Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fikrlar qopqoni: jamiyat, mentalitet va xavotirlar girdobi

Fikrlar qopqoni: jamiyat, mentalitet va xavotirlar girdobi

foto: https://knews.kg/

Biz yashayotgan jamiyat, mentalitetimiz, munosabatlar, turmush tarzimiz – bularning barchasi fikrlashimizga, kayfiyatimizga va oxir-oqibatda xavotiru tashvishlar girdobiga tushib qolishimizga ta’sir qilishi ham mumkin.

Ko‘pincha, hissiyotlarimizga salbiy ta’sir qiluvchi fikrning o‘zi emas, balki qarashlarimizga bo‘lgan munosabatimiz, ular bilan qanday «ishlay» olishimiz yoki aksincha, fikrlarga qanday «qulliq» qilishimiz muammo bo‘ladi.

Masalan ba’zilar «Men muvaffaqiyatsizman» degan fikr girdobidan chiqa olmaydi. Bu fikr uni rostdan ham omad sari qadam tashlashga qo‘ymaydi. Keyingi paytda shakllanayotgan qarashlarimizga xos yana bir necha fikrlar borki, bular ham to‘laqonli, xavotirsiz yashashimizga to‘sqinlik qilishi mumkin.

«Ta’lim tizimida haqiqat yo‘q» yoki «Hamma joy korrupsiyaga botgan»
Bu kabi qarashlar, albatta, jamiyatdagi muammolarni inkor qilmaydi. Lekin, bu fikrlarga «hammasi shunday va hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi»,  degan nuqtai nazar bilan yondashish, bizni behol va tushkun qilib qo‘yadi. Bu fikrlarning atrofida aylanib, harakatsiz qolish esa o‘zimizni xavotir va behudalik girdobiga tashlashdan boshqa narsa emas. Vaholanki, har bir sohada ham haqiqat va shaffoflik bor, faqat ularni topish, unga intilish kerak.

«Surish kerak» (rivojlangan davlatga ketish orzusi)

Ko‘pchilik yoshlarimiz va hatto kattalar ham «xorijda yashash» yoki «chetga ketish» orzusida bo‘ladi. Buni «surish» deymiz va bu ko‘pincha o‘z hayotidagi bor imkoniyatlarni inkor qilib, bu yerda yashash yaxshi emasligiga ishora qiladi yoki shunga ishonadi. Vaholanki «surmasdan» yaxshi yashayotganlar, o‘z hayotida erishganiga rozilar ham ko‘pchilik. Bu fikr o‘z kuchiga ishonmaslik, tavakkal qilishdan qo‘rqish yoki bu yerdagi hayotni yaxshilash uchun harakat qilmaslikni bildirishi ham mumkin. Aslida imkoniyat har yerda bor, faqat uni ko‘ra bilishimiz va yaratishimiz kerak.

«Kambag‘allar va yetishmovchilik ko‘p, hayot juda og‘ir»

Kambag‘allik va qiyinchiliklar hayotning bir qismi. Lekin «hamma yoqda shu, men ham shunday bo‘laman» degan fikr, insonni o‘z imkoniyatlarini ko‘ra olmaydigan qilib qo‘yadi – o‘ziga bo‘lgan ishonchni so‘ndiradi va rivojlanish yo‘lidan to‘sadi. Vaholanki, bilimi, mehnati bilan muvaffaqiyatga erishganlar ham ko‘p.

«Oilam meni tushunmaydi» yoki «Meni hech kim, hech qachon tushunmaydi»
Bu kabi umumiy xulosalar, ayniqsa, yoshlar va o‘smirlar orasida keng tarqalgan. Bu fikrlar, ko‘pincha, biror holatni muhokama qilmaslik yoki o‘z his-tuyg‘ularini to‘g‘ri ifoda qila olmaslik natijasida. «Hech kim tushunmaydi» degan qarash, o‘zini izolyasiya qilishga, yolg‘izlanishga va yanada ko‘proq tashvishga olib keladi. Vaholanki, har bir odamda, har bir munosabatda tushunish uchun imkoniyat bor va harakat qilish qilish kerak.

«Hayotda hamma menga qarshi» yoki «Butun dunyo menga qarshi»
Bu «baxtsizlikni, omadsizlikni o‘ziga jalb qilish» fikri. Har bir kichik muammoni  yoki tashvishni hayotim shunday, faqat menda doim shunday bo‘ladi, degan xulosa bilan qabul qilish, aslida o‘zimizni qurbon hissida saqlab qolish va harakatdan to‘xtash demakdir.

«Agar mana shuni qila olmasam yoki bu o‘xshamasa hammasi tamom»...   Mana shunday falokatlashtirilgan fikrlar, bizni doim stress va xavotirda yashashga majburlaydi. Bir kichik muvaffaqiyatsizlik yoki rejadagi o‘zgarish, butun hayotimizni tugab qolgandek his qilishimizga sabab bo‘ladi.

Bu kabi qarashlar o‘ziga xos fikrlar qopqoni bo‘lib, bizni xavotir va tashvishlarning chuqur o‘rasiga (gidobiga) tortadi. Ular bizni haqiqatni ko‘rishdan, muammolarni hal qilish yo‘llarini izlashdan to‘xtatadi. Britaniyalik psixolog E.Uells tomonidan ishlab chiqilgan metakognitiv terapiya (MKT) ning asosiy g‘oyasi ham shunda – biz bu fikrlarning mazmunini isbotlash yoki inkor etishga urinmasdan, ularga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishni o‘rganishimiz kerak. Ya’ni ha, bu muammo bor, lekin men bunga qanday yondosha olaman, men nima qilishim kerakki ahvolim yaxshilansin, degan savollar bilan muammoni hal qilish lozim. Muhimi biz bu fikrlarni haqiqat deb qabul qilishdan to‘xtashimiz va ularni xavotir uyg‘otuvchi, lekin o‘zgarishi mumkin bo‘lgan fikrlar sifatida ko‘ra bilishimizdir.

Madina Miytan, psixolog

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring