Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moldova Rossiyadan uzoqlashuv yo‘lida jiddiy qadam tashladi

Moldova Rossiyadan uzoqlashuv yo‘lida jiddiy qadam tashladi

Foto: AP

Moldova MDHga doir muhim hujjatlardan chiqdi. Mamlakat parlamenti qabul qilgan va prezident Mayya Sandu ma’qullagan qonunga asosan endilikda Moldovada MDHni tuzish to‘g‘risidagi ta’sis shartnomasi, ushbu shartnoma bayonnomasi hamda MDH nizomi yuridik kuchga ega emas.

Bu harakat Moldovaning MDHdan chiqayotganini anglatadi. Hamdo‘stlikdan chiqish rasman 12 oydan keyin ro‘y beradi.

1991-yilda sobiq Sovet Ittifoqi makonida tashkil etilgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina kabi 11 ta postsovet davlatni birlashtiradi.

Rossiya Gruziyaning Janubiy Osetiya va Abxaziya kabi ayirmachi hududlari mustaqilligini tan olgach, Tbilisi hukumati 2009-yildan MDH tarkibidan chiqqan.

Ukraina yuridik jihatdan MDH a’zosi, ammo 2018-yildan buyon tashkilot faoliyatida qatnashmayotir.

Moldova Rossiya qutbidan chiqib, erkin dunyo sari intilmoqda. Moskvadan uzoqlashuv siyosatini yuritayotgan Moldova aslida 2024-yil oxirigacha MDH tarkibidan chiqish istagini bildirgandi.

Moldova tomoniga ko‘ra, «Rossiya boshqarayotgan MDHda qolishning endi ma’nosi yo‘q».

Mayya Sandu 2020-yilda Moldova prezidenti etib saylangach, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi rejasini e’lon qildi. Siyosatchi YIga a’zolikni MDH bilan integratsiyaga zid deb baholagan. Kishinyov 2030-yillar oxiriga qadar YIga a’zo bo‘lishni maqsad qilgan.

Prezident Mayya Sandu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini keskin qoralab, Kremlni uning hukumatini zaiflashtirishga urinishda ayblab keladi. Sandu Kreml mamlakatda davlat to‘ntarishi va qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida ham bayonot bergani ma’lum.

Moskva Moldovada 2024-yil 20-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovga turli yo‘llar bilan aralashish hamda fuqarolarning suveren huquqidan foydalanishga to‘sqinlik qilishda ham ayblangan.

AQSh ham 2023-yili Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgandi. Vashingtonga ko‘ra, Kreml YI bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilayotgan Sandu hukumatini zaiflashtirishga uringan.

2025-yilda Moskva Kishinyov hukumatiga bosim o‘tkazgani, ammo Moldova Rossiya shantajiga yon bermagani xabar qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring