Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biologiya: Olimlar  nihoyat Venera pashshaxo‘rining sirini aniqlashdi

Biologiya: Olimlar  nihoyat Venera pashshaxo‘rining sirini aniqlashdi

foto: Agro 24

Olimlar Charlz Darvin davridan beri jumboq bo‘lib kelayotgan Venera pashshaxo‘ri (Dionaea muscipula) sirini ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Gap o‘simliklar olamidagi eng g‘ayrioddiy yirtqichlardan biri — AQShning sharqiy sohilidagi botqoqliklarda yashaydigan va o‘zining o‘ljasini hayratlanarli tezlikda tutib olishga qodir bo‘lgan kichik hasharotxo‘r o‘simlik haqida bormoqda.

Venera pashshaxo‘ri xuddi jag‘larni eslatuvchi tuzoq-barglari bilan mashhur. O‘simlik hasharotlarni shirin nektar bilan o‘ziga jalb qiladi va barglarning ichki yuzasidagi sezuvchan trigger-tukchalardan foydalanadi. Hasharot ushbu tukchalarga tegishi bilan tuzoq yopiladi va o‘ljani ichkarida ushlab qoladi.

Biroq, o‘nlab yillar davomida olimlar na mushaklari, na asab tizimi bo‘lgan o‘simlik qanday qilib juda tez uchadigan hasharotlarni ham tutib oladigan darajada shiddat bilan harakat qilishini tushuna olishmagan.

Darvinning taxminlari

Hatto Charlz Darvin ham bu o‘simlikning imkoniyatlaridan hayratga tushgan edi. U Venera pashshaxo‘rini qo‘zg‘algandan so‘ng hayvonlarning hazm qilish shirasiga o‘xshash, tarkibida kislota va fermentlar bo‘lgan suyuqlik ajratuvchi organizm sifatida tasvirlagan. Uning xulq-atvori shu qadar g‘ayrioddiy tuyulganki, Darvin o‘simlikda mushaklarning o‘ziga xos analogi mavjud deb taxmin qilgan.

Xalqaro tadqiqotchilar guruhining yangi ishi nihoyat ushbu mexanizmni anglashga yaqinlashish imkonini berdi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, sezuvchan tukchalar ishga tushgandan so‘ng, tuzoq-barglarning hujayralari o‘zlarining mexanik xususiyatlarini juda tez o‘zgartiradi. Soniyalar ichida hujayra devorlari sezilarli darajada yumshaydi, bu esa tuzoqning shiddat bilan yopilish jarayonini boshlab beradi.

Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi va Eks-Marsel universiteti doktori, tadqiqotning yetakchi muallifi Yoel Forterrning so‘zlariga ko‘ra, pashshaxo‘rning harakatlanish siri botanikadagi eng qiziqarli jumboqlardan biri bo‘lib kelgan. Olimning ta’kidlashicha, Darvin bu hodisadan shu qadar lol qolganki, o‘simliklarda mushak va asablar bo‘lmasa-da, uning ichida mushaklar bo‘lishi kerak deb hisoblagan.

Tuzoq qanday ishlaydi?

Tadqiqotchilar uchun asosiy qiyinchiliklardan biri — bu juda tez sodir bo‘ladigan harakat jarayonini o‘rganish edi. Bundan tashqari, olimlarni o‘simlik qanday qilib tasodifiy teginish bilan haqiqiy o‘ljani farqlashi anchadan beri qiziqtirib kelardi. Agar tuzoq suv tomchisi yoki boshqa soxta signal tufayli yopilsa, u odatda ertasi kuniyoq qayta ochiladi. Agar ichkariga hasharot tushsa, uzoq davom etadigan hazm qilish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon o‘simlik yumshoq to‘qimalarni eritib, ozuqa moddalarini so‘rib olgunga qadar bir necha hafta davom etishi mumkin.

Tajribalar davomida olimlar jamoasi o‘simlik barglarini stomatologik yelim yordamida fiksatsiya qilishdi (qotirib qo‘yishdi). Bu sezuvchan tukchalarni faollashtirgan holda tuzoqni ochiq holatda saqlash va aniq o‘lchovlarni amalga oshirish imkonini berdi.

Avvalgi tadqiqotlar tukchalarga tegish elektr signalini paydo qilishini va u tuzoqni soniyaning ulushlarida yopib qo‘yishini ko‘rsatgan edi. Mexanizmni yanada chuqurroq o‘rganish uchun tadqiqotchilar yuqori aniqlikdagi mexanik o‘lchovlar uchun mo‘ljallangan «nanoindentor» qurilmasidan foydalanishdi. Qurilmaning metalli uchligi barglarning tashqi yuzasiga tekkazib ko‘rildi.

Noyob mexanik xususiyat

O‘lchovlar shuni ko‘rsatdiki, tukchalar faollashgandan so‘ng to‘qimalarning qattiqligi sezilarli darajada kamayadi. Forterr tushuntirishicha, bunga sabab hujayralarning o‘zi vaqtinchalik moslanuvchan (egiluvchan) bo‘lib qolishidir.

Ilgari harakat asosan barglar ichidagi suvning qayta taqsimlanishi hisobiga sodir bo‘ladi, degan gipotezalar mavjud edi. Biroq yangi ma’lumotlar boshqa mexanizmga ishora qilmoqda. Olimning so‘zlariga ko‘ra, aniqlangan jarayon to‘nkarilgan porshen yoki bosim ostida asl holatiga qaytadigan tugmachaning ishlashini eslatadi. Hujayra devorlarining tez yumshashi barglarning bir zumda shaklini o‘zgartirishiga va tuzoqni yopishiga imkon beradi.

Forterrning qayd etishicha, unga bunday mexanik xususiyatlarga ega bo‘lgan boshqa biror bir o‘simlik ma’lum emas. Venera pashshaxo‘ri o‘z hujayralarining mexanik xususiyatlarini favqulodda tez o‘zgartirishga qodir, bu esa uni o‘simliklar dunyosida noyob qiladi.

Tadqiqotchi ushbu jumboqni yigirma yilga yaqin vaqtdan beri o‘rganayotganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fizik sifatida uni doimo o‘simlik harakati zamirida yotgan kuchlar va mexanizmlar qiziqtirib kelgan. Endi esa, ushbu ilmiy ish natijalari tufayli eng mashhur biologik jumboqlardan biri nihoyat ishonchli yechimga ega bo‘ldi.

Manba: New-Science.ru

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring