Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

«Drakula» saqlangan qal’a, Yuliy Sezarning mashhur iborasi yangragan shahar — Tokatda qanday sirlar yashiringan? (foto)

«Drakula» saqlangan qal’a, Yuliy Sezarning mashhur iborasi yangragan shahar — Tokatda qanday sirlar yashiringan? (foto)

Istanbul shahridan Tokatga yo‘l olar ekanmiz, samolyot pastlay boshlanganiyoq ko‘z oldimda tanish manzara gavdalandi: ikki tomonidan cho‘zilgan tog‘ tizmalari, ular orasida keng dalalar, qishloqlar, teraklar… o‘zimizdagi vodiy, vohalarga o‘xshab ketadi. Aeroportdan chiqishimiz bilan bu o‘xshashlikni yana his qildim: tabiati, iqlimi, odamlarning turmush tarzi bizga ancha yaqindek tuyuldi.


Onado‘lining sirli go‘shalari: Turkiyaning o‘zgacha qiyofasi bilan tanishamiz (foto)


Tokat – asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hudud. Tamakichiligi Samarqandning Urgutini eslatsa, bog‘lari, tokzorlari vodiylarimizga tortadi. O‘zingizni begona yurtdagidek his qilmaysiz. Bu yerdagi hayot gavjum shaharlardagiga nisbatan ancha sokin, vazmin, tabiiy.

Foto: Mahsulotlari Yevropagacha boradi

Yana diqqatimni tortgani, Tokatda o‘qish o‘zbekistonlik talabalar uchun ham ancha qulay ekan. Bizga hamrohlik qilgan Mustafo Yalchinning aytishicha, Tokat Gaziosmanpasha universitetida ta’lim sifati yaxshi, yashash xarajatlari esa Turkiyaning katta shaharlariga nisbatan ancha arzon ekan.

Foto: Universitet kampusi

1992 yilda tashkil etilgan ushbu universitet bugun minglab talaba tahsil oladigan, o‘nlab fakultetlardan iborat katta ilm maskaniga aylangan. Bu yerda qishloq xo‘jaligi, muhandislik va arxitektura, tibbiyot, jismoniy tarbiya, stomatologiya, iqtisodiyot, tasviriy san’at, islom fanlari, yuridik va yana ko‘plab yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.

Shu ma’lumotlar bilan tanishgan holda shaharning tarixiy qismiga yetib bordik.

Foto: Xabar.uz

Tarix nafasi

Tokat tom ma’noda “Onodo‘lining yashirin go‘shasi”. Shahar tarixi miloddan avvalgi 3000 yillarga borib taqaladi. Xettlardan tortib Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylargacha — bu hududdan o‘tmagan imperiyaning o‘zi yo‘q. Makedonskiy ham, Yuliy Sezar ham ushbu shaharda bo‘lishgan.

Foto: Xabar.uz

Qadimda bu yerlardan ipak yo‘li o‘tgan bo‘lsa, hozirda Osiyo va Yevropani bog‘laydigan eng serqatnov havo yo‘llaridan biri hisoblanadi. Tokat osmonidan har daqiqada samolyot uchib o‘tayotganini kuzatishingiz mumkin.

Foto: Xabar.uz

Tokat qal’asi

Shaharning shundoqqina biqinida joylashgan mashhur Tokat qal’asi 28 ta minoradan iborat bo‘lib, qoyali cho‘qqi ustida qad rostlagan. Qal’aning ilk aholisi haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, uning V asrlarga borib taqaladigan tarixiy izlari bor. Rim imperiyasi davrida yo‘l xavfsizligi uchun xizmat qilgan qal’a keyin Saljuqiylar qo‘liga o‘tgan va bir necha bor qayta ta’mirlangan.

Foto: Xabar.uz

Tokat qal’asi haqidagi eng qiziqarli rivoyatlardan biri — Vlad Sepesh, ya’ni mashhur Drakula haqidadir. U XV asrda Usmonli sultoni Murod II tomonidan qisqa vaqtga shu qal’ada mahbus sifatida saqlangani aytiladi. Bugun esa qal’aning ba’zi yashirin yo‘llari sayyohlar uchun ochiq.

Foto: Xabar.uz

900 qadamda 900 yillik tarix

Tokatning tarixiy hududini piyoda kashf etish mumkin. Shahar markazida tarixiy binolar, madrasalar, masjidlar, karvonsaroyu hammomlar bir-biriga shunchalik yaqinki, ularni bir necha soatda aylanib chiqish mumkin. Shuning uchun maxsus turistik yo‘nalish ham tuzilgan: “900 qadamda 900 yillik tarix”.

Ushbu sayohat davomida quyidagi joylardan o‘tasiz:

  • Gök Medrese — 1277 yilda qurilgan Saljuqiy madrasasi. Bugun muzey sifatida faoliyat yuritadi.

  • Mevlevihane, Taşhan, Arastalı Bedesten, Saat Minorasi — Usmonli davridan qolgan noyob arxitektura durdonalari.

Foto: Xabar.uz

Eski ko‘chalardan o‘tar ekansiz, har bir qadamda tarix nafasi ufurib turadi.

Toshxon — hunarmandlar maskani

1626–1632 yillarda qurilgan, keng hovlili ikki qavatli Toshxon majmuasida bugun ham hayot qaynagan. Bu yerda misgarlar, matoga tosh bosish ustalari, ud yasovchilar, ko‘hna qahvaxonalar bor. Agar ud ustalari bilan tanishib qolsangiz, siz uchun kichik “konsert” ham uyushtirib berishlari mumkin.

Foto: Xabar.uz

Shaharning yuragi

Sulusokak — Tokat viloyatidagi qadimgi shahar markazi va savdo markazini tashkil etuvchi, tarixiy yodgorliklarni o‘z ichiga olgan muhim ko‘cha.

Bu yerda Usmoniylar uylari, Safranboluni eslatuvchi an’anaviy xonadonlar, qadimiy hammomlar, bozorlar, madrasalar joylashgan.

Foto: Xabar.uz

Sulusokak bozori, Tokat madaniyat uyi, madrasa va karvonsaroy — bari o‘zgacha ruhga ega.

Foto: Xabar.uz

Tokat muzeyi

XV asrda qurilgan qadimiy inshootda joylashgan Tokat muzeyida miloddan avvalgi 4000–3000 yillarga tegishli artefaktlar, xettlar davri qoldiqlari, Rim zargarlik buyumlari, etnografik namunalar mavjud.

Foto: Xabar.uz

E’tiborlisi, Yuliy Sezarning mashhur “Veni, vidi, vici” — “keldim, ko‘rdim, g‘alaba qozondim” degan iborasi aynan Tokatda aytilgan, degan ma’lumot ham bor.

Tokat hammomlari

Tokatda hammom madaniyati juda rivojlangan. Shahar markazida Parvona hammomi, Sulton hammomi, Poshsho hammomi, Choy hammomi va Ali Poshsho hammomi kabi tarixiy maskanlar joylashgan bo‘lib, ularning eng qadimgisi 1277 yilga oid Saljuqiy inshootidir.

Poshsho hammomi va Choy hammomi bugungi kunda ham ishlaydi.

Foto: Xabar.uz

Karvonsaroylar, hammomlar joylashgan hududda, albatta, jamoat hojatxonasi ham mavjud bo‘lgan. Hojatxona binosi bugungacha saqlab qolingan, uning kanalizatsiyasi unikal arxitektura yechimiga ega.

Foto: Xabar.uz

Mustafo Kamol Otaturk uyi

1924 yilda Mustafo Kamol Otaturk va uning rafiqasi Latifa Xonim Tokatga tashrif buyurganida to‘xtagan uy bugun muzeyga aylantirilgan.

Foto: Xabar.uz

Uzum bargi, mashhur kabob va boshqa mazali taomlar

Tokat taomi deganda birinchi bo‘lib uning mashhur kabobi, uzum bargidan tayyorlanadigan do‘lmasi, mahalliy choyxona va qahvaxonalar esga tushadi. Shahar markazidagi Gaziosmanpasha ko‘chasi bo‘ylab yursangiz, bu mazali taomlarni tatib ko‘rish uchun o‘nlab joylarga duch kelasiz.

Eng muhimi, Tokatning tuzlangan uzum bargidan albatta sotib oling, u hududning “ramzi”ga aylangan.

Faqat tarix emas, tabiat go‘zalligi ham mujassam

Tabiatni yaxshi ko‘ruvchilar uchun Tokat atrofidagi g‘orlar, ko‘llar, yalpiz hidi taralib turadigan dalalaru, tog‘ yo‘llari haqiqiy adrenalin beradi.

Ayniqsa, millionlab yillar davomida shakllangan stalaktit va stalagmitlarga to‘la ulkan g‘or — haqiqiy mo‘’jiza. Bu haqda hali alohida to‘xtalamiz.

Foto: Xabar.uz

Yurakka yaqin manzil

Tokatga kelganingizning birinchi kunidayoq, uni yoqtirib qolasiz. Tabiati go‘zal, odamlari samimiy, tarixi olamshumul, taomlari mazali, narxlari esa hamyonbop.

Agar siz ham Turkiyaning mashhur turistik shaharlaridan tashqarida, tinch, tabiiy va tarixiy muhitda dam olmoqchi bo‘lsangiz, Tokat — ko‘rishga arzirli manzil.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring