«Global darvoza»: Camarqandda ilk bor Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqlik anjumani o‘tkaziladi
Joriy yil 18-noyabr kuni Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza» deb nomlangan yirik anjuman bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili/Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel, YIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen, mintaqa tashqi ishlar vazirlari va boshqa nufuzli shaxslar ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
Samarqand mashvarati 2021-yil 1-dekabrda qabul qilingan Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» deb nomlangan yangi strategiyasi doirasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ilk mintaqaviy anjumani ekani bilan ahamiyatlidir.
2019-yilda YI Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani tasdiqlagan.
Yangi strategiya mintaqada barqarorlik, farovonlik hamda qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorni rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish hamda mintaqaviy robitalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilayotgan Samarqand anjumani mazkur strategiyada ko‘zda tutilgan maqsadlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha muloqot maydoni vazifasini ham o‘taydi. Shuningdek, nufuzli tadbir mintaqa iqtisodiyoti duch kelayotgan umumiy muammolarni hal etish bo‘yicha bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish imkonini beradi.
YeIning mamlakatimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xususiy sektor, davlat idoralari mutaxassislari, ekspertlar, tadqiqotchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqand anjumanida ishtirok etishga taklif etiladi. Asosiy panel sessiyalarida raqamlashtirish, transport va logistika, energetika va suv resurslari bilan bog‘liq masalalar muhokama etiladi. Tadbirda ishtirok etish uchun ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Keyingi vaqtlarda YeI Markaziy Osiyo bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, yangi geosiyosiy taranglikning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha global tashabbuslar doirasida mintaqa davlatlarini modernizatsiya, sarmoya oqimini ko‘paytirish, raqamlashtirish, savdo uchun qulay muhit yaratish hamda transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avval xabar berganimizdek, kelgusi haftada — 28-oktyabr kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel O‘zbekistonga tashrif buyurib, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazishi kutilmoqda.
«Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan aloqalarni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyor», — deb yozgan Yevropa kengashi rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter