Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Eronning oliy rahbarlari va qo‘mondonlarini qanday ov qilmoqda?

Isroil Eronning oliy rahbarlari va qo‘mondonlarini qanday ov qilmoqda?

Ali Xomanaiy, Ali Lorijoniy va Ismoil Xatib (Eron razvedka vaziri).

Foto: Reuters

«Meni eshityapsizmi? Biz siz haqingizda hamma narsani bilamiz. Siz bizning «qora ro‘yxatimizdasiz» — The Wall Street Journal nashri Isroil Eronning oliy rahbarlari va xavfsizlik kuchlari qo‘mondonlarini qanday ovlayotgani haqida yozdi.

Eronga qarshi urushda Isroil va AQSh vazifalarni aniq taqsimlab olgan: Pentagon nishonni harbiy va sanoat obyektlariga qaratgan bo‘lsa, Isroil kuchlari rejimning ichki tuzilmalariga zarba bermoqda. The Wall Street Journal jurnalistlari nishonlarning batafsil ro‘yxati va yetkazilgan zararlar baholangan hisobotlar bilan tanishib chiqishdi.

Tehrondagi aviazarbalardan keyin hosil bo‘lgan portlashlar tutuni, 2026-yil 28-fevral.
Foto: Akasbashi / Sipa / Scanpix / LETA

Isroil urushga Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning qarorgohiga zarba berish bilan kirdi. Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tib, Isroil samolyotlari Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bo‘linmalari, «Basij» ko‘ngillilar qo‘shini va maxsus politsiya kuchlari bilan bog‘liq shtablar hamda qo‘mondonlik markazlariga tizimli ravishda zarbalar berishga kirishdi.

Tehrondagi Ali Xomanaiy qarorgohining Isroil zarbasidan so‘ng sun’iy yo‘ldoshda olingan tasviri, 2026-yil 28-fevral.
Foto: Pleiades Neo / Airbus / Reuters / Scanpix / LETA

WSJ qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Isroil Eron xavfsizlik kuchlarining infratuzilma yo‘q qilinganda sport obyektlarida to‘planish haqidagi zaxira rejasini aniqlagan va ushbu joylarga zarbalar bergan. Oqibatda, yuzlab xavfsizlik xodimlari va harbiylar halok bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi Tehrondagi yirik futbol arenasi — «Ozodiy» stadionida to‘plangan edi.

Tehrondagi «Ozodiy» stadioni Isroil zarbasidan so‘ng, 2026-yil 5-mart.
Foto: Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA

Isroilning yana bir nishoni Ali Xomanaiyning eng yaqin safdoshi, mamlakat yadroviy dasturi me’morlaridan biri — Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Lorijoniy bo‘ldi. 17-mart kuni erta tongda Lorijoniy boshqa mulozimlar bilan birga Tehron chekkasidagi yashirin joyga kelganida Isroil maxsus xizmatlari tomonidan aniqlangan va u yerga raketa zarbalari berilishi oqibatida halok bo‘ldi.

Bir paytning o‘zida Isroil «Basij» kuchlari (IIQK tarkibidagi bo‘linma) qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy o‘z o‘rinbosarlari bilan Tehrondagi o‘rmonli hududda, chodirda yashiringani haqida ma’lumot oldi. U ham o‘ldirildi.

The New York Times gazetasining yozishicha, Lorijoniyning o‘limi eronliklar orasida mamlakat taqdiri va nizoning keyingi rivoji borasidagi xavotirlarni kuchaytirib yubordi. Ommaviy qo‘rquv eronlik mulozimlarga ham «yuqqan». Ulardan birining aytishicha, hamkasblari unga qo‘ng‘iroq qilib, mamlakat oliy rahbariyati vakillarining hayoti hamda o‘z xavfsizliklari borasida xavotirlanishayotganini bildirishgan. Hammani yagona savol — navbatdagi nishon kim bo‘lishi qiynamoqda, dedi u.

Boshqa bir mansabdor Lorijoniyning halokati haqidagi xabarni eshitib «titrab ketganini» aytdi. Vahima hammayoqni qamrab olgan: odamlar Isroil Eronning barcha yetakchilarini o‘ldirmaguncha to‘xtamasligidan qo‘rqmoqdalar, deya qo‘shimcha qildi u.

Isroilning bahosiga ko‘ra, ushbu hujumlar oddiy askarlarning ruhiyatini tushirib yuborgan: xavfsizlik kuchlari xodimlari o‘z avtomobillarida, masjidlarda yoki sport inshootlarida tunashga majbur bo‘lishmoqda.

Erondagi guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari jon saqlash uchun maktablar, sport inshootlari va turarjoy binolarini egallashmoqda. Tehronning tumanlaridan birida politsiya zarbalardan saqlanish uchun o‘z nazorat-o‘tish punktini ko‘prik ostiga ko‘chirgan. Xavfsizlik kuchlari xodimlari chodirlar tikishmoqda yoki avtobuslarga joylashishmoqda, ular turarjoy binolaridan boshpana sifatida foydalanganda esa, odamlar hujumlardan qo‘rqib binolarni tark etishmoqda.

WSJ ta’kidlashicha, Isroil va AQSh boshidanoq urush Eronda rejimni ag‘darish uchun sharoit yaratishi shartligini ma’lum qilishgan. Yuqori lavozimli mulozimlarning o‘ldirilishi ushbu kampaniyaning muhim bosqichlariga aylandi.

Shu bilan birga, WSJ manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Isroil razvedkasi xodimlari Erondagi ayrim qo‘mondonlarga qo‘ng‘iroq qilib, agar ular ehtimoliy norozilik namoyishlariga to‘sqinlik qilsalar, o‘zlari va oilalariga zarar yetishi haqida tahdid qilishmoqda. Jurnalistlar Eron politsiyasi rahbarlaridan biri va «Mossad» (Isroil razvedkasi) agenti o‘rtasidagi ana shunday suhbatlardan birining mazmuni bilan tanishib chiqishdi. Nashr undan iqtibos keltiradi:

— Meni eshityapsizmi? — deydi «Mossad» agenti fors tilida. — Biz siz haqingizda hamma narsani bilamiz. Siz bizning «qora ro‘yxatimizdasiz» va bizda siz haqingizdagi barcha ma’lumotlar bor.

— Xo‘p, — deb javob beradi politsiya rahbari.

— Men sizni oldindan ogohlantirish uchun qo‘ng‘iroq qilyapman: siz o‘z xalqingiz tomonida turishingiz kerak. Agar buni qilmasangiz, qismatingiz rahbaringizniki kabi bo‘ladi. Meni eshityapsizmi?

— Birodar, Qur’on bilan qasam ichaman, men sizga dushman emasman. Men tamom bo‘ldim. Iltimos, bizga yordam bering...

Eronliklar mamlakatda tartibsizlik kuchayib borayotgani haqida tobora ko‘p gapirishmoqda. Xavfsizlik kuchlari o‘z imkoniyatlari chegarasida ishlamoqda. Biroq harbiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, hukumatni faqat havo zarbalari yordamida ag‘darish (agar umuman buning iloji bo‘lsa) o‘ta mushkul, deya ta’kidlaydi WSJ. «Agar Eron rejimi omon qolsa, u ushbu nizodan o‘ziga yanada ishongan va yanada xavfliroq bo‘lib chiqishi mumkin», — deya xulosa qiladi jurnalistlar.

«Ular [эронликлар] tizim ularning ko‘z o‘ngida parchalanib borayotganiga guvoh bo‘lishmoqda. Ammo vaziyatni tubdan o‘zgartirish uchun bundan ancha ko‘p zarbalar kerak bo‘ladi», — dedi Vashington instituti (Washington Institute) tahlil markazining Eron bo‘yicha katta ilmiy xodimi Farzin Nadimiy.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring