Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tiling bo‘lsayu, gapira olmasang...

Tiling bo‘lsayu, gapira olmasang...

Foto: «Xabar.uz»

Ta’limning sifati va samarasi aslida, nimaga bog‘liq? Bu savolning ko‘ndalang qo‘yilishi, aslida, g‘alati. Bugun ota-onalardan tortib, ta’lim tizimiga mutasaddi-yu mas’ul rahbarlar, hatto Prezidentimizgacha bu borada bosh qotirayotgani sir emas. Chunki, har qanday jamiyatning ertasi, mamlakatning kelajagi yosh avlodga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning sifatiga bog‘liqligi oynadek ravshan.

Odatda, biz yuqoridagi savolga pedagogning zamonaviy talablarga javob berishi, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishi, o‘z fanini chuqur bilishi, keng qamrovli bilimga ega bo‘lishi, o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarashi deya javob beramiz. To‘g‘ri, buni inkor etmaymiz. Lekin faqat shulargina sifat va samaraning mezoni bo‘la olarmikan?

Ta’sirchanlik masalasi

Ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligi masalasi dolzarb muammo. Bu esa o‘z-o‘zidan pedagogning kommunikativ kompetensiyasiga borib bog‘lanadi. O‘z fanini chuqur bilgan, nazariy jihatdan puxta, bo‘yi barobar kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yozgan mutaxassislar bor. Ularning ayrimlari minbar, mikrofon va videokamera orqali auditoriyaga yuzlansa, qo‘rquv va hayajonga tushadi, bilganini ham aytolmay, fikri poyintar-soyintar yo‘sinda bo‘ladi. Endi tasavvur qiling. O‘z faniga, mavzuiga qiziqtira olmagan, ta’lim ta’sirchanligiga rioya eta olmagan pedagog qanday qilib o‘quvchiga yetarli bilim bera oladi? U qanday yo‘l bilan tinglovchini rom etishi, talabani mahliyo etishi, o‘ziga, so‘ziga ergashtira olishi mumkin? 

Qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, qaysi fandan dars bermaylik, nutq madaniyati va notiqlik san’atini egallash zarur. Zeroki, bu ta’limning sifati va samarasini belgilovchi muhim omildir. Ta’bir joiz bo‘lsa, insonning tirikligi, sog‘lomligi uning vena va arterial qon aylanish tizimining me’yoriy aylanma harakatiga bog‘liq. Agar insonni butun bir ta’lim tizimi sifatida tasavvur qilsak, uning vena va arterial qon aylanish tizimini nutq madaniyati va notiqlik san’atiga qiyos qilsa bo‘ladi. Demak, ta’lim tizimining qon tomiri va jon tomiri notiqlik mahoratiga asoslangan pedagogning kommunikativ kompetensiyasidir.

Xalqimizning «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» degan naqli bejiz emas. Insonning o‘zligi uchun ko‘zgu — uning so‘zligidir. Insonning ikki og‘iz so‘zidayoq, uning bilim-saviyasi, ma’naviyati, dunyoqarashi, tabiati, tiynati (xarakteri) namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham pedagogning  nutqiy va xulqiy madaniyati ulug‘vor maqsadlarimizni, ta’lim tizimidagi istiqbolli rejalarni amalga oshirishdagi muhim quroldir.

Ta’limning kaliti — nutq bilan, tarbiyaning kaliti — xulq bilan bo‘lganidek, muloqotning kaliti — nutq, muomalaning kaliti — xulq bilandir. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lmagan shaxsni komil inson deb, avlodni barkamol avlod deb bo‘larmikan. Ana shu ma’naviy hamda ma’rifiy ehtiyojni nazarda tutgan holda, o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi oltin zanjir — muloqot va muomala madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasini tashkil etgandik.

Tajriba

Yaqinda o‘quv muassasamizda bir tajriba o‘tkazdik. To‘rt nafar o‘qituvchini bir joyga chaqirib ularga besh daqiqalik ijtimoiy mazmundagi videorolikni qo‘yib berdik. Keyin ularni alohida xonaga joylashtirib o‘sha videorolikning syujetini aytib berishni hamda olgan taassurotlarini so‘zlab berishlarini iltimos qildik. Ularning birinchisi shunday gapirdiki, xuddi antennasi yaxshi ishlamaydigan televizordagi tasviri «bijir-bijir» bo‘lib nima berilayotganini anglash qiyin bo‘lgandek taassurot uyg‘otdi. Ikkinchisi gapirganda, oq-qora rangli televizorda tasvir ko‘rgandek bo‘ldik. Uchinchisi rangli televizorda tomosha qilgandek taassurot bergan bo‘lsa, to‘rtinchisi 3D, 5D, 7D formatli tasvirda ko‘rgandek his-tuyg‘umizga ta’sir etdi.

Demak, to‘rtovlon bir joyda bir xil narsani ko‘rib gapirgan bo‘lsa-da, ularning taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi hamda tildan foydalanish darajasi har xil. Odatda, so‘zlovchilarning farqi uchta tushunchani qay darajada qo‘llashiga bog‘liq. Bu so‘zlash, tinglash va anglashdir. Bu faqat bandaga xos, parrandaga ham, darrandaga ham xos emas. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir.

Pedagogning nutqi ana shularning uyg‘unligi va ta’sirchanlik darajasi bilan baholanadi. Mashhur yunon notig‘i Gorgiyning fikricha, so‘zlovchining eng muhim vazifasi tinglovchini ishontirish, uni maftun etish va o‘ziga rom qilishdan iboratdir. Rom etish, tabiiyki, nutqning ta’sirchanligiga bog‘liq bo‘ladi.

Shuni e’tiborga olgan holda, ta’lim tizimiga maxsus talablar qo‘yish jahon miqyosida alohida ahamiyat kasb etgan. Rossiyada Pyotr I zamonida shunday farmon chiqarilgan bo‘lib, unga ko‘ra «jismonan nosog‘lom, nutqiy nuqsoni bor odam, har qancha yetuk mutaxassis bo‘lmasin, dars berish uchun sinfga kiritilmasin». Chunki, dunyoda boladay ziyrak taqlidchi va tanqidchi yo‘q, shuning uchun «jonli ko‘rgazmali qurol» har jihatdan to‘kis va tugal bo‘lishi lozimligi oddiy mantiqning talabidir.

Pedagogning nutqi yoki imom xatibning amri ma’rufi?

Keling bir savolga javob izlaylik. «Tarozining bir pallasiga sizga maktabda yoxud oliy ta’lim muassasasida dars bergan o‘qituvchining nutqi(ma’ruzasi)ni qo‘yamiz. Ikkinchisiga amri ma’ruf yoki nahiy munkar qiladigan imom xatibning nutqini qo‘yaylik. Aytingchi, qaysi birini eshitishga xalqda mayl ustuvor, qay birida magnit (ohanrabo) bor, qaysi biri o‘ziga tortadi?» Shubhasizki, ko‘pchilik ikkinchisini tanlaydi. Xo‘sh, nima uchun? Chunki bizdagi diniy bo‘shliq, uni tinglashga bo‘lgan mayl, ong ostimizga bolalikdan joylangan qiroat hamda qur’on sura, oyatlari hamda hadisi sharif mazmunidan kelib chiqadigan rivoyatnamo o‘gitlar, hayotiy misollar bilan ongimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Biz uni beixtiyor maroq bilan tinglaymiz. Pedagog nutqini esa...

Ta’bir joiz bo‘lsa aytish kerakki, shunday pedagoglar borki, ularning ma’ruzasini tinglaganda, siz uchun «demidrol (uyqu dorisi)»ga hojat yo‘q. O‘zi uxlatib qo‘yadi. Dars mashg‘ulotlaridan birida shu narsaning guvohi bo‘lganman. Zeriktiruvchi nutqi bilan ma’ruza qilgan o‘qituvchiga bir talaba ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, «Ustoz, sizga ming rahmat, maza qildim», — deydi. Taajjubga tushgan o‘qituvchi unga qarab «O‘g‘lim, salkam qirq yildan beri dars beraman, xuddi shu so‘zni, shu iltifotni kutib yashadim, kutib ishladim, nima uchun rahmat deb minnatdorchilik bildirdingiz», desa unga javoban talaba shunday dedi: «Domlajon, shunday monotonniy ma’ruza o‘qidingiz, onamning allasi ham meni bir soat bu darajada mazza qilib uxlatmasa kerak». Kulgili, lekin aslida, bu fojia. O‘quvchi fandan bezsa, ertaga vatandan bezadi, vatandan bezsa indinga vatangado bo‘ladi, vatangado bo‘lsa, oxirul oqibat kafangado bo‘ladi. Aytingchi, pedagogning vazifasi nima o‘zi?

Fanga qiziqtirish orqali o‘quvchini ergashtirish, ta’limning ta’sirchanligiga erishish emasmi? Pedagog kommunikativ kompetensiyaning lingvistik va nutqiy kompetensiyasini obdon egallashi kerak. U qaysi fandan dars berishidan qat’i nazar buni o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim. Kunim o‘tsa bo‘ldi, eshitsa eshitsin, o‘rganmasa o‘rganmasin degan beparvolik loqaydlikka yo‘l ochadi. Barcha illatlarning ini esa loqaydlikda.

Notiqlikni, voizlikni dudama, ya’ni har ikkala tomoni ham kesadigan hanjarga o‘xshatishgan. Undan do‘st ham, dushman ham o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishi mumkin. Shuning uchun ham nutq buzadi, nutq tuzadi. Olqish ham, qarg‘ish ham u bilan, bunyodkor g‘oyalar ham, buzg‘unchi (vayronkor) g‘oyalar ham u bilan. 

Voizlik nihoyatda sharafli va ayni paytda mas’uliyatli kasb bo‘lgan. Omma oldida chiqib bir necha soatlab nutq so‘zlovchi kishi tinglovchilarning tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazishi, ishontirishi, so‘z sehri bilan ularni to‘lqinlantirishi uchun juda katta bilim va iqtidorga, fasohat va mahoratga ega bo‘lishi lozim. Bu xususiyat muallim va murabbiylarga ham begona bo‘lmasligi kerak.

So‘z san’ati tarixi

Ajdodlarimiz qadim zamonlardan boshlab so‘z san’atining, xususan, og‘zaki ijrochilik san’atining inson ruhiyatiga ko‘rsatadigan ta’siriga juda katta e’tibor bilan qaraganlar. Markaziy Osiyoda notiqlikning ta’sirchan mexanizmidan foydalanib «Avesto», «Bundaxishn», «Dinkard» kabi diniy xarakterdagi asarlardagi g‘oyalarni omma ongiga singdirishda foydalanishgan. Jumladan, «Avesto»ning asosiy mohiyatini tashkil etgan «Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal» ta’limotini xalq o‘rtasida targ‘ib qilib, odamlar qalbida ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otishda kohinlarning xizmati beqiyos bo‘lgan. Kohinlar faqat din targ‘ibotchilari sifatidagina emas, balki ifodali so‘z sehri bilan mo‘’jizalar ko‘rsatuvchi san’atkor ijrochilar sifatida ham shuhrat qozonganlar. Ular «Avesto»dagi ibodat qo‘shiqlarini, Axura Mazda so‘zlarini, afsona va rivoyatlarni yorqin nutq, ifodali so‘z va jozibador ovoz bilan ijro etib xalq ommasini o‘z g‘oyalariga ishontirganlar.

IX-XV asrlarda «Qur’oni Karim» targ‘ibi bilan bog‘liq holda voizlik san’ati rivojlandi. Voizlik san’atining taraqqiy etishi esa ifodali o‘qish san’ati tarixida muhim o‘rin tutadi. Qur’oni Karimni o‘qish voizdan juda katta ilmiy salohiyatni, ayni paytda yoqimli ovoz sohibi bo‘lishlikni ham talab qilardi. Shu boisdan ham «Qur’on» suralarini maftunkor qiroat, jozibali ohangda o‘qishga o‘rgatuvchi «Ilmi balog‘a» san’atiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy «Geodeziya» asarining kirish qismida shunday deydi: «Arab nutqida balog‘aning mavjudligi «Qur’on» targ‘ibotida muhim ahamiyat kasb etadi. Balog‘a arab nutqining ziynatidir». (Byeruniy A. Tanlangan asarlar. III tom. – T.: Fan, 1982. 64-byet.)

Pedagogning ma’ruzasi qaysidir ma’noda uning o‘quvchiga aytadigan zarur so‘zidir. Uni shunday yetkazish kerakki, o‘quvchi uni bir umr yodida saqlay olsin, mazmun-mohiyatini tushunib yetsin. Chuchvara yeyishdan maqsad nima, aslida — go‘sht yedirish. Biz uni xamirga o‘rab bejirim qilib bukkan holda qozonga solamiz. Ana shu xamir bu uslub, metodologiya aslida.

Alisher Navoiy voizlar haqida, ularning ta’sirchanlik talablariga rioya etishlari borasida shunday yozadi. «Va’zxon shunday bo‘lishi kerakki, uning majlisiga bo‘sh kirgan odam to‘lib chiqsin, to‘la kirgan odam esa yengil tortib xoli qaytsin. Voiz olim va halol ish ko‘ruvchi bo‘lsa, uning nasihatidan chetga chiqqanlar gunohkor bo‘ladi. Agar u boshqalarga buyursayu o‘zi qilmasa, uning so‘zlari hech kimga ta’sir etmaydi va foyda keltirmaydi» (Alishyer Navoiy. Mahbub ul-qulub. –Toshkyent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1983, 32-byet.)

Savodxonlik ikkita asosga tayanadi

Pedagog xoh ilmiy, xoh publitsistik, xoh badiiy xarakterdagi ma’ruza bo‘lsin, uni yetkazishda o‘zining ruhiy holati — goh osoyishta, goh jo‘shqin bo‘lishi, bayon ohangi ifoda etilmoqchi bo‘lgan mazmunga qarab turlanib turishi zarur. Shu bois amerikalik ruhiyatshunos Deyl Karnegi «Qalb harorati bilan sug‘orilmagan nutq hech nima, notiq esa hech kimdir» — deb bekorga aytmagan.

Pedagog o‘zi so‘zlayotgan fikrlarga befarq bo‘lmasligi hissiyot bilan so‘zlashi lozim ekan. Buning uchun esa o‘zgalarning dardi, ehtirosi va ruhiy holatini qalban his qila olishi zarur. Shundagina nutq jozibali va nutq mazmuniga uyg‘un harakatlar o‘rinli kechadi.

Afsuski, keyingi paytlarda muloqot va muomala jarayonida so‘zni istifoda etishda adabiy til qoidalari va me’yorlariga rioya etavermaslik holatlari uchrayapti. Bu esa savodxonligimizga putur yetkazibgina qolmasdan, balki ma’naviyatimiz tanazzuliga zamin hozirlashi mumkin. Savodxonlik ikkita asosga tayanadi. Bu og‘zaki va yozma nutq savodxonligidir. Har ikkalasini qo‘llashda yetarli va aytarli kamchiliklarimiz bor. Bundan ko‘z yumsak, befarq va loqayd bo‘lsak, kelajak bizni kechirmaydi.

Afsuslanarli jihati shuki, savodxonlik tugul, o‘z fikrimizni erkin tarzda bayon eta olish uquviga ham ega emasmiz. «Men tilchi emasman, injenerman yoki programmistman, chiroyli so‘zlay olmayman», — degan bahonalar kulgili. Hammada iste’dod uchquni bor uni faqat talant alangasiga aylantirish uchun qunt, ixlos, qiziqish, hafsala, aniqrog‘i, o‘zni qiynash yetishmaydi. Sidqidil harakat bo‘lmasa natija ham, samara ham bo‘lmasligi aniq.

So‘z sehri va yuki

So‘zning sehrini unga mehr qo‘yganlargina ilg‘ashadi. So‘z yukini bilish zarurati haqida ko‘p gapirilgan. Afsuski, so‘z ma’nolarini bilmaslikdan anglashilmovchilik kelib chiqadi. Hatto, ayrim davlat tizimida mas’ul vazifalarda ishlovchilarning nutqidagi vulgar so‘zlarning ishlatilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lganini ham bilasiz. Xuddi shu o‘rinda mashhur faylasuf Rene Dekartning ushbu fikri o‘rinlidir: «Odamlar so‘zlarning o‘z ma’nolarini bilib olganlarida edi, dunyoni yarim chalkashliklardan xalos qilgan bo‘lardilar».

So‘zning o‘rni, ma’nosi, ko‘lami va qamrovi, hidi bor, uni didi borlargina biladi, to‘g‘ri qo‘llay oladi. Rivoyat qilishlaricha, bozorda bir beodob yigit obro‘li, martabali shayxni kofir deb haqorat qiladi.

Shayx esa bamaylixotir «Men kofir bo‘lsam, sen haromi, haromzodasan», deydi. Janjal boshlanib ketadi mojaro axiyri qozigacha yetib boradi. Har ikkalasini chorlagan qozi dastavval, shayxga yuzlanadi: 

— Hazratim, bu yigit omi, nima deyayotganini bilmaydi, jahl otini jilovlab bilmagani kabi aql tizginini ham yo‘qotib qo‘yadi. Siz esa ilmdonsiz, haromzoda deyishingizni qanday tushunish mumkin.  Bu ishingiz aqlga sig‘maydigan holatku?!

Shayx dedi: men uni haqorat qilganim yo‘q, men kofir bo‘lsam, sen haromisan, dedim, xolos. Mening javobim uning o‘zida.

— Bu nima deganingiz?

— Men bu bolaning ota-onasining nikohini o‘qiganman. Agar men kofir bo‘lsam, u haromzoda bo‘ladi. Chunki kofir o‘qigan nikohdan tug‘ilgan farzand haromi, haromzoda bo‘lishi tayinku.

Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, har bir so‘zni qo‘llaganda uning ma’nosi va jo‘yaliligiga e’tibor qilish kerak. «So‘zni ko‘ngilda pishqormag‘uncha tilga surma» degan Navoiy.

Notiq — so‘z boyloqchi

Keling, yaxshisi shaxs ma’naviyati, pedagogning muomala madaniyati, targ‘ibot-tashviqot ishlarida, muloqot va boshqaruv jarayonidagi nutq san’atining o‘rni borasida ayrim mulohazalarni bildirib o‘taylik.

Hozirgi zamonda xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan paytda turli xil usullar bilan o‘z manfaatlarini ifoda etuvchi oqimlar paydo bo‘laveradi. Bularga qarshi chuqur bilim va ma’rifat bilan javob bera oladigan notiqlik, voizlik mahorati orqali fikr yetkazish san’atini egallash lozim. «Mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega» bo‘lgan ayni damlarda pedagoglarning zimmasidagi vazifalar ancha zalvorli. Ular muloqot va muomalaning, kommunikativ kompetensiyaning muhim manbai nutq va xulq ekanini his yutgan holda ish tutishlari kerak.

Targ‘ibot ishlari samarasi kamaygan joyda turli xil anglashilmovchilik va nizolar paydo bo‘lishi aniq. Shu o‘rinda ahli donishlardan birining «bir kun so‘z o‘z ishini to‘xtatsa, ertasiga zambaraklar, to‘plar ishga tushadi» – degan fikrini eslash kifoya. Har qanday mafkura omma ongiga to‘g‘ri singdirilgandagina, u qudratli kuch kasb etadi. Ochig‘ini aytish kerak, yaqin yillarda turli xil ekstremistik oqimlar hayot haqida u qadar tajribaga ega bo‘lmagan yoshlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishga harakat qildi. Din niqobi ostida o‘zlarining g‘arazli niyatlarini amalga oshirishga, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga uringanlari sir emas.

Biz ayrim yoshlarning ularning ta’siriga tushib qolishiga birlamchi sabab sifatida beriladigan moddiy mablag‘ni, pulni bois qilib ko‘rsatdik. Ayrimlarini pulga o‘chlik yoki muhtojlikdan shu yo‘lga tushib qolgan deb o‘zimizga tasalli bergan bo‘ldik, moddiy manfaatdorlikni ro‘kach qildik. Vaholanki, ularning aksariyati o‘ziga to‘q oilalarning farzandlari ekanligini inkor etib bo‘lmaydiku. Hali hayot haqida keng tajriba va bilimga ega bo‘lmagan yoshlarning bunday kuyga tushishi mumkin deb o‘zimizni ovutdik.

To‘g‘ri, bu holatni inkor etish qiyin. Lekin, masalaga chuqurroq va teranroq yondoshadigan bo‘lsak, o‘zgacha manzara namoyon bo‘ladi. Ochig‘ini aytish lozimki, ularga saboq beradiganlar voizlik, ya’ni notiqlik san’atini obdon egallaganlardir. Ular so‘zining ta’siri kuchli, aniqrog‘i, ular jonli so‘zni topib, tanlab, kishi ruhiyatiga bog‘lab, eshituvchini ko‘rinmas iplar bilan bog‘lash iqtidoriga ega. Hazrat Navoiyning «Dushman maqoloti – bang xayoloti» degan hikmatiga e’tibor qiling. Dushmanning hiyla-nayranglari, shirin so‘zi, aldovi kishini bang chekkan kishidek garangsitib tashlashi mumkinligiga ishora bor unda. Odamni so‘z ta’sirida zombiga aylantirish, manqurt holatiga keltirish ham mumkin. Psixolingvistikada bu holat allaqachonlar e’tirof etilgan. Inson miyasi bosh qobig‘ida 86 milliard neyron to‘qimasi bor. Har soniyada hujayralar bir-biriga minglab informatsiyalar tashiydi. Noto‘g‘ri, asossiz, uydirma fikrlar virus kabi inson miyasini zaharlaydi. Natijada dunyoqarashda keskin o‘zgarish boshlanadi. Keling, bir misol keltiraylik.

Illyuzion o‘yinlar ko‘rsatuvchi shaxsning harakatiga, manipulyasion mashqlariga qarab, hayratdan yoqa ushlaymiz. Biz eplay olmaydigan harakatlarni qilib har xil usulda fokuslar ko‘rsatadi. U shu yo‘l bilan ko‘zimizni bog‘laydi, tomosha ko‘rsatadi. Garchi, ishonmasakda, o‘zimiz anglamagan holda hayratlanish asnosida uning sehr doirasiga tushib qolganligimizni bilmaymiz. Shuning uchun ham u ko‘zboyloqchidir. Notiq esa so‘z boyloqchi. U so‘z sehgari va sinchisi. Fokuschi oddiy tomosha bilan ko‘zni bog‘lasa, voiz ta’sirchan so‘zi bilan miyani bog‘laydi. Shuning uchun ham ular ta’siriga tushgan «miya bog‘langan»lar o‘z ota-onasiga borib, «kufr va to‘g‘ri yo‘l» haqida va’z aytishdan tap tortishmaydi. Go‘yo ota-ona bolani emas, bola ota-onani «tarbiya»layotgandek g‘alati taassurot paydo bo‘ladi. So‘z magiyasi, uning ta’sir kuchi va doirasiga e’tibor kuchli bo‘lmas ekan, milliy g‘oya mohiyatini yetkazish, targ‘ib etishda ojiz qolishimiz, shubhasiz.

«So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor». Bu maqol so‘zlovchiga ham daxldor. Gap so‘zni qanday ayta olish va yetkaza olishda.

«Yangi fikr va yangi g‘oya bo‘lmasa taraqqiyot ham, innovatsiya ham yo‘q»

Kitob nutq va fikr manbai ekanligini, fikrni emas, fikrlashni o‘rganish va o‘rgatish muhimligini doimo yodda tutish zarur. Ajab emaski, Tomas Alva Edison «Sivilizatsiyaning eng buyuk vazifasi odamlarni fikrlashga o‘rgatishdir», — deganida til va tafakkurning chambarchas bog‘liqligini nazarda tutgan bo‘lsa.

Shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev «yangi fikr va yangi g‘oya bo‘lmasa taraqqiyot ham, innovatsiya ham yo‘q» mazmunidagi mulohaza va talabni keskin qo‘ydi. Tafakkur qanoti esa kitob bilan daxldorligini his etgan holda, istiqbolli rejalarni ko‘zlash asnosida xalqimizni ommaviy kitobxonlikka chorlashga bosh-qosh bo‘ldilar.

Notiqlik san’ati bu faqat tilshunoslik fani ob’yekti emas, u mantiq, ruhiyatshunoslik, etika, estetika, poetika, falsafa, tafakkur, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, davlatshunoslik ilmi hamdir.

Shunday ekan, masala mohiyatini teran anglagan holda, tajribali voizlarni jamlab notiqlik san’atini o‘rgatishga qaratilgan maxsus o‘quv muassasalarini tashkil etish davr talabiga aylandi. Xuddi shu istak bilan kamina «Notiqlik san’ati akademiyasi» nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Muloqot va muomala sirlarini nutqiy mahorat asrorlarini bilishga, egallashga intiluvchilarni hozirda o‘qitish bo‘yicha keng faoliyat olib bormoqdamiz.

Jumladan, omma oldida nutq so‘zlash, fikrni erkin bayon etish, qo‘rquv va hayajonni yengish; televideniye va radiokanallarga intervyu berish; muloqot va muomala madaniyatini rivojlantirish; ta’sirchan so‘zlash va ifodali o‘qish qoidalarini o‘rgatish kabi bir qator yo‘nalishlarda mahorat darslari o‘tilmoqda.

Nazarimda, ta’lim muassassalari tizimidagi professor-o‘qituvchilarning og‘zaki va yozma nutq madaniyati, savodxonlik darajasini, notiqlik mahoratini, kommunikativ kompetensiyasini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini ham tizimli ravishda tashkil etish maqsadga muvofiq.

Buning uchun oliy ta’lim muassasalarining o‘zida ilk bosqich, ya’ni professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ichki tanlovning o‘tkazilishini zarur deb hisoblaymiz.

Ushbu o‘quv kursi quyidagi tanlov bosqichlari asosida tashkil etilishi o‘rinlidir:

  1. Muayyan matnni (ilmiy-publitsistik yoki badiiy) sinchiklab o‘qish va uni xotirada saqlash orqali qayta ijodiy hikoyalash mahorati;
  2. Ovozli tasmadagi audiomatnni tinglash va anglash orqali qayta so‘zlab berish qobiliyati;
  3. Tasvirga qarab so‘zlash orqali ijodiy imkoniyatlarini namoyish etish layoqati;
  4. Videolavhani ko‘rish va unga fikriy munosabatni yozma ravishda qog‘ozga tushirish iqtidori;
  5. Muayyan bir sharoitda vaziyatga xos-u mos so‘zni topish, tanlash va qo‘llash mahorati;

(Eslatma: Bular talaffuz va tafakkur mashqlari bilan birga ovoz yozish va tasvirga olish orqali amalga oshiriladi.)

Ana shu yo‘sindagi ichki tanlovdan so‘ngra saralangan professor-o‘qituvchilar notiqlik san’ati muassasasida tahsil ko‘rib, o‘z malakalarini oshirishi mumkin.

Ikkinchi bosqich esa 3 yil muddatdan so‘ng amalga oshiriladi. Unda ma’lum bir sohaga, ta’lim tizimiga oid qonun va qarorlarni, farmon va farmoyishlarning mazmun-mohiyatini yetkaza olish, sharhlash, tushuntirish darajasi va ish tajribasi baholanadi.

Ritorika, voizlik, ya’ni notiqlik san’atining turlari bo‘yicha ixtisoslashgan nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotlar chuqurroq tarzda o‘tiladi. Sohaga oid holda notiqlikning ta’lim tizimi quyidagi tartib va tarkibda bo‘lishi zarur:

  1. Siyosiy-ijtimoiy notiqlik. (Davlat va hukumat arboblari uchun);
  2. Akademik notiqlik. (Ta’lim muassassalaridagi professor-o‘qituvchilar uchun);
  3. Sud notiqligi. (adliya, sud, prokuratura, bojxona xodimlari uchun);
  4. Harbiy notiqlik. (Milliy gvardiya, Qurolli kuchlar, Mudofaa hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun);
  5. Diniy-ma’rifiy notiqlik. (Imom-xatib va otinoyilar uchun);
  6. Ijtimoiy-maishiy notiqlik. (Turli marosimlar, ma’rifiy uchrashuvlar, to‘y va yubiley tantanalarida boshlovchilik qiluvchilar uchun).

O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, ta’lim sohasidagi o‘qituvchi va professorlarning eng katta muammosi ularning notiqlik mahorati yetishmasligi bo‘lib chiqmoqda.  Ta’limning sifati va samarasi pedagogning kommunikativ kompetensiyasi masalasiga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Professor-o‘qituvchilar o‘rtasida «Eng yaxshi notiq-pedagog», talabalar o‘rtasida «Eng yaxshi notiq-talaba», yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Eng yaxshi o‘quvchi-notiq», Xotin-qizlar o‘rtasida «Eng yaxshi voiza», Diniy soha vakillari o‘rtasida «Eng kuchli voiz» respublika ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish lozim. 

Og‘zaki nutq, muloqot hamda muomala madaniyati va mahorati mukammal shakllanmagani sababli pedagog o‘z fikrni, bugun Yurtboshimiz ilgari surayotgan dasturulamal g‘oyalarni auditoriyaga yetkazib bera olmayapti.

Bu nafaqat ta’lim tizimi, balki barcha sohalar uchun ham muammoli yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokama qilinayotgan va norozilikka sabab bo‘layotgan:

  • viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslarning nutqlarida qo‘pol va haqoratomuz so‘z va iboralarning ildiz otayotgani, «keng ishlatilayotgani», fikrni tugal, emin-erkin va ravon ifoda eta olmaslik;
  • imom-xatib va diniy voizlar tomonidan aholining turli marosimlari chog‘idagi amri ma’ruflarning nutq madaniyati doirasidan chiqib ketishi va da’vat tusini olayotgani hamda bu holatlarning diniy-ma’naviy vaziyatga ta’sir qilayotgani («Mehr» insonparvarlik operatsiyasi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda, adashib, «IShID» jangarilari yot g‘oyalariga qo‘shilib ketgan 156 nafar vatandoshlarimiz bilan suhbat jarayonida bu isbotini topdi);
  • sud, adliya, prokuratura, bojxona, harbiy, bank sohasi ishlarida, shuningdek, turli darajadagi deputatlarning saylov jarayonlarida aholi bilan muloqot doirasida xulqiy va nutqiy madaniyatining sustligi, muomala jarayonlarida oqsoqliklar kuzatilayotgani; 
  • televideniye va radio jurnalistlikasi boshlovchilari va muxbirlari nutqlarida adabiy til me’yorlariga rioya etilmayotgani va sheva unsurlarini qo‘llash amaliyoti tobora keng tus olayotgani natijasida o‘zbek tilining qadrsizlanishiga sabab bo‘lib, aholining e’tirozlarini keltirib chiqarayapti.

Til taktikasi — taraqqiyot srategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi ekanini barchamiz, jumladan, pedagoglar yaxshi idrok etishlari zarur.

Rahimboy Jumaniyozov,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi direktori,
filologiya fanlari nomzodi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring