Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sovuq urushning sovuq ramzi

Sovuq urushning sovuq ramzi

Foto: «The Telegraph»

Bu yil Berlin devori qulatilganiga 28 yil to‘ldi. Bu devor deyarli qirq yil dunyoning ikki xil siyosati orasidagi chegara, sovuq urush ramzi bo‘lib keldi. Bundan yigirma sakkiz yil muqaddam Berlin devorining qulatilishi bo‘yicha barcha hujjatlar imzolangan kuzning iliq kunlarida minglab odamlar ko‘zlarida yosh bilan devorni qulatayotgan texnika vositalariga qo‘llariga oddiy bolg‘alarni olib yordam bergan edilar. Bugun mashhurligi jihatidan o‘z vaqtida Buyuk Xitoy devoridan hech ham qolishmagan bu devorning ma’lum qismlari tarixiy yodgorlik sifatida saqlanib qolgan, xolos.

Berlin devori bugungi kunda.
Foto: «Daily Mail»

Berlin devori qurilgan 1961-yilning avgustiga qadar Sharqiy va G‘arbiy Berlin o‘rtasidagi 45 kilometrlik chegara faqat oddiy chiziq shaklida bo‘lib, u ko‘chalar, uylar, kanallar orqali o‘tardi. Rasman 81 ta nazorat punktlari ishlab turar, bundan tashqari yuzlab noqonuniy o‘tish yo‘llari mavjud edi. 1948 yildagi kelishuv asosida belgilangan bu chegaradan kuniga uch yuz mingdan besh yuz ming nafargacha odam o‘tib qaytardi.

Berlin devori qurilishiga bu shahar atrofidagi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘ldi. Ikki harbiy-siyosiy blok — NATO va Varshava shartnomasi tashkiloti o‘rtasidagi ziddiyat qaltis vaziyatni keltirib chiqarayotgandi.

1945-yili, Ikkinchi jahon urushi yakuni va Germaniya kapitulyasiyasidan so‘ng Potsdamda imzolangan kelishuvga ko‘ra, Germaniya hududi yirik davlatlar nazoratida bo‘ladigan bir necha sektorga bo‘lib tashlangandi. Germaniyaning sharqiy qismi Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR), g‘arbiy qismi esa Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) deb yuritila boshlandi. Lekin bu ikki davlatni, ayniqsa, GDRni ko‘pchilik tan olmadi.

Фото: «The New Times»
Konrad Adenauer (o‘rtada) SSSR Ministrlar Soveti raisi Nikolay Bulganin (chapda) va KPSS MK birinchi kotibi Nikita Xrushchyov bilan. Moskva, 1955 yil sentyabr.
Foto: «The New Times»

1957-yili Konrad Adenauer boshliq GFR hukumati «Xalshteyn doktrinasi»ni amalga kiritdi. Bu doktrina GDRni tan olgan har qanday davlat bilan diplomatik aloqalarni avtomatik ravishda uzishni nazarda tutar, Sharqiy Germaniyaning Sharqiy va G‘arbiy Germaniya o‘rtasida nemis davlatlari konfederatsiya tuzish taklifiga keskin qarshi chiqardi.

1958-yilda, o‘z navbatida, GDR hukumati ham GFR suverenitetini shubha ostiga olib, aslida GFR ham GDR hududida joylashganini «eslatib» qo‘ydi. Sobiq ittifoq rahbari Nikita Xrushchyov butun Berlinni (jumladan, G‘arbiy Berlinni ham) GDR poytaxti deb e’lon qildi.

Bu holat davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatning yanada keskinlashuviga sabab bo‘ldi. 1959 yilda tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Berlin masalasini hal qilishga mo‘ljallangan uchrashuv hech qanday ijobiy natija bermadi.

1960-yilda GDR hukumati «G‘arb propagandasining oldini olish» shiori ostida Sharqiy Berlinga o‘tishda cheklovlar joriy qildi. Bunga javoban G‘arbiy Germaniya Sharqiy Germaniya tomonidan «iqtisodiy urush» deya baholangan chorani qo‘lladi — tomonlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini bekor qildi.

Bu ikki tomon va ularning ortidan qo‘llab turgan ikki blok harbiy salohiyatni kuchaytirishga va qarshi tomonni kamsitishga qaratilgan targ‘ibotga zo‘r berdilar. GDR hukumati GFRni chegaralarni provokatsion ravishda buzish (1961-yilning may-iyul oylarida 137 marta) va GFR agentlarini GDRda o‘nlab ish tashlash va tartibsizliklarni uyushtirishda aybladi.

Vaziyat 1961-yilning yozida yanada keskinlashdi. GDR yetakchisi Valter Ulbrixt tomonidan qo‘llangan, «GFR iqtisodiga yetib olish va ortda qoldirish»ni ko‘zlagan iqtisodiy siyosat majburiy jamoa tizimiga o‘tishga, ish vaqti va rejalar hajmining ortishiga sabab bo‘ldi. GFRdagi qulay iqtisodiy ahvol, ish haqlarining balandligi minglab sharqliklarni o‘ziga ohanrabodek tortardi.

Фото: freebeacon.com
Sharqiy Berlin aholisi G‘arbga qochib o‘tmoqda.
Foto: «Freebeason.som»

1961-yilda 207 ming nafar, shu yil iyul oyining o‘zidayoq Sharqiy Berlinning 30 ming nafar aholisi G‘arbga qochib o‘tib ketdi. Bular asosan yosh va malakali mutaxassislar edi. Sharq G‘arbni «odam savdosi»da aybladi va har yili mutaxassislarni yo‘qotish tufayli 2,5 mlrd. marka zarar ko‘rilayotganini ta’kidladi.

1961-yilning 3-avgustida Moskvada bo‘lib o‘tgan Varshava shartnomasi tashkiloti a’zolari yig‘ilishida chegarani yopishga kelishildi.

1961-yilning 13-avgusti, tungi soat birda «Xitoy devori II» operatsiyasi boshlandi. 25 ming kishidan iborat harbiylashgan guruh chegara chizig‘ini egalladi. Ularning harakatlarini Sharqiy Germaniya qo‘shinlari himoyalab turishdi. Sovet armiyasi jangovar holatga kirdi. Tungi soat 1 dan 11 daqiqa o‘tganida GDR axborot agentligi chegarani yopish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. Ertalab chegaraga borganlar o‘tolmay to‘plana boshladilar.

Фото: eadaily.com
Berlin devorining qurilishi. 1961-yil.
Foto: «Eadaily.som»
Berlin devorining qurilishi. 1961-yil.
Foto: «Deutssh Online»

15-avgustda operatsiyaning ikkinchi bosqichi boshlandi. Askarlar va quruvchilar chegarachilar nazorat ostida oldindan tayyorlab qo‘yilgan beton bloklarni olib kelib, chegara chizig‘i ustidan tiklashga kirishdilar — Berlin devori qurilishiga start berildi. Ayni shu daqiqalarda 19 yoshli chegarachi Konrad Shumann bloklar ustidan sakrab o‘tdi va rasman Berlin devoridan oshib o‘tgan birinchi qochoq sifatida tarixda qoldi.

Devorning balandligi 6 metrni tashkil qildi va u o‘ta pishiq beton qorishmasidan qurildi. Devor yonida o‘ziga xos «o‘lim chegarasi» belgilandi va kimki unga yaqinlashsa chegarachilar tomonidan otib tashlanishi e’lon qilindi. 17-avgustda 18 yoshli quruvchi Peter Fexter devordan oshishga urinayotganida otib tashlandi va bu harakat chog‘ida halok bo‘lgan birinchi qurbonga aylandi.

Фото: chronik-der-mauer.de
Peter Fexter Berlin devoridan oshishga uringani uchun otib tashlangan. 1961-yil 17-avgust.
Foto: «Shronik-der-mauer.de»

Berlin devori qulatilganiga qadar shu tarzda devordan oshishga uringan 92 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab kishilar yaralandilar. Keyinchalik, devor qulab, ikki Germaniya birlashganidan so‘ng odamlar tomonidan yaratilgan devordan o‘tishning antiqa vositalaridan iborat muzey ham tashkil qilindi.

Berlin devori muzeyi
Foto: «Tripadvisor.som»

Devor sovuq urushning sovuq ramzi bo‘lish bilan birgalikda Berlinning eng diqqatga sazovor joyi bo‘lib qoldi. Berlinga kelgan sayohatchi borki, bu devorni ko‘rmay ketmasdi. G‘arbiy qismda esa «Devor qulatilishi shart» deb yozilgan millionlab otkritkalar sotilardi.

1961-yilning 28-oktyabrida Berlindagi AQSh harbiylari devorni buzish rejasini ishlab chiqishdi. Sobiq Ittifoq razvedkasi o‘z vaqtida bu rejadan xabar topdi.

AQSh tanklari Berlindagi Charli nazorat-o‘tish punktida Sovet ittifoqi tanklariga qarshi turibdi. 1961-yil, oktyabr.
Foto: «Stephane Sompoint»

O‘sha kuni Brandenburg darvozalaridagi nazorat punktiga amerika zirhli harbiy texnikasidan iborat kolonna yaqinlasha boshladi. Dastlab uchta «Jip», ularning ortidan buldozerlar, eng orqada o‘nta tank kelardi. «Jip»lar o‘tishi bilan yon atrofdan sovet tanklari chiqib kelishdi va buldozerlar yo‘lini to‘sib qo‘yishdi. Sovet va AQSh tanklari tuni bilan bir-birlarini mo‘ljalga olib turdilar. Bu holat keyinchalik ikki davlat o‘tasidagi sovuq urushning ko‘rinishlaridan biri bo‘lib qoldi.

Ertalab Moskvadan o‘t ochmaslik va ortga qaytish haqida buyruq keldi va har ikki tomon ortga chekindi. Deyarli 40 yil Berlin devor atrofida tinimsiz muzokaralar bo‘lib turdi. 1989-yilning 9-noyabriga kelibgina bu devor qulatildi va GDR va GFR yagona davlat bo‘lib birlashdi.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring