Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

O‘zbekistonda polyaklar qabristoni, eng qimmat til, oq kiyikni quvlayotgan sher – Registon ansambli gidlar bo‘limi boshlig‘i Asliddin Safarov bilan suhbat (2-qism)

O‘zbekistonda polyaklar qabristoni, eng qimmat til, oq kiyikni quvlayotgan sher – Registon ansambli gidlar bo‘limi boshlig‘i Asliddin Safarov bilan suhbat (2-qism)

Foto: «Xabar.uz»

1-qism:  Davlat rahbarlari salobati, tillaqoshli onaxon, osh izlagan mehmonlar – Registon ansambli gidlar bo‘limi boshlig‘i Asliddin Safarov bilan suhbat


– Suhbatimizning avvalgi qismida Yaponiyaga taklifni rad qilganingizni aytdingiz. Xo‘p, bu 15 yil avvalgi gap edi. Lekin, bugun odamlarimiz xorijga talpinishi kuchaygandek. Fikringiz o‘zgarmadimi? 

Ko‘pchilik shuncha turistlar bilan ishlaysan, shunaqa katta mehmonlarni olib yurasan, birortasiga qo‘shilib olib, ketvormaysanmi deydi.

– Demak, savolim o‘rinli ekan-da.

Har kunlik xarajat uchun pulingiz yetsa, uyingiz, ishingiz bo‘lsa, bolalaringiz o‘qisa, undan ortig‘ini so‘rash Ollohga ham xush kelmaydi. Shu joyida Polshadagi voqea yodga tushdi.

2019 yilning yozi, hali panmemiya haqida gap yo‘q edi, Polshadan sayyohlar guruhi kelishdi. Odatdagicha ekskursiyadan tashqari, Shaxrisabzda polyaklar qabristoniga ham olib bordim. U yerda 256 nafar polyak askari qabri bor. Tarixi bilan rosa qiziqishdi. So‘ng Samarqandga qaytib o‘zbek gastronomiyasi ko‘rgazmasini tashkil qildik. Shu orada o‘zim chiroyli qilib samarqandcha osh damlab berdim. Vaqti soati kelganda xayrlashdik. Yangi guruhlar kelaverganida eskilari, tabiiyki, sekin-sekin unutila boradi.

Qarangki, 2021 yilda Polshaga ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun bordik. Shunda feysbukda bu haqda ma’lumot qoldirdim. O‘sha 2019 yilda men gidlik qilgan guruhdagilar xabarni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlashdi. Keyin, mehmonga taklif qilishdi. Bularning mehmondorchiligi qanaqa bo‘lar ekan, deb, ochig‘i, qiziqdim. Bordim.

Guruhda 14 nafar sayyoh bor edi, shundan 4 nafari to‘plandi. Izzat-ikromni o‘rniga qo‘yishdi. Kechga yaqin Samarqanddagi oshni sog‘inishdi, «o‘sha oshni shu yerda qilishning iloji bormi?» deya iltimos qilishdi. Man esa erindim-da, «bizdagi mahsulotlar bu yerda yo‘q-da, bo‘lsa damlab berardim» deb qutulmoqchi bo‘ldim. Lekin, gipermarketdan qo‘y go‘shti ham, oshbop guruch ham, sazbi ham topildi. Juda chiroyli, xushta’m osh chiqdi. Ketishga chog‘lanayotgan vaqtimda Pyotr degani «ertaga xotinimning tug‘ilgan kuni, ertaga ham o‘zbek palovini pishirib berasanmi?» deb qoldi. O‘yladimki, o‘zimizda to‘y-bazmlarda chet eldan artist olib kelsa, ancha gap bo‘ladi-ku, O‘zbekistondan oshpaz kelib osh pishirdi degan gap kerakmikan, deb xursand ham bo‘ldim. Ertasiga endi kattaroq osh damlandi. Hammaga yoqdi. Oxirida yanada qiziq taklif bo‘ldi. Asosiy biznesi logistika, 500 dan ortiq yuk mashinasini boshqarish bo‘lgan, buning ustiga bir nechta restoranlari ham bo‘lgan Pyotr aka doimiy ishga taklif qildi. O‘zbek palovi oshpazligi! Restoranlari asosan «dostavka»da ishlarkan. 10-15 kilo osh damlasam, 3 ming dollar maosh berishini aytdi. Men undan ko‘proq aytsa ham qololmasdim. Uzrimni aytib qaytdim.

– Aytganlaringiz kimgadir balanparvoz gaplar bo‘lib tuyular. Keling, savolni boshqacha qo‘yaylik. Birinchi maoshingizni eslaysizmi?

– Ish boshlaganimda Registon mustaqil direksiyasi bilan bevosita shartnoma tuzildi. Hozir ham xuddi shunday qilinadi. Shartnomaga ko‘ra, bir oyda 18 ming so‘m tushurishimiz kerak edi. Ya’ni, biz davlatga 18 ming so‘m tushirsak, uning 40 foizi o‘zimizga maosh bo‘lib keladi. Talabaman, shartnomada o‘qiganman, oladigan bahongizga qarab stipendiya beriladi. «To‘rt»da o‘qirdim va stipendiyam 7 ming so‘m edi. Xullas, shartnoma pulini to‘lashga, o‘zimning xarajatlarimni qoplashga maoshim yetar va stipendiyamni g‘amlashni ham o‘rgana boshlagan edim. U vaqtlar turfirma, turagentliklar bunchalik rivojlanmagan edi, haftada ikki marta – shanba, yakshanba ekskursiya bo‘lardi. Ichki sayyohlik bo‘yicha mahalliy sayyoh guruhlarini shahar bo‘ylab sayohat qildirib tushuntirib borardik.

– Bugungi kunda ekskursiyaga qanday standartlar asosida pul to‘lanadi?

– Hozirda Siz olib boradigan ekskursiyangiz, statusingizga qarab, har xil firmalar Sizga turlicha narx taklif qiladi.

– Xorijga borib, oddiy muhojir sifatida ishlayotganlar orasida o‘qituvchilar, vrachlar, boringki, jurnalistlarni ham uchratdik. Biroq, gidlardan oddiy mehnat muhojiri chiqqani haqida eshitmadik.

– Yashirishning keragi yo‘q, bir haftada 7 kun bo‘lsa, shundan 4 kunida gidga ekskursiya beriladi deylik. Rossiyadagi muhojirning o‘rtacha maoshini malakali gid ham topishi mumkin. Yana shuni ham aytish kerak, bu mavsumdagi holat. Mavsum tugashi bilan gid ishi ham susayadi.

Muhojirlar haqida yaxshi eslatdingiz. Bizda aksincha jarayon kuzatilayapti. Ma’lum mamlakatning tili, urf-odati, mintalitetini yaqindan o‘rganib qaytgan hamyurtlarimiz aynan shu yurt sayyohlariga xizmat qila boshlashgan. Masalan, Malaziyada, Indoneziyada ishlagangina emas, o‘qiyotgan talabalar ham ta’tillarida, o‘sha davlatlardan kelgan sayyohlar bilan erkin gaplashib, sayohat o‘tkazadilar. Bir opamiz 4 yil Turkiyada ishlagan ekanlar, yozuv, o‘quvlarini ham yaxshi bilarkanlar. Turk tilida tiniq gapiradilar. Hozirda shularni ekskursovodlikka tayyorlayapmiz.

– Gid qaysi tilda ish olib borishiga qarab narx belgilanmaydimi?

– Bunaqa standartlar hozirgi kunda kuzatilgani yo‘q. Lekin, ayrim holatlar bundan mustasno. Masalan, Xitoy tilida ish olib boradigan gidlarimiz xizmati sal qimmatroq baholanadi. Negaki, xitoy tillilarimiz kamchilik.  

– O‘zingizning Registonga ishga kelishingiz qanaqa bo‘lgan?

– 3-kursda edik, Samarqand davlat muzey qo‘riqxona qoshida gid eskskursovodlar kursi tashkil etildi. Ana shu olti oylik kursda o‘qiganmiz. Qurbon Hasanov degan ustozimiz Registonda ilmiy xodim edilar, keyin direktor bo‘ldilar. Samarqandda muzey sohasida butun umrlarini sarf qilgan yetuk shaxs edilar. Imtihonni Qurbon Hasanov o‘tkazgan. Men esa ikki marta yiqilganman. Shundan so‘ng chaqirtirdilar. «Bu kasbning nonini yeyish uchun kuchli bilimga ega bo‘lishing kerak. O‘z ustinga ko‘proq ishlashingni xohlayman», dedilar. Ikki oycha ularning qo‘llarida yurdim. Shunda bildimki, gidlik yodlab olgan matnni aytib berish emas ekan. Sen shunday gapirki, ovozing bo‘g‘zingdan emas, undan pastroqdan, yurakdan chiqsin! Tinglovching o‘zini tarix qatiga tushib qolgandek his qilsin! O‘rni kelganda Samarqand afsonalari, o‘ziga xos urf-odatlari borasida to‘xtalganda, hikoyangga jon kirishini o‘shanda o‘rganganman.

 – Qurbon Hasanov alloma edilar. Shogirdlardan ham ilmni talab qilganlar. Lekin, bugunda gid bo‘lib yetishish unchalik qiyin emasdek tuyulaveradi. Yuqorida gidning topish-tutishi haqida so‘raganlarim, aslida daromadli sohaga nomunosib kadrlarning suqilib kirishidan xavotirlarim bilan bog‘liq edi.

– Ochig‘ini aytsam, hozir gidlar safidan o‘rin olish qiyin emas. Lekin, bu qay darajadagi gid bo‘lishingga ham bog‘liq. Deylik, ingliz yoki rus tilini risoladagidek o‘rgangan. Lekin, tarixiy joylarimiz, tarixiy shaxslar, o‘sha davrdagi siyosiy-iqtisody jarayon, madaniyat, urf-odatlar  haqida yetarlicha bilmaydi. Bilganlarini ham chalkashtiradiganlar, bir dargohga bog‘liq raqamlar yoki ismlarni boshqa manzil bilan bog‘lab aytadiganlar bor. Bu eng katta xato! Achinarli, eng og‘riqli nuqtamiz. Bundaylar ko‘p emas. Ammo, afsuski bor.

Ular ham qandaydir kursni bitirgan, sertifikat berilgan. Bizning gidlar bo‘limimizda 12 kishi ishlaydi va bu Registondagi  ekskursiyani faqat shular olib boradi degani emas. Bizning gidlarimiz boshqa ob’yektlarda ham ishlagani kabi, Samarqanddan bo‘lsin, boshqa hududlardan bo‘lsin guruhi bilan kelgan yo‘lboshlovchi ekskursiya o‘tkazaveradi. Gohida ishni taqsimlab berib, dargohni aylanaman. Tunov kuni bittasi Ulug‘bek madrasasini maktab deb ta’riflayapti. Vaholanki, Ulug‘bek madrasasi o‘ziga xos buyuk universitet bo‘lgan. O‘nlab davlatlardan kelib shu yerda ta’lim olishgan. 100 nafar tolibi ilmga 90 olimu ulamo saboq bergan.

Umuman olganda, bizda gidlar «Ipak yo‘li» Turizm va madaniy meros xalqaro universitetida, Samarqand Davlat chet tillar institutida va qator nodavlat o‘quv markazlarida tayyorlanadi. Shuningdek, Toshkentda Turizmni rivojlantirish ilmiy tadqiqot institutida ta’lim olgan mutaxassislar ham bor. Bilimli, farosatli gidlarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Nima bo‘lganda ham vaqt-vaqti bilan gidlar attestatsiyadan o‘tkazilishi kerakmikan deb o‘ylanib qolaman.

– Deylik, attestatsiyadan kimdir o‘tmadi. Lekin, bungacha ham u necha sayyohning hafsalasini pir qilgan bo‘lib chiqadi-da.

– Samarqandga keladigan sayyohlarning hammasi ham moddiy jihatdan ta’minlangan, boy-badavlat insonlar deyish xato bo‘ladi. Sayyohlar orasida necha yillar yig‘inib, Samarqandni bir ko‘rsam deb orzu qilganlar bor. Masalan, ikki yil tejab-tergab Samarqandga kelgan sayyoh, bir umr tarixdan uzoqda bo‘lgan, madaniyati-ma’naviyati, o‘tgan ulug‘larmizni tilga olishga arzimaydigan gidga tushib qolsa... Tabiiyki, sayyoh safaridan ko‘ngli to‘lmay qaytadi.

– Gid uchun bilimdan tashqari yana nimalar muhim?

Texnologiyalar asrida yashayapmiz. Sayyoh uyida o‘tirib ham, masalan, Registon yoki Shohi Zinda haqida gid aytadiganidan-da ko‘proq ma’lumot olishi, videolari va suratlarini tomosha qilishi mumkin. Bugunda gidning asosiy vazifasi sayyohga tariximizni his ettirish, o‘zini o‘sha davrda bo‘lgandek tasavvur qilishiga yordam berish. Shu maqsadda chin dildan ishlaydigan gid faqat tarixchi emas, aktyor ham, psixolog ham bo‘ladi.

Gidning tashqi ko‘rinishiga e’tibor beriladi. Uning yuzida samimiylik  bo‘lishi kerak. O‘zining tashvishi bormi, tanasida og‘rig‘i bormi, sayyoh buni sezmasligi muhim. E’tiborni jalb qilmaydigan, me’yordagi va qulay kiyimda bo‘lishi zarur. O‘zini tutishi, nutqida ham gap ko‘p. Shuningdek, har bir mijoziga mumkin qadar e’tiborli bo‘lishi, uning axborotni qabul qilishini his qilib turishi kerak. 

– Kasbingizga havas qilayotgan yoshlarga maslahatingiz?

– O‘zlari ustida ko‘proq ishlashsa. «Men tilni bilaman, tarixni o‘qiganman» degan odam adashadi. Psixologiya, madaniyat-ma’naviyat, tashqi ko‘rinish, kiyinish madaniyati, yurish-turish odobi degan narsalar bor sohamizda. Aksariyat yoshlarga gidlik yengil yo‘l bilan pul topish bo‘lib ko‘rinadi. Lekin, bu eng injiq kasblardan biri. Turistlarimizning asosiy qismi yoshi ulug‘, pensiya yoshidagi kishilar. Bitta gruppa 20-25 kishidan iborat bo‘lsa, bir gruppa bilan 10 kunlab O‘zbekiston bo‘ylab sayohatda birga bo‘lish mumkin. Keksa insonlar bilan har qanday holat bo‘lishiga doim tayyor bo‘lish kerak. Deylik, tushlikka restoranga kirganda, ularning har biri didi, sog‘lig‘idan kelib chiqib taom tanlashga yordam berishga to‘g‘ri keladi. Yoki, masalan, yozda qovun-tarvuzni maza qilib yeb bo‘lgandan so‘ng ichburug‘ bo‘lib qolsa, guruhda maxsus shifokor birga yurmaydi. Gid kerak bo‘lsa, yo‘lboshchi, enaga, kimningdir injiqligini ko‘taradigan do‘st ham bo‘lishi kerak.

– Registonda sayyohlar ko‘proq nima haqida savol beradilar?

– Belgilangan intervalga ko‘ra ekskursiya o‘tkazilganda, masalan, Sherdor madrasasi nega shunday atalishini so‘rashadi. Sayyohlardan sinchkovlari ikir-chikirlari bilan qiziqishadi. Sher ohuni quvlab borayapti. Bu shunchaki manzarami? Nega aynan sher? Madrasani qurdirgan Bahodir Yalangto‘shning tug‘ilgan burji bilan bog‘liq ishora bu. Nega kiyik oq? Novdalar nimani anglatadi? Rosti, bunday savollar berishsa xursand bo‘laman. 

– Bir joyda qariyb 20 yil ishlash zerikarli emasmi?

Men ishimni yaxshi ko‘raman. Har kuni ayni manzillarda bo‘lsak ham, bir kunimiz boshqasiga sira o‘xshamasligi bilan hayotimiz qiziq. Sayyohlaring Samarqanddagi yorug‘ xotiralari orasida sen ham bo‘lishing juda yoqimli.

Ma’lumot uchun: Samarqand viloyatiga 2023 yilda 2 mln 150 ming. nafardan ortiq (2022 yilda 1 mln 204 ming) xorijiy sayyoh kelgan. Turistik xizmatlar eksporti 405,9 mln. AQSh dollarini tashkil etgan. Turistlarning o‘rtacha qolish muddati 2,7 kunga to‘g‘ri kelgan. Bu o‘tgan yilning mos davri (1,5 kun)ga nisbatan 1,8 baravarga ortiqdir.

Mahalliy sayyohlar oqimi esa 2023 yilda 4 mln. 500 ming nafardan ortiq deb belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring