Sakson yoshda vafot etgan Gulbadanbegim
Odatda, tarixda o‘tgan mashhur shaxslarning nafaqat o‘zlari yaratgan, balki avlodlari tomonidan yozib qoldirilgan asarlar ham bebaho manba darajasiga yetadi. Chunki sulola davomchilari voqelikka boshqacharoq nigoh tashlashga urinadi, otasi tomonidan yaratilgan asardagi mavzularni to‘liqroq yoritishga intilib, takroriylikka qo‘l urmaslikka intiladi. Boburiylar sulolasiga mansub Gulbadanbegim yaratgan asar ham shunisi bilan qadrlidir.
Bobur Mirzoning to‘qqiz nafar rafiqasidan sakkizta qizi va to‘qqizta o‘g‘li bo‘lib, ularning har biri otasi uchun suyukli edi. Ammo Dildorbegimning zurriyodi Gulbadanbegim o‘zining ijodga moyilligi bilan ota mehrini chuqurroq qozongandi.
Andijonu Samarqandda kechgan taxt uchun kurashlarda goh mag‘lublik alamini chekkan, goh zafar nashidasini surgan Bobur Mirzo hayoti mobaynida turli joylardan uylanishiga to‘g‘ri kelgan. Taqdir bitigiga Hindistondek mo‘’jizakor davlatda hukmdorlik qilish yozilgan Boburning Oysha sultonbegim, Zaynab Sultonbegim, Mohimbegim, Ma’suma Sulton, Gulruhbegim, Dildorbegim, Bibi Muboraka, Gulnor Og‘ocha va Norgul Og‘acha ismli rafiqalari bo‘lgan.
Dildorbegim shohga Olur (1514 – 1519), Hindol (1518 – 1551) ismli o‘g‘illar va Gulrangbegim, Gulbadanbegim ismli qiz farzandlar tuhfa qilgan. Gulbadanbegim 1523 yili Kobulda tavallud topgan edi. Dildorbegimning haqiqiy ismi Soliha Sulton begim bo‘lib, Boburning amakisi Sulton Mahmud Mirzoning qizi edi. O‘sha zamon an’anasiga ko‘ra, saroydagi podshohning katta xotini eng e’tiborli sanalib, hukmdorning qaysiki farzandi ilmga havasliroq bo‘lsa, katta malika ixtiyoriga berilardi.
Shunga ko‘ra, Gulbadanbegim ham katta malika Mohimbegimning qo‘li ostida ta’lim tarbiya oladi. Oqila va bilimdon malika, Gulbadanga o‘z davrining ilmli fuzalolaridan ta’lim olishga sharoit yaratib beradi. Gulbadanbegim Mohimbegimga shu darajada bog‘lanib qoladiki, ikki yoshligidan uning ixtiyoriga o‘tgani uchun keyinchalik o‘z asarida onasini Dildorbegim, Mohimbegimni esa onam hazratlari deya ataydi.
Gulbadanning bolalik va yoshlik yillari dastlab Kobul, keyinchalik Agrada o‘tadi. 1539 yilda uni Xizrxo‘ja ismli kishiga uzatishadi. Bu paytda u 16 yoshda bo‘lib, o‘g‘il farzand ko‘radi va unga Saodatyor deya ism qo‘yadi.
1556 yili Humoyunning vafotidan keyin Hindiston hukmdori sifatida taxtga uning o‘g‘li Akbarshoh (1542 – 1609) chiqadi. Shundan so‘ng ammasiga bo‘lgan yuksak mehri sabab Akbar Gulbadanbegimni Dehlidagi saroyiga taklif qiladi. Unga ilm-ijod bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratib beradi.
Kunlarning birida Akbarshoh ammasiga ko‘p vaqtdan beri ko‘ngliga tugib yurgan taklifni aytadi:
– Firdavs makon va jannat oshyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz.
Shu tariqa jiyanining iltimosiga ko‘ra, Gulbadanbegim Bobur va Humoyunlarning hayoti, fe’l-atvori, davlat boshqaruvidagi, umr yo‘llaridagi voqealar to‘g‘risidagi tarixiy asarini yozadi. «Humoyunnoma» deya «Boburnoma»ga nisbat berib yozilgan ushbu asar har ikkala hukmdor hayotidagi voqealiklarni qamrab olgan bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur kitobining mantiqiy davomi sifatida «Boburnoma»dagi ayrim tarixiy sanalar, voqealarga oydinlik kiritadi.
Gulbadanbegim Hindistondagi Boburiylar saroyi, u yerdagi hayot tarzi, bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar, podshoh oilasining to‘y-aza bilan bog‘liq irim va udumlari, yashash sharoiti haqida ham so‘z yuritadi. Bobur hayotining so‘nggi lahzalari tafsilotlari ham «Humoyunnoma»da yoritilib, bu voqea bilan bog‘liq tafsilotlarga alohida to‘xtalib o‘tadi
Shunisi achinarliki, ana shunday noyob asarning oxirgi qismi o‘sha suronli zamonning alg‘ov-dalg‘ov yillarida yo‘qolib ketgan.
Abul-Fazl Allomiy qalamiga mansub «Akbarnoma» asarida yozilishicha, Gulbadanbegim 1575 yilda muqaddas haj ziyoratiga jo‘nab ketadi va oradan yetti yil o‘tib, safar mashaqqatlarini yengib qaytib keladi. Boburning suyukli qizi Gulbadanbegim 1603 yilda 80 yoshida vafot etadi.
Garchi u vafot etgan bo‘lsa-da, «Humoyunnoma» orqali tarixnavis Gulbadanbegimning ikkinchi umri hamon barhayot. Chunki, asarning 83 varaqdan iborat yagona qo‘lyozmasi Londondagi Britaniya muzeyida noyob manba sifatida asralmoqda. Asarda voqea tugallanmagan bo‘lib, ingliz sharqshunosi Charlz Ryo o‘z katalogida uning qisqacha tavsifini berib o‘tgan. Fors tilida 1585 – 1587 yillarda yaratilgan ushbu asar g‘arbda ilk bor 1902 yilda ingliz tilida A.S.Beverij tomonidan, 1959 yilda esa Sabohat Azimjonovaning sa’y-harakati bilan o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashrdan chiqarilgan.
Asarda Hindiston, Afg‘oniston va O‘rta Osiyoning tarixiga oid voqealar, o‘sha davrdagi munosabatlar, shuningdek, tarixiy, etnografik va madaniy ma’lumotlar o‘rin olganki, Gulbadanbegim qalamiga mansub ushbu bebaho meros dunyo sharqshunoslari e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter