qilishga olib keldi. Tashqi siyosat ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqishga birinchi urinish 1997 yilda bo‘ldi. O‘sha vaqtdagi bosh vazir Xasimoto Ryutaro yuqori darajadagi Korporativ rahbarlar Assotsiatsiyasida qilgan chiqishida «Yevroosiyo diplomatiyasi» deb nomlangan yangi siyosatni e’lon qildi. Ushbu diplomatiya doirasida Yaponiyaning «Buyuk Ipak yo‘li» o‘tgan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bilan aloqalari mustahkamlangani e’lon qilindi.

Keyinchalik uning nomi «Buyuk Ipak yo‘li diplomatiyasi» deb o‘zgartirildi. «Buyuk Ipak yo‘li diplomatiyasi» uchta prinsipdan — o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun siyosiy muloqot mexanizmlarini ishlab chiqish, mintaqaviy farovonlikni rivojlantirish uchun iqtisodiy hamkorlik hamda yadro qurolini tarqatmaslik rejimini saqlab qolish, demokratiyani rivojlantirish va siyosiy barqarorlikni saqlash maqsadida hamkorlik qilishdan iborat edi.

2004 yilning 28 avgust kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguti Qozog‘iston poytaxti Ostonada Markaziy Osiyodagi hamkasblari bilan ilk bor uchrashdi (to‘g‘ri, o‘shanda faqat Turkmanistondan vazir emas,balki Qozog‘ismtondagi elchi ishtirok etgan edi). Mazkur «Markaziy Osiyo + Yaponiya» uchrashuv-muloqoti yakunida «Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yangi davrga kirmoqda» nomli istiqbolli sarlavha ostida press-reliz e’lon qilindi. Unda Vazirlar uchrashuvida Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganligi ramzi bo‘lgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi muloqot e’lon qilingani ta’kidlanadi. Ushbu uchrashuv-muloqot natijalari o‘zaro bog‘liq uchta jihatni qamrab oldi:

  • Yaponiya-Markaziy Osiyo aloqalarini chuqurlashtirish, Markaziy Osiyoning tinchligi va barqarorligi nafaqat Yevrosiyoning, balki butun dunyoning barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi;
  • Mintaqalararo kooperatsiyaning muhimligi, bunda Yaponiya yetakchi global o‘yinchilardan birinchi bo‘lib Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi;
  • Xalqaro maydonda Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi kooperatsiya BMT tuzilmalarni isloh qilish, iqlim o‘zgarishi, Jahon Savdo tashkilotiga a’zolik va gumanitar xavfsizlik masalarini o‘z ichiga oladi.

Ma’lumki, bu format avval boshdanoq faqat bitta mamlakatga qaratilmagan, balki Markaziy Osiyo mamlakatlariga kompleks yondashuvga asoslangan edi. Shu sababli Yaponiya mintaqaga istiqbolli yondashgan ilk davlatlardan biri hisoblanadi. Mazkur konsepsiya Yaponiya tomonidan «ASEAN+» modelidan qabul qilingan bo‘lib, u dunyoning yangi mintaqasi – Markaziy Osiyo uchun buyuk davlatlar bilan muloqotda siyosiy mavqei va iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun mos deb hisoblagan.

Yaponiya birgalikda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar mavjud mintaqani yagona organizm deb hisoblagan birinchi mamlakat bo‘ldi.

To‘g‘ri, Tokioning Markaziy Osiyodagi diplomatik faoliyati darajasi boshqa ko‘plab mamlakatlarga nisbatan bir necha sabablarga ko‘ra past bo‘ldi. Birinchidan, geografik masofa bo‘lsa, ikkinchidan Yaponiyada boshqa tashqi siyosat ustivorliklar bor edi. Uchinchidan, mintaqada investitsiyaviy va siyosiy xavflar ham bor edi.

Yaponiya mintaqada faolligini 2013 yildan keyin qayta tikladi. Mamlakat tarixida ilk bor o‘sha vaqtdagi bosh vazir Sindzo Abe 2015 yil oktyabrida Markaziy Osiyoning beshta davlatiga tashrif buyurdi (bungacha Yaponiya bosh vazirlari faqat O‘zbekiston va Qozog‘istonga kelgan edi). O‘shanda Yaponiya mintaqaning muhim savdo hamkoriga aylanishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi turli loyihalar uchun 18 mlrd AQSh dollari kiritishini e’lon qildi.

2015 yilgi tashrifi davomida Sindzo Abe transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish Markaziy Osiyo uchun muhim vazifalar ekani va Yaponiyaning ushbu sohalarda yordam ko‘rsatishga tayyorligi haqida gapirdi. Sindzo Abening 2015 yilda Markaziy Osiyoga tashrifidan keyin dunyoda geosiyosat va geoiqtisodda ko‘plab o‘zgarishlar yuz berdi.

O‘tgan yilning noyabr oyida «Katta yettilik»ka kiruvchi mamlakatlar tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarning uchrashuvida Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava Markaziy Osiyo mamlakatlarini «muhim hamkorlar» deb atagan hamda 2024 yilda «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammiti o‘tkazilishini taklif qilgan edi. Va nihoyat, Sindzo Abening tashrifidan to‘qqiz yil o‘tib Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari bilan uchrashmoqda. Ostonadagi uchrashuvda Tokioning mintaqadagi iqtisodiy va siyosiy ustivor yo‘nalishlari bayon qilinadi. Asosiy e’tibor o‘zaro manfaatli hamkorlikka qaratilishi aniq. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Markaziy Osiyo davlatlariga mintaqa va Yevropani bog‘laydigan yangi savdo yo‘lini yaratish uchun iqtisodiy yordam taklif qiladi. Yaponiya OAVning xabar berishicha, bosh vazir mintaqaning besh yetakchisi bilan uchrashuvda Markaziy Osiyoga iqtisodiy yordam paketini e’lon qilmoqchi. Bu haqda hukumat vakillariga tayanib The Japan Times nashri xabar berdi.

Tahlilchilarning fikricha, Yaponiya mintaqada nafaqat investitsiya faolligini oshirish uchun yangi yo‘nalishlarga, balki boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, o‘zining raqobatdosh ustunliklariga ham ega. Yaponiya uzoq vaqtdan beri mintaqada katta obro‘ qozongan. Yaponiya innovatsiya va inson kapitali evaziga kuchli texnologik sakrashga erishgan davlat sifatida ko‘riladi.

Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan turli sohalardagi boshqa geosiyosiy o‘yinchilar bilan munosabatlarda iqtisodiy va siyosiy muvozanat sifatida qaralishi mumkin.

Boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, Yaponiya ikki tomonlama munosabatlarni o‘rnatish bilan bir qatorda, ekologiyadan tortib suv resurslarigacha bo‘lgan ko‘plab ichki muammolarni birgalikda hal qilish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga doimo ko‘proq qiziqish bildirgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari global iqtisodiy jarayonlarning xom ashyo zonasida qolib ketmasliklari uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashi kerakligi aytiladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari xom ashyo yo‘nalishidan uzoqlashish uchun yuqori texnologiyalar va bilimlarga ega bo‘lishlari kerak.

Yaponiya tomoni 2016 yilda «Yaponiyaning ilg‘or muhandislik ta’limi tajribasi asosida Markaziy Osiyoda sanoat inson resurslarini rivojlantirish» loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalariga qaratilgan strategiyasi O‘zbekistonning tashqi siyosatiga mos keladi.

O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan barcha sohalardagi hamkorlik aloqlari shundan dalolat beradi. Mintaqadagi barcha mamlakatlar jamoatchiligi va siyosiy rahbariyati mintaqaviy hamkorlik mamlakatlar uchun faqat foyda ekanligini tushunib yetdi.

Markaziy Osiyo jahon hamjamiyatida ajralmas mintaqa sifatida qabul qilinmoqda. Bu besh mamlakatning mintaqaviy integratsiyasi foydasiga qo‘shimcha dalil bo‘lishi va bu jarayonda yangi dinamikani rag‘batlantirishi tobora ravshanlashib bormoqda.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring