Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

“Ha”: ruxsatdan boshlangan buyuk taqdirlar

“Ha”: ruxsatdan boshlangan buyuk taqdirlar

foto: Xabar.uz

“Qizim men o‘qiganlarni yaxshi ko‘raman, oliy ma’lumotli bo‘lmaganim men uchun armon”, – deydi 79 yoshli onaxon. – “Institutda o‘qiyman, deb uydan yashirincha chiqib ketayotganimda akalarim qaytarib olib kelishgan, o‘qiganimda hozir hayotim boshqacha bo‘larmidi. Lekin qizlarimni, nevara qizlarimning hammasini o‘qitdim...”

Onaxonning “har yili talabalikka qabul qilinganlarni ko‘rsam o‘zim o‘qishga kirganday quvonaman”, deb aytayotganda ko‘zlaridagi chuqur mungmi, armonnimi ko‘rib hali o‘sha nigohni unuta olmayman.

O‘sha zamonlarda qanchadan-qancha qizlar hech bir masalada da’volariga “ha” degan javob olishmagan...

Judit Xyuman

O‘sha zamonlarda bizning ayollarga o‘qish qo‘l yetmas orzu bo‘lib turganida dunyoning boshqa bir chekkasi Bruklin(Nyu York)da Judit “Judi” Xyuman dunyoga keladi. Bizning ayol-qizlar uy bekalikka tayyorlanayotganlarida Judit nogironlar huquqlari harakatining deyarli har bir muhim lahzasida ishtirok etayotgan bo‘lgan. Nogironlar huquqlari harakatining “onasi” deb hisoblangan bu ayol nogironlar hamjamiyati uchun hayotni yaxshilash kurashchilaridan bo‘lgan. Xyuman Qo‘shma Shtatlardagi taxminan 56 million kishi va butun dunyo bo‘ylab bir milliard nogiron odam uchun qulaylik va imkoniyatlarni yaxshilashga hissa qo‘shgan.

  

Juditning bu harakatlarga bosh-qosh bo‘lishida birgina “yo‘q” degan so‘zni yomon ko‘radigan onasi sababchi bo‘lgan. Qassob otasi xotinini ya’ni Juditning onasini “qudratli kana” deb atagan, chunki u hech qachon “yo‘q” degan javobni qabul qilmagan. Xyuman ikki yoshida poliomiyelit bilan xastalangan va yurolmay qolgan. U maktabga chiqqanida direktor qizaloqning maktabga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Direktor Xyumanni “yong‘in xavfi” deb atadi. Ya’ni agar maktabda yong‘in chiqsa u o‘zini qutqara olmaydi degan ma’noda. Onasi buni qabul qilishdan bosh tortdi va qizining sinfga kirishini talab qildi. Onasining qat’iyati tufayli Xyuman oxir-oqibat maktabda o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Maktabni tugatgandan so‘ng, u Bruklindagi Long-Aylend universitetiga o‘qishga kirdi va o‘zi kabi talabalarning sinflarga kirish uchun panduslar talab qilishni boshladi.

Men biladigan o‘qishni orzu qilib o‘qiyolmagan ona taqdiriga tan berib 1970-yili bosh farzandini dunyoga keltirganida Judit 1969 yilda bakalavr darajasini oldi. 1970-yillar Xyuman uchun juda shakllanish davri bo‘ldi. Reabilitatsiya to‘g‘risidagi qonunning muhim bo‘limlarini amalga oshirish uchun San-Fransiskodagi federal binoda 28 kunlik namoyishda qatnashdi va “Mustaqil hayot harakati” markazini tashkil etishda muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, u 1975-yilda Berkli shahridagi Kaliforniya universitetini, sog‘liqni saqlash bo‘yicha magistr darajasi bilan tamomlagan. Xyuman kurashni to‘xtatmadi. 1983-yilda u nogironlar tomonidan tashkil etilgan va boshqariladigan dastlabki global nogironlar huquqlari tashkilotlaridan biri bo‘lgan Butunjahon nogironlik institutiga asos solgan. Xyuman 2023-yilgacha – to vafotiga qadar nogironlar huquqlari uchun faoliyatini davom ettirgan.

Xelen Keller

Har bir amerikalik maktab o‘quvchisi uning ismini biladi. Mark Tven uni “dunyoning sakkizinchi mo‘’jizasi” deb atagan va bugungi kunda u 20 asrning eng mashhur shaxslaridan biri hisoblanadi. Xelen Keller bir yarim yoshligida eshitish va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa-da, universitetni tamomlagan, dunyo bo‘ylab ma’ruzalar o‘qigan. Keller o‘z boshidan kechirganlarini hikoya qiluvchi o‘ndan ortiq kitob yozgan.

U nogironlarning ta’lim va ijtimoiylashuvi uchun fondlarni qo‘llab-quvvatladi, irqchilik, militarizm va ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi chiqdi. Xo‘sh, uning bu darajaga yetishiga kim sababchi bo‘lgan?

Xelen olti yoshga to‘lganda, uning otasi Artur Keller Baltimorda eng murakkab ko‘z kasalliklarini davolagan taniqli oftalmologga murojaat qiladi. Lekin shifokor qizning ko‘rish qobiliyatini tiklay olmadi. U oilaga Aleksandr Grem Bell bilan maslahatlashishni maslahat berdi. Bell, o‘z navbatida, qizga o‘qituvchi topa oladigan Perkins ko‘rlar maktabi direktori Maykl Anagnosni tavsiya qildi. Artur Keller darhol maktab direktoriga xat yozdi. Direktor esa bu oilada ishlash uchun maktabni muvaffaqiyatli tugatgan Enn Sallivanni taklif qildi.

Enn Sallivan

Enn Sallivan ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan va Perkins ko‘rlar maktabini tamomlagan. U 14 yoshgacha, ya’ni 1880-yilgacha Tyuksberi (Massachusets)dagi uysizlar boshpanasida yashagan. Bu o‘lim va umidsizlik joyi edi. Hamma narsa: qorong‘u yo‘laklar, erkin yurgan kalamushlar, bemorlar va aqldan ozganlar yashaydigan bu joyda hayot uzoq davom etmaydigandek edi. Besh yoshida ko‘zi kasallanib deyarli ko‘r bo‘lib qolgan, sakkiz yoshida onasini yo‘qotgan, o‘n yoshida esa otasi ketib, qaytib kelmagan qizaloq Enn va uning akasi Jimmi ham mana shu joyda tirik qolish uchun hayot kechirardi. Afsuski uning akasi Jimmi ham vafot etdi. Qizaloq ko‘r ko‘zlari bilan ovqat topishni, o‘zini himoya qilishni, hayot uchun kurashni o‘rgandi. Beshafqat hayot uni qaysar, irodali qilib shakllantirgan edi. Lekin uning ichida yana bir narsa yonib turdi: bilim olish istagi, hayotdan ma’no topish xohishi. Va qizaloq uchun ana shunday imkoniyat paydo bo‘ldi. 1880 yilda Massachusets shtatining xayriya ishlari bo‘yicha inspektori bo‘lib ishlagan Frenk B. Sanborn boshpanani tekshirgani kelganida, o‘sha yerda yashayotgan ko‘zi ojiz Enn Sallivan bilan uchrashadi.

Enn Sallivan Sanbornning oldiga yugurib borib: “Janob Sanborn, men maktabda o‘qishni xohlayman, iltimos smenga yordam bering yo‘q demang” deb iltimos qilgan. Bu jasoratli da’vo Sanbornda katta taassurot qoldirgan. U “ha” degan birgina so‘zni aytgan.

Sanbornning yordami bilan Enn Sallivan o‘sha yilning oktyabr oyida Perkins ko‘zi ojizlar maktabiga yuborilgan.

Shu birgina “ha” so‘zi Enn uchun yangi hayot eshigini ochdi.

Enn Sallivan boshqa talabalar kabi emas edi. U qiyinchilik ko‘rgan, biroz bebosh va qaysar edi. Ammo unda bir narsa bor edi, qayirib bo‘lmaydigan iroda. Ko‘chada katta bo‘lgan qizaloq 1886 yilda kursni bo‘lib a’lo baholarga tugatdi. Va shu vaqtda Enn Sallivan Artur Kellerning xonadoniga ishga yuborildi. Shiddatli, jahldor, ko‘zlari ko‘r va quloqlari eshitmaydigan Xelenni shu paytgacha hech kim uddalay olmagandi. Enn esa uni tushundi, chunki u ham shunday edi – dunyoga g‘azab va nafrat bilan qaragan vaqtlarini esladi.

Enn harflarni Xelenning qo‘liga yozdi, go‘yoki so‘zlar suzib chiqdi. Xelen tushundi: harflar narsalarni anglatadi. Masalan w-a-t-e-r (cuv) bu suvning sovuqligi, oqishi, muzdayligi. Xelen uchun dunyo ochildi. Unga ustozi Enn Sallivann bir oy ichida yuzlab so‘zni ana shunday qo‘llariga yozib o‘rgatdi.

Aynan Sanbornning birgina “ha” deb berilgan javobi orqali Enn Sallivan ta’lim oldi va keyinchalik mashhur Xelen Kellerning ustozi va hamrohiga aylangan. Xelen shunday eslaydi: “Eng muhimi, mening hayotimdagi unutilmas kun – Enn Sallivan kelgan kun edi”. Enn va Xelen 49 yil birga bo‘ldilar – o‘qituvchi va shogird, himoyachi va do‘st. Xelen mashhur bo‘lganda ham Enn doimo uning yonida edi.

Ba’zan dunyoni o‘zgartirish uchun faqat bir so‘z kerak: HA

Ona “yo‘q” degan so‘zni yomon ko‘rgani uchun uning qizi keyinchalik milliardlab imkoniyati cheklanganlar uchun haqiqiy tirgak bo‘ldi. Enn Sallivan ham unutilgan qiz edi. Lekin u o‘qituvchi bo‘ldi. U dars bergan shogirdi esa mashhur yetakchiga aylandi.

Mening onam ham Judi kabi 1947-yilda tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli bo‘lishni istagan, lekin atrofidagi yaqinlaridan “yo‘q” degan javobni olgan. “O‘qiganimda hayotim umuman boshqacha bo‘lardi”, degan armon bilan o‘tib ketdi.

Judi, Enn imkoniyati cheklanishiga qaramay maktabga bordi, o‘qidi, Xelen tug‘ilgan yillarda mening momolarim ehtimol hech qachon orzu istaklari uchun “ha” degan javobni eshitishmagandir, shu birgina “ha” uchun bor budini berishga tayyor yashashgandir...

Ba’zan insonning eng oddiy da’vosi ham butun dunyoni o‘zgartirish qudratiga ega bo‘ladi. Onamning, onalarimizning o‘tmishda o‘qiyolmagan armoni, Judit Xyumanning nogironlar huquqlari uchun kurashi yo‘lidagi da’vosi va Sanbornning Enn Sallivan uchun taqdim qilgan “ha”si – barchasi shuni ko‘rsatadi: kichik, lekin chuqur ishonch va sadoqat bilan aytilgan da’vo o‘zingizni ham, siz yashayotgan jamiyatni ham o‘zgartirishi mumkin.

Har bir “da’vo” – bu ovoz, bu harakat, bu umid. Va shunga ishongan odamlar jamiyatni ilhomlantirishi mumkin. Ba’zan esa aynan shu da’vo, shu birgina “ha” bir hayotni, u esa butun tarixni o‘zgartirishi mumkin.

“Yo‘q” degan rad etishlar tufayli rivojlanish uchun zarur bo‘lgan qancha vaqtimizni, yillarimizni, qadamlarni yo‘qotdik ekan-a?! 

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring