Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

«Otalik ta’tili» yo‘qmi?

«Otalik ta’tili» yo‘qmi?

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi paytlarda oilaviy ajrimlar, jinoyatlar, er-xotin munosabatlaridagi muammolar ko‘payib borayotgani barchamizni tashvishga soladi. Ularning oldini olish uchun olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish uchun quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.

Birinchidan, farzandli oilalarga bola tarbiyasi uchun hech qanday imtiyoz mavjud emas. Agar ota yoki ona ishlaydigan bo‘lsa, bir martalik suyunchi puli, ona uchun ish joyidan to‘rt oylik ish haqi miqdorida dekret puli beriladi, xolos. Ishsizlarga esa Vazirlar Mahkamasi nizomining bandlariga mos kelsagina ikki yoshgacha nafaqa berilishi mumkin.

Har qanday farzandli oilaga bola uch yoshga to‘lgunicha eng kam ish haqining ikki-uch barobari miqdorida bola pulini joriy etish kerak. Agar ikkinchi va uchinchi farzand dunyoga kelsa, ularga onalik kapitalini taqdim etish zarur. Chunki hozir rag‘batlantirish tizimi yo‘qligi sababli yosh oilalarga o‘rtacha bir yoki ikkitadan farzand to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro tahlillar shuni ko‘rsatayaptiki, agar oilada farzandlar soni uchtadan kam bo‘lsa, bu mamlakatda demografik turg‘unlikka sabab bo‘ladi va uni hal qilish uchun keyinchalik ulkan mablag‘larni sarflashga to‘g‘ri keladi. Hozir Rossiyada demografik o‘sishni rag‘batlantirish uchun «onalik kapitali»ni to‘lash joriy etilgan, har yili yuz millionlab dollar sarflanmoqda. Uch bolali oilalarni ko‘p bolali oila deb tan olish, ularga har tomonlama imtiyozlarni yaratib berish kerak. Shu ma’noda «Bolali oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida»gi qonunni qabul qilish vaqti yetgan ko‘rinadi.

Ikkinchidan, bepushtlik yoki juftliklardan biridagi jinsiy muammolar tufayli farzandsiz oilalarning ajralib ketishi tobora ko‘proq kuzatilmoqda: 2014-yilda 7994 ta, 2016-yili 7390 ta. Shu bois farzandsiz oilalar uchun bola asrab olishning afzalliklarini keng targ‘ib etish zarur. O‘zi umuman «Yetim bolalarsiz mamlakat» aksiyasini o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz. Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan ming-minglab bolalarni oilalarga tarqatish ularning istiqboliga va ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Uchinchidan, oilalar mustahkamligini saqlash maqsadida har yilning ma’lum bir sanasini «Oila kuni» deb e’lon qilish va dam olish kuni etib belgilash kerak. Shu kuni uzoq vaqt – 75, 70, 65, 60, 55, 50, 45, 40, 35, 30, 25 yil birgalikda turmush kechirgan ahil oilalarni davlat tomonidan mukofotlash, yoshlarda oilaga nisbatan mas’uliyat va mehr hislarini oshirishni targ‘ib qilish maqsadga muvofiq. Festivallar tashkil qilish, otalar, onalar va bolalarga turli-tuman sovg‘alar berish tavsiya etiladi. Bunday festivallar xorijiy mehmonlar e’tiborini tortishi bilan ham nihoyatda ahamiyatli bo‘ladi.

Ajrimlar ko‘rsatkichi o‘sishda shunday davom etsa, 10-15 yildan keyingi vaziyatni tasavvur qilish yoqimli bo‘lmaydi. Har yili 300 ming oila qurilayotgan bo‘lsa, ajrimlar soni 2017-yili 31930 tani tashkil etdi. 2016-yilda bu raqam 29647 ta edi. Erkaklarning katta qismi ajrimning birinchi yilidayoq oila qurib ketayotgan bo‘lsa, ayollar chuqur ruhiy bosim ostida qolmoqda. Eng tashvishlanarlisi, har yili yarashtirish komissiyalariga ajrashish istagidagi 90 mingdan ortiq fuqaro ariza bilan murojaat qilayotganini nazardan qochirmaslik kerak. Komissiyaning kuyib-pishishi bilan, undan o‘tsa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan uchdan ikki qism arizachining muammosi hal etilib, oilasi saqlab qolinmoqda.

To‘rtinchidan, nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga jiddiy o‘zgartirish kiritish lozim. Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik sog‘liqni umumiy tekshirish bilangina cheklanib qolmoqda. Bir parcha ma’lumotnoma taqdim etish bilan masala yopilayapti. Fikrimizcha, nikohdan o‘tuvchilar uchun oilani rejalashtirish, kontratsepsiya vositalari, jinsiy tarbiya va ma’rifat, oila qurish mas’uliyati, onalik va otalikning nozik sirlari bo‘yicha uch kunlik bepul kurslarni tashkil qilish kerak.

Shu bilan birga bunday tibbiy ko‘rik nikohga ariza berishdan oldin emas, balki eskidan urf bo‘lib kelayotgan unashtirish marosimidan avval o‘tkazilishi zarur. Chunki unashtirib qo‘yilgan yoshlar, garchi keyinchalik ularning birida oila qurishga monelik qiluvchi xastalik aniqlansa, hatto u tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi aniqlansa ham, yuzxotirchilik tufayli nikohdan o‘tishadi.

Beshinchidan, O‘zbekistonning dunyoga ochiqlik va shaffoflik, xalqaro demokratik andozalarga amal qilayotgan siyosati G‘arb davlatlarining bir jinsli munosabatlarni qonuniylashtirish siyosati bilan to‘qnashmoqda. Yurtimizda G‘arbning bu axloqsizligi ildiz otishining oldini olishimiz shart.

Tashqi ishlar vazirligi diplomatik vakolatxonalar va xorijga chiquvchi delegatsiyamiz vakillarini «An’anaviy oila institutining afzalligi» borasida kompleks qurollantirishi kerak. Toki, xorijliklarning bot-bot yangraydigan savollariga mum tishlab o‘tirmay, o‘z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib, diniy va an’anaviy e’tiqodlarimizga mos kelmaydigan bunday nomaqbul odatlarga keskin javob qaytarishga tayyor tursin.

Oltinchidan, xorijga chiquvchilar uchun va xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirishi uchun viza tartibining yengillashtirilayotgani, xorijga chiqish stikerini bekor qilishga zo‘r berib tayyorgarlik ko‘rilayotgani, integratsiya jarayonlari kuchayayotgani qator muammolarni tug‘dirmoqda. Oxirgi vaqtlarda chet elliklar bilan o‘zbekistonlik qizlar oila qurishi ko‘p kuzatilayapti. Ularning ko‘pi keyinchalik ajrashib, noqulay ahvolga tushib qolayotgani, huquqlari poymol bo‘layotganiga istalgancha misol topish mumkin.

Albatta, mutassib millatparast emasman, ammo kosmopolit ham emasman. Yoshlar ittifoqi yoki partiyalarning «Erkaklar qanoti» guruhlarini faollashtirish, «Biz sizni hech kimga bermaymiz» kabi aksiyalarni o‘tkazish kerak. Bunda uylanayotgan qizga mebel, to‘y xarajatlari kabi ortiqcha «soliq»larning solinishi oxir-oqibat ularning «taqchilligi»ni keltirib chiqarishini yigit mardumlarga to‘qqiz pulday qilib tushuntirish zarur. Chet elliklarga turmushga chiqayotgan qizlarni to‘xtatib qolishga irodamiz yetmayotgan ekan, hech bo‘lmasa ularning huquqlarini himoya qilishimiz kerakka o‘xshaydi. Xotin-qizlar qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzurida Chet eldagi o‘zbek ayollarining manfaatlarini himoya qilish maxsus guruhini tuzishni taklif etmoqchiman.

Yettinchidan, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazini oilalar manfaatlarini mustahkam himoya qiluvchi kuch sifatida shakllantirishni davrning o‘zi talab qilmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati bir necha bor isloh qilingani bilan kutilgan natijaga erishilmayotganini bugun sira inkor qilib bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi Oila, qariyalar va ayol-qizlar ishlari vazirligini tashkil qilish maqsadga muvofiqday ko‘rinadi. 

Sakkizinchidan, sudlaring ishi shu qadar ko‘pki, ajrimlar masalasi sinchkovlik bilan va alohida yondashuv asosida ko‘rilayotgani shubha ostida qolmoqda. Bizningcha, sudlarda ajrashish haqidagi ariza qabul qilingan vaqtdan boshlab hozirgi olti oy muhlat o‘rniga, bir yillik «ayriliq davri»ni joriy etish kerak. Shundan boshlab er-xotin alohida yashay boshlaydi. «Yolg‘izlik davri»da ikki tomon ham nikohni bekor qilishga qarshilik bildirmasa, ishni ko‘rib chiqish mumkin. Bir-biridan ayro yashash davrida er-xotinning ajrashish haqidagi qarori qat’iymi, bu jarayonda uchinchi shaxslarning ishtiroki hal qiluvchi tusga ega emasmi degan savollarga uzil-kesil javob topish lozim. Sinov davrida ulardan biri yarashishga astoydil harakat qilsa, sud majburiy ayriliqqa chek qo‘yadi. Bu orqali shoshilinch qaror qabul qilishning oldi olinadi.

To‘qqizinchidan, butun dunyo mamlakatlarida oilada erkaklarning rolini oshirish, farzand tarbiyasida ularning ishtirokini kengaytirish va mustahkamlash tendensiyasi kechmoqda. Aksariyat davlatlarda homilador xotinni tug‘ruqxonaga joylashtirish, tug‘ruq jarayonida bevosita ishtirok etish va chaqaloqqa barcha sharoitlarni muhayyo qilish, go‘dak parvarishi uchun 14 kundan olti oygacha oylik ish haqi saqlab qolinadigan otalik ta’tili joriy etilgan. O‘zbekiston qonunchiligiga ham «otalik ta’tili» degan tushunchani olib kirish va qo‘llash davri yetdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring