«Hayotdan noliydigan malayziyalikni uchratmadim». Kuala-Lumpurda marketing menejeri bo‘lib ishlayotgan Azamat Yaxshiboyev bilan suhbat
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi orqali dunyoning turli nuqtalaridagi hamyurtlarimiz bilan intervyular uyushtirishda davom etamiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Osiyoning eng yirik turistik o‘lkalaridan biri Malayziyada mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshimiz Azamat Yaxshiboyev. Qahramonimiz Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Hozirda u poytaxt Kuala-Lumpur shahrida joylashgan City universitetining marketing bo‘limi menejeri hisoblanadi.
— Azamat, nima uchun hozir aynan Malayziyada mehnat faoliyatini olib boryapsiz?
— Bolalikdan yaxshi o‘qishga intildim. O‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimga faqat yaxshi bilim olish orqali erisha olaman, deb hisoblaganman. Ammo ba’zi sabablar bilan O‘zbekistonda bakalavr bosqichiga o‘qishga kira olmadim. Ochig‘i o‘sha paytlarda o‘zimizdagi oliygohlarga kirish juda qiyin edi. Kvotalar kam. Qabul imtihonlaridagi turli o‘yinlar odatga aylagandi. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Lekin oliy ta’lim tizimimizda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p.
Xullas, o‘sha paytda o‘qishga kira olmasdan biroz ruhiyatim cho‘kdi. Shundan so‘ng bir muddat Rossiyada ishlab, xorijda o‘qish uchun yetarli mablag‘ jamg‘ardim. Keyin bakalavr bosqichida o‘qish uchun bir necha variantlar orasidan Singapur davlatini tanladim. Singapurdagi o‘qish yomon emas edi. Biroq o‘sha kezlari Malayziyaga sayohat qilib, Malayziyadagi muhit va aholining katta qismi musulmon ekanligi ortidan o‘qishimni shu yerga ko‘chirdim. O‘qishni tamomlab, bir necha vaqt Avstraliyada amaliyot o‘tashga muvaffaq bo‘ldim. Hozir, aniqrog‘i bir yarim yildan beri Kuala-Lumpur shahridagi City universitetida marketing bo‘limi menejeriman.
— Malayziya yaxshi rivojlangan, ayniqsa, turistlar ko‘p tashrif buyuruvchi davlat. Shu nuqtai nazardan siz Malayziyaning taraqqiyot omillarini nimalarda ko‘rasiz?
— O‘ylashimcha, Malayziya qulay geografik mintaqada joylashgan. Zamonaviy inshootlar bilan birga go‘zal tabiat hududlariga ega. Yana bir sabab — mamlakatda har doim yoz faslining bo‘lishi va sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgani rivojlanishda muhim omil, deb hisoblayman. Qolaversa, qonun ustuvorligi ham yetarli darajada ta’minlangan. Nafaqat oddiy aholi, balki xorijiy investorlarning faoliyati huquqiy himoya qilinadi.
Shuningdek, davlatda asosan malay, xitoy va hindlar yashashadi. Malaylar musulmon, xitoy va hindlar boshqa din vakillari bo‘lsa-da o‘zaro ahillik va bir-biriga hurmat bor. Yana bir muhim jihatlardan biri, haligacha hayotdan noliydigan malayziyaliklarni uchratmadim.
— Sizningcha, Malayziyaning qanday muvaffaqiyatli tajribalarini O‘zbekistonda joriy etish mumkin?
— Malayziyaning ta’lim va turizm sohasidagi ko‘plab tajribalarini o‘rganish mumkin.
Ammo, hozir fursatdan foydalanib o‘zimning kichik bir taklifimni bildirib o‘tsam. Bilsangiz kerak, odatda nafaqat Malayziya, balki AQSh, Avstraliya va Yevropa mamlakatlarida bakalavrga qabul yagona tizimda amalga oshiriladi. Ya’ni, ingliz tilini bilish darajangizni belgilovchi IELTS yoki TOEFL sertifikatingiz bo‘lsa va maktabda yaxshi baholarga o‘qigan bo‘lsangiz imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinasiz.
Endi buni yurtimiz misolida ko‘rib chiqsak. Avvalo, tan olib aytish kerak, o‘zimizda kattalardan tortib, kichiklargacha ona tilimizda yetarlicha savodga ega emas. Ko‘pchiligimiz o‘zbek tilida fikrimizni ravon yetkazib bera olmaymiz. Yana ko‘plarimiz ona tilimiz qolib xorijiy tillarda gaplashishga, o‘zimizni chet tilini yaxshi biladigandek tutishga intilamiz. To‘g‘ri, xorijiy tillarni bilish zamon talabi. Ammo birinchi navbatda ona tilimizni chuqur bilsakkina, undan keyin, o‘zga tillarni bilish bilan maqtansak arziydi.
Shu jihatdan O‘zbekistonda ham yuqoridagidek o‘zbek tili darajangizni belgilovchi sertifikatlashtirish dasturi bo‘lsa, ana shu sertifikat va maktabda o‘qigan baholar inobatga olinib, to‘lov-shartnoma asosida qabul amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Agar talaba semestrlarni yaxshi topshira olmasa o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin. Ochig‘i, hozirgi o‘qishga qabul tizimi juda murakkab. Abituriyent katta qiyinchiliklar bilan talaba bo‘ladida, o‘qishni deyarli qiyinchiliklarsiz bitiradi. O‘ylashimcha, bizda o‘qishga qabul hozirgi jarayondan osonlashtirilib, semestr imtihonlari qiyin bo‘lishi kerak. Ya’niki, istagi bor odam o‘qishga qabul qilinsin. Lekin o‘qishni eplab ketganlarigina diplom olsin. Albatta, bular shaxsiy qarashlarim. Avvalo, O‘zbekistonda har qanday yangilikni joriy qilishdan oldin har tomonlama tahlil qilinib, keyin amaliyotga tatbiq qilish lozim.
— Kuala-Lumpur qanday shahar va malayziyalikla O‘zbekiston haqida qanday taassurotga ega?
— Kuala-Lumpur ajoyib shahar. Zamonaviy inshootlar qatori so‘lim tabiat go‘shalari bor. Menga ko‘proq poytaxtning biroz chekka qismida joylashgan kichik shahar – Petaling Jaya juda yoqadi. Yo‘lingiz tushib
Kuala-Lumpurga kelsangiz, albatta, Petaling Jayaga kelishni tavsiya qilaman. Shahar markazidan metro orqali taqriban 30 daqiqalik yo‘l.
Mamlakatimiz haqida asosan poytaxtliklar bilishadi. Ayniqsa, Al-Buxoriy, At-Termiziy kabi bobolarimizni alohida hurmat bilan tilga olishadi. Bundan o‘zbekistonlik sifatida faxrlanaman.
Bilishimcha, yaqinda malayziyaliklar uchun O‘zbekistonga borish uchun viza talab qilinmaydigan bo‘ldi. O‘ylashimcha, mana shunday ishlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
— 2019 yilda qanday kitoblar mutolaa qildingiz?
— Ochig‘i, inson ulg‘aygani sari turli hayot tashvishlari bilan bo‘sh vaqt topishga qiynalib qolar ekan. Lekin, shunday bo‘lishiga qaramay, bo‘sh vaqtlarimda suzish va tabiat qo‘ynida sayr qilish barobarida kitob o‘qishga harakat qilaman. To‘g‘risi, 2019 yilda kam mutolaa qildim. Faqat Jeyn Harperning «Quruqlik», Jek Richerning «Tungi maktab» va Amit Dhandning «Qorong‘u ko‘chalar» asarlarini ingliz tilida o‘qib chiqdim. Mazkur asarlarni albatta o‘qishni tavsiya qilaman. Umuman, kitob insonni hech qachon tark etmaydigan va beminnat ko‘p narsani o‘rgatadigan yagona do‘sti, deb o‘ylayman.
— Kelgusidagi rejalar qanday?
— Bir muddat yana shu yerda ishlab tajriba to‘plash niyatim bor. Keyin ta’lim sohasidagi biznes rejalarimni amalga oshirish orqali yurtimiz rivojiga hissa qo‘shish niyatidaman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter