Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tabaqqa emas, qabaqqa qara» yoxud serbiyalik jurnalist kimga rahmat aytgan edi?

«Tabaqqa emas, qabaqqa qara» yoxud serbiyalik jurnalist kimga rahmat aytgan edi?

Odatdagi ish kunlarining birida do‘stlar telefon qilib, qo‘shni Qozog‘istonga safarga ketishayotganligini, ot  poygasi va kurash tomoshalarini kuzatishga borayotganligini aytib, meni ham taklif etishdi. Bolalikdan sportning ushbu turlariga qiziqaman. Kurash tushib to‘ymasdik, otda yurish esa jonu dilim. Ammo, rosti shu issiqda bir yerga borish malol keladi, deb ikkilanibroq mayli, dedim.

Ikki-uch kundan keyin Olmaotaga uchdik. Bir yarim soat parvozdan so‘ng tungi Olmaota shahrini ko‘rish nasib qildi. Shaharning havosi tozaligi, salqinligidan bahri dilim ochildi. Mezbonlarning ochiq chehra bilan kutib olishi, o‘ta zamonaviy va shinam mehmonxonadagi xizmatlarni ko‘rib esa kelishga ikkilanganimdan xijolat tortdim. To‘g‘risi, yon qo‘shnilarning hayoti ancha o‘zgarib ketganligidan xursand bo‘ldim, havas qildim.

Birinchi kun

Bilasiz, Olmaota tog‘lar bag‘rida joylashgan. Tabiat in’om etgan tog‘lardan qay darajada foydalanishni ham bilish kerak ekan. Mezbonlar bizni – Serbiya, Ruminiya, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va O‘zbekistondan kelgan jurnalistlarni tog‘ bag‘ridagi dam olish maskaniga taklif qilishdi. Kanatga chiqib, tepalikka yuqorilay boshladik. Manzara shunchalar jozibali ediki, tasvirlashga til ojiz. Kanatda 6200 metr balandlikka chiqdik. Har ikki kilometrda boshqa kanatga chiqiladi. Har to‘xtash joyida esa restoran, suratga tushish joylari, maishiy xizmat turlari uchun mo‘ljallangan xonalar ishlab turibdi. Kanatdan kanatga o‘tish uchun esa pul to‘lamaysiz. Boshidagi to‘lov kanatlararo va qaytishda ham amal qilarkan. Shu joyiga qoyil qoldim, rosti, bizda bunaqa emas.

Sayyohlar oqimi tinmaydi. Turli mamlakatdan kelganlar zavqu shavq ila aylanib yurishibdi. Eng tepalikka chiqqanimizda sovqotdik, qor qurtini birinchi marta o‘sha yerda ko‘rdim. Hamkasblar har xil tilda gapiradi, ammo hayratning, zavqning darajasini tarjimonsiz ham anglasa bo‘ladi. Biz hammamiz yayradik, ta’sirlandik.

Darvoqe, dam olish maskanigacha shahar markazidan yarim soatlik yo‘l ekan. «Toyota»da borayotib, atrofni kuzataman. Ulkan daraxtlar, gulu gulzorlar. Xuddi quyuq o‘rmonga o‘xshaydi. Havo shuning uchun ham musaffo bo‘lsa kerak. Ular daraxtni emas, daraxt kesuvchini yomon ko‘risharkan. Har bir daraxtni avaylab-asrashar ekan. Kimgadir erish tuyulsa ham aytaman: bu manzilda avtomashinalar turarjoyi bepul. Biror yerda ikki soatga buncha pul, uncha pul degan yozuvlarni ko‘rmadik. Buyam madaniyat va mehmondo‘stlikning muhim belgisi!

Tushlikda gruzin restoraniga taklif qilishdi. Gurjilarning dunyoga mashhur milliy taomlari o‘z yo‘liga, lekin menga ta’sir qilgani shuki, restoranda ikki soat o‘tirgan bo‘lsak, birorta xorij musiqasi yoki qo‘shig‘i eshitilmadi. Boshdan oyoq faqat gruzin navolari yangrab turdi. Buyam vatanparvarlikning, o‘zining milliy musiqasini, madaniyati va an’analarini o‘ziga xos targ‘ib etishning namunasi. Shu o‘rinda bir voqea esimga tushdi. Qaysidir yili chetdan kelgan mehmonlarni olib nomdor bir restoranga bordik. Biroz o‘tib Sherali Jo‘rayev ijrosidagi «O‘zbegim» ashulasini qo‘yishlarini iltimos qildim. Qo‘shiq boshlanishi bilan qiy-chuv ko‘tarildi. Rosa xursand bo‘ldim avval, keyin bilsam, boshqa o‘tirganlar sho‘x musiqalar to‘xtab, o‘zbekona qo‘shiq aytilganiga qarshilik qilayotgan ekan. Xafa bo‘lib ketdim. Axir, har qanday yutuq va muvaffaqiyat vatanparvarlikdan boshlanadi. Vatanparvarlik esa milliy qadriyatlarni, o‘zlikni hurmat qilishdan rang oladi. Tan olaylik, shu jihatlar bizda yetishmaydi.

Ikkinchi kun

Safarning asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadigan joyga yo‘l oldik. Manzil Abay viloyati, Aqsuat tumani ekan. Qozog‘istonning sharqiy qismidagi bu tumanning ma’muriy markazi – Aqsuat qishlog‘i. Aholisi: 44 831 nafar. Olmaotadan 950 kilometr uzoqlikda joylashgan tumanga avtobusda bordik. Zamonaviy, qulay avtobusda ketarkanmiz, e’tiborimni yo‘llarning ravonligi tortdi. O‘ydim-chuqur yo‘llarga, kavlab tashlangan yoki qandaydir to‘siqlar qo‘yilgan ko‘chalarga o‘rganib qolgan ekanmizmi, daf’atan bunday tekis yo‘lga ko‘nikaolmadim. Ana tugar, mana tugar deb ketyapman, yo‘q, bu ravonlikning oxiri yo‘q ekan. Eng qizig‘i, shuncha masofada na bir patrul xizmatini, na postni ko‘rdik. Buning o‘rniga supermarketlar, ozoda va top-toza hojatxonalar, AYoQShlarni ko‘rdik. Hech qayerda navbat yo‘q, hammasi o‘z o‘rnida va joyida. Yerga sochilib yotgan baklajkalarni, sigaretu g‘ijimlangan qog‘ozlarni, pista po‘choqlarini ko‘rmadik. Papiros chekib befarosatlarcha oyoq ostiga tashlaydigan, mashina oynasidan axlat uloqtiradiganlar uchun jarima bor ekan. Jarima o‘z yo‘liga, ona zaminni pok asrashdek sharafli burch bovurlarimiz uchun yurak amriga aylanib borayotganidan ta’sirlandim.

Aqsuatda tuman deputati Daulat Testekey tashabbusi bilan kurash musobaqasi o‘tkazildi. Bellashuvda Qozog‘istonning barcha hududidan eng nomdor polvonlar tashrif buyurdi. Ertalabdan kechgacha bo‘lib o‘tgan kurash musobaqalari uchun stadionda joy qilingan.

Musobaqani sharhlab borayotgan murabbiyning so‘z boyligiga, qochirimlariga qoyil qolmaslikning iloji bo‘lmadi. Negaki u sharhlovchiga emas, ko‘proq oqinlarga o‘xshab ketardi. Har bir so‘zida bir hikmat, har bir sharhida bir she’r bilan hammaning diqqatini o‘ziga qaratdi. Kurashning asl maqsadi jisman va ruhan chiniqish ekanligini aytdi. Bu dunyoning o‘zi kurashdan iborat, kurashga tayyor bo‘lmasang chetga chiqib qolasan, shuning uchun yonbosh tushasanmi, o‘mbaloq oshasanmi, nima bo‘lsayam kurash tush, kurashib yasha, deb barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Aytgancha, u zo‘r chiqish qilgan kurashchini sharaflar ekan, bir gapni ko‘p takrorlardi: “Xusamat”. Bu nima degani ekan deb qiziqsam, bizning tilda xushomad degan ma’noni bildirarkan. Kurashchiga qarsak chalinglar degani ekan. Shu bahona qarsakning asl mohiyati xushomadga qaratilganini bilib oldik...

Yoshu qari qiyqirig‘u olqishlar bilan kuzatgan musobaqa g‘oliblari uchun sakkizta zamonaviy mashina qo‘yilgani e’tiborimni tortdi. Buning homiyi kim, kimga kerak buncha xarajat, degan savollarga javobni deputatning o‘zi berdi. U barcha xarajatlarni o‘z yonidan qilgan ekan. Bundan tashqari, qozog‘istonlik eng mashhur artistlar, aktyorlar kechqurun stadionda uyushtirilgan gala konsertda qatnashishdi. Odamlar ko‘zda yoshu qalbda g‘urur bilan qozoq xalqining ulug‘lari, ularning hayotiyu hikmatlarini jamlagan “Tarixga ta’zim” nomli spektaklni tomosha qilishdi.

Mana shu tomoshayu dabdabaning hammasiga sababchi o‘sha tuman deputati ekan. Tumanning bitta deputati bizning qarsak chalishu allaqachon tasdiqdan o‘tib bo‘lgan loyihalarni ma’qullashdan boshqaga yaramaydigan ayrim deputatlarimizdan ko‘p ishni qilayotgani g‘oyat e’tiborlidir. Aytgancha, shu deputat garchi tadbirlariga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham ko‘p bolali ayolga o‘z hisobidan uch xonali uyning kalitini topshirdi. Ortiqcha gap-so‘zlarsiz, ko‘z-ko‘zlarsiz topshirdi. Kalitni qo‘lga kiritgan ayol atrofida kameralar paydo bo‘lmadi, u mikrofonga yopishib hech kimga rahmat ham aytmadi. Hammasi tabiiy, hammasi dildan chiqdi.

Uchinchi kun

Ot poygasini tomosha qilishga bordik. Biyday dalada son sanoqsiz tomoshabin yig‘ilganidan bir hayratlansam, chavandozlarning eng kattasi 14, kichigi 10 yoshda ekanligini bilib, ikki karra qoyil qoldim. Qozoqlarda shunday ekan: o‘g‘il bola 6-7 yoshida qo‘y so‘yishni, ot minishni albatta bilishi kerak ekan.

Poyga boshlandi, yomg‘ir sharros yog‘ayotgan bo‘lsa-da, ot mingan o‘smirlar shijoatni aslo so‘ndirishmadi. Qiyqirig‘u olqishlar ostida o‘tgan bu bellashuv g‘oliblariga ham yengil avtomobillar berildi. Ayrim sovg‘alar chavandozga emas, ot egasiga hadya etildi. Shunday g‘oliblardan biri o‘ziga tekkan mashinaning kalitini Aqsuat qishlog‘ining oqsoqoliga berdi. Oqsoqol qabriston qorovuli ekan. Elning xizmatini qilayotgan odam piyoda yurmasligi kerak, shu moshina sizga, deyilganda chalingan olqishlardan otlar ham hurkib ketdi. Ana bag‘rikenglik, ana odamiylik. Hamkasblarimizdan biri, serbiyalik jurnalist Aleksandr ushbu jarayonlarni suratga muhrlar ekan, ko‘zida yosh bilan «Thank you» derdi damba-dam. Do‘stlikning, oqibatning, ezgulikning manzarasi edi bu.

Ot poygasidan qaytganimizda bizni mezbonlar o‘tovda kutib olishdi. Nozu ne’matlar bilan to‘la dasturxon atrofida kechgan suhbatlar yanayam qizidi. Turli mamlakatlardan kelgan hamskasblarimiz, mezbonlar millatlararo do‘stlik, mustahkamlanayotgan rishtalar haqida gapirar ekan, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni va qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi bordi-keldilarning iliqlashuviga qo‘shayotgan hissasi haqida to‘lqinlanib gapirishdi. Biz bilmagan va his qilmagan jihatlarni e’tirof etishdi. Yurting, Prezidenting haqida aytilgan gaplarni boshqa mamlakatda eshitish, ayniqsa, kuzatuvchan, dunyo kezgan jurnalistlardan tinglash yanayam maroqli ekan...

Xullas, hammasi bo‘lib besh kun Qozog‘istonda bo‘ldik. Olmaota xalqaro aeroporti o‘ta zamonaviyligi bilan ajralib turadi. Bu haqda hamrohim, bloger Rustamxo‘ja Usmonov bilan ko‘p gaplashdik. Rustambek yosh bo‘lishiga qaramay, zamonaviy, har bir ishga tanqidiy qaraydigan yigit. U aeroport xodimlari xushmuomala, madaniyatli bo‘lishi kerakligini aytar ekan, bu borada o‘zimizda hali ko‘p ishlar qilish kerakligi haqida mulohazalar bildirdi. Bu gapda jon bor. Chindan ham Olmota aeroportida ko‘rdikki, xodimlar xushmuomalali. Ortiqcha tashvishga qo‘yishmaydi. Masalan bizdagidek, o‘tish yo‘lakchasida oyoqyalang qilib tekshirishmaydi.

Ko‘cha-kuyda axlat yo‘q. Besh kun yurib ko‘cha yoki yo‘laklar chekkasida g‘ijimlangan qog‘oz ham, bo‘sh baklajka ham, sigaretu pista qoldiqlarini ham ko‘rmadim. Keksayu yosh maxsus qutiga tashlaydi axlatni. Shunga o‘rgangan. Havo mo‘’tadil. Deyarli har kuni yomg‘ir. Har hafta teatrga oilaviy borish majburiy.  Madaniyat uylari bizda deyarli unut bo‘ldi. Ularda esa madaniyat uylari ishlab turibdi. Moddiy-texnik bazasi ham boy.

Qozoq xalqi boy yasharkan, degan xulosaga keldim. Eng chekka qishloqlarida yashovchi aholi ham ertaga qayerdan pul topaman, deb o‘ylab siqilmaydi. Har bir uy egasining hech bo‘lmaganda o‘nta moli bor. Sigir qo‘ylarini keng yaylovga qo‘yib yuborisharkan, uch mahal sut sog‘isharkan.  Tog‘ yon bag‘rida o‘tlab yurib, semirib ketgan mollarini ko‘rib, hayron qoldim. Chunki bizda boquvdagi ho‘kizlar ham bunaqa semirmaydi.

Bizda eng ishonchli va tinch bo‘lgan transport turi – tramvay “pensiya”ga kuzatildi. Ularda esa hatto trolleybus ham bor. Shaharlarda havo toza. Chunki daraxt ko‘p, daraxt kesganni yurtga kelgan yovday yomon ko‘rishadi.

Biror yerda shiorbozlik yo‘q. Kelajagi buyuk davlat, ulug‘ allomalar beshigi, degan yozuvlarni ko‘rmadim. Zotan, ularning kelajagi shiorsiz ham gullaydiganga o‘xshab boryapti. O‘tib ketgan allomalar bilan maqtanishdan ko‘ra, bugun har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashga katta urg‘u berishmoqda. 

Xullas, qo‘shni Qozog‘istonda taraqqiyot rivojlanish avjida. Sayyoh judayam ko‘p. Chet elliklar bekorga biror yerga bormasligining sababini esa yaxshi bilasiz. Qozog‘istonga albatta boring. Mehmondo‘stlikda, odamiylikda bizdan qolishmaydigan bovurlarimizning: «Tabaqqa emas, qabaqqa qara», ya’ni mezboning dasturxoni emas, qosh-qovog‘i muhim, degan naqlining hayotiy tasdig‘ini ko‘rib keling. 

Maqsud Jonixonov, Toshkent-Olmaota-Toshkent

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring