Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Musulmon olami intiqib kutgan hodisa ro‘y berdi

Musulmon olami intiqib kutgan hodisa ro‘y berdi

Foto: SPA

Hijriy taqvim bo‘yicha yangi 1448-yilning ilk lahzalari, muharram oyining birinchi kunida (2026-yil 16-iyun) Ka’bai muazzamaning yopinchig‘i — kisvani almashtirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Saudiya Arabistoni rasmiy axborot agentligi (SPA) xabar berishicha, 150 nafar hunarmand-usta 11 oy mobaynida tayyorlagan 1 410 kilogramm og‘irlikdagi kisva Masjidul-haromning Ka’ba joylashgan Matof maydoniga maxsus ulovda, qo‘riqchilar hamrohligida keltirilgan.

Foto: SPA

Malakali mutaxassislardan iborat maxsus guruh kisvani almashtirishni nazorat qiladi. Bu jarayon eski ka’bapo‘shni ko‘tarish, undagi oltin bilan ishlangan elementlarni yechib olish va yangi qoplamani o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.

Kisvaning almashtirilishi butun musulmon dunyosi intiqib kutadigan va ixlos bilan kuzatadigan hodisa sanaladi.

Makkai mukarramada joylashgan, Podshoh Abdulaziz nomidagi majmuada tayyorlanadigan kisva uchun yuqori sifatli xomashyo materiallari, jumladan, 825 kilogramm tabiiy ipak, 120 kilogramm oltin ip, 60 kilogramm kumush ip va 400 kilogramm paxta tolasi ishlatiladi.

Foto: SPA

Materiallar eng yuqori sifat standartlariga muvofiq hamda iqlim sharoitlariga chidamli bo‘lishi uchun maxsus laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi.

Ka’ba Qur’on oyatlari va naqshlar mohirlik bilan kashta tarzida tushirilgan mato bilan to‘liq qoplanadi.

Kisvani to‘qish va tayyorlash jarayoniga taxminan 6,68 million AQSh dollari sarflanadi. Ka’bapo‘sh nafaqat yuksak hunarmandlik namunasi, balki islom olamining muqaddas ramzlaridan biri sifatida alohida qadrlanadi.

Manbalarga ko‘ra, Ka’bani ilk bor kisva bilan yopgan inson payg‘ambar Ismoil alayhissalomdir.

Ka’ba yopinchig‘i ranglari turli davrlarda turlicha bo‘lgan. Kisvani qora rangda qilish abbosiy hukmdorlar davridan urfga kirgan, chunki mazkur sulolaning bayrog‘i qora rangda bo‘lgan.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili Saudiya Arabistoni rahbariyati O‘zbekiston xalqiga muqaddas Ka’ba yopinchig‘ining bir parchasini hadya qilgan edi. Ushbu mo‘’tabar tuhfa Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda.

Oldinroq Xabar.uz kisvani tayyorlash jarayonidan reportaj tayyorlagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring