Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma

Hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma

(Murojaatnomani tinglab tug‘ilgan mulohazalar)

Hayot dovonlar osha ilgarilanma harakatga qiyos qilinar ekan, demak, taraqqiyotning ham ana shunday mezonlari, marralari bor. Gap har ikkalasini muvaffaqiyat bilan quchib, ko‘zlangan marraga yeta olishda. Mamlakat rivoji uning barcha jabhalardagi jarayonlarni, iqtisodiy-moliyaviy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-demokratik va ma’naviy-ma’rifiy tomonlarini tanqidiy va tahliliy nazardan o‘tkazib, xolis baholab ilmiy asosda o‘rganish va istiqbolli rejalarni belgilashni taqozo qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 20 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasi xuddi shunday ruh bilan sug‘orilgan.

«Taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi», deya ta’kidladi Prezident. Tarixga nazar tashlasangiz, har bir yurt va millatning yo‘lboshchilari o‘z xalqi va mamlakatini taraqqiyotga olib chiqish uchun jonbozlik ko‘rsatishganini anglab yetasiz. Hech bir g‘alaba va yutuqlar osonlikcha qo‘lga kiritilmaganining guvohi bo‘lasiz. Erishilgan dovonlarning har biri ortida mashaqqatli mehnat turibdi. Inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala ekanini ta’kidladi davlat rahbari.

Tan olish kerakki, O‘zbekiston bugungi kunda tinchlik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik g‘oyalarini butun dunyo bo‘lib yoyishda yetakchilik qilayotgani rost. O‘zbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng e’tirof etayotgani ham ayni haqiqatdir.

Birgina misol sifatida Prezidentimiz rahnamoligida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilinganini, muhim tashabbuslar ilgari surilganini tilga olish kifoya. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganining dalolatidir. Yutuqlarning manbai bevosita inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalar bilan bog‘liq. Buning boisi esa uzoqni ko‘zlovchi strateg bilan bunyodkor xalqimizning yakdilligi va birdamligidir. Bu esa yangi marra va dovonlarni zabt etilishining birdan bir kafolatidir.

Xo‘sh, buning uchun nimalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq?  Prezident bunga ham aniq va lo‘nda javob berdi. «Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi».

Haq roziligini xalq roziligida deb bilish, inson qadri va manfaatlarini yuqori tutish Prezidentimizning ezgu ishi va ilmu amali bo‘lib kelayotgani rost. Shuning uchun ham «Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat» degan g‘oya ilgari surdi. Odam o‘zgarmasa olam o‘zgarmasligining isboti ham shunda.  Kechagi kayfiyat bilan emas, yangicha ruhiyat va ishchanlik tuyg‘usi bilan faoliyat ko‘rsatish maqsadga muvofiq. Kun o‘tsa bo‘ldi qabilida ish tutadiganlarning «bo‘laveradi» degan g‘oyasi bugun o‘zini oqlamaydi. U bamisoli  parvozga shaylangan qush qanotiga bog‘langan toshdir. Mustaqil fikrlaydigan, o‘z mulohazasini bemalol ayta oladigan, ijodiy fikrlaydigan, intellektual salohiyatli avlod prezident g‘oyalariga sadoqatli va qo‘shqanot bo‘la olishi aniq.

Ayrim vazirlik va idoralarni qisqartirish birinchidan, qog‘ozbozlikning oldini olsa, ikkinchidan, ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘yilmaydi, uchinchidan, tizimda ancha jonlanish bo‘ladi, to‘rtinchidan, vaqt tejaladi. To‘g‘ri, dastlabki davrda vazirliklar kerak bo‘lgan. Endilikda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor, - deya uqtirdi Prezident. Shuningdek, byurokratiya oyoqqa kishan bo‘layotganini, vazirlarning hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda ta’bir joiz bo‘lsa, «ovoz»i yo‘qligi, ushbu hujjatlarni tayyorlash, tahlil qilish va hayotga tadbiq qilishda uquv va mas’uliyat yetarli emasligini, quruq savlatdan hech qanday naf yo‘qligini, vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga kamaytirilishini qayd etdi. O‘z ishiga fidoyi, sohasini yaxshi biladiganlar ishlasa rivojlanish bo‘lishi, tabiiy. Kadrlar ko‘p narsani hal qilishi aniq. Endilikda, ularni saralash, tanlash, tayinlash ham o‘zgacha bo‘layotgani sir emas.

Har bir mamlakatning taraqqiyoti bevosita va bilvosita intellektual salohiyatga ega, bilimdon va xarizmatik kadrlarga bog‘liq. Boshqaruv mexanizmida, rahbarlik faoliyatida ham ushbu o‘lchov muhim ahamiyat kasb etadi. E’tibor ehtiyojni talab etadi. Inson qadri, manfaati har narsadan ustun turar ekan, mamlakat rivoji bu o‘z-o‘zidan ta’lim va tarbiyaning sifatiga daxldor masaladir. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida «najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda», deya qayta-qayta uqtira turib 2023 yilga «INSONGA E’TIBOR VA SIFATLI TA’LIM» yili deb nom berishlari bejiz emas. Bu davr talabi, zamon taqozosidir. Har qanday sohadagi samara va natija avvalo, sifatga bog‘liq. Shunday ekan, ta’limning sifati masalasi inson manfaati, uning qadri, qolaversa, xalq, mamlakat taqdiriga daxldor masaladir.

«Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu-yagona to‘g‘ri yo‘lidir», deydi Prezident.

Darhaqiqat, ta’limdagi sifat va samara bo‘lmasa harakatimizda hech qanday natija bo‘lmasligi ayon. Shunday xodimlar bor sohasi bo‘yicha ko‘p bilimga ega, shu xususda muloqotga kirishib o‘z mulohazalarini aytishda esa uquvi yo‘q, negaki, kommunikativ kompetentligi yetarli emas. Davlat vakili degani prezidentning siyosatini amalda ko‘rsatib, xalq bilan muloqot qila oladiganlardir, dedi Davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Darhaqiqat, muloqot samaradorligi, muomala madaniyati bilan ko‘pgina muammolarga yechim topish mumkin. Odamlar bilan Prezident orasidagi «ko‘prik» bu davlat vakillaridir. Demak, ular xalqni eshita oladigan, xalqsevarligi, oddiyligi, kamsuqumligi, samimiyligi, fidoyiligi bilan odamlarning mehrini qozona oladigan bo‘lishi kerak.  Davlat xizmatchisining odob-axloq to‘g‘risidagi hujjatni qabul qilinishi uning amaldagi ahamiyati bilan ajralib turishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ayni kunlarda zahira kadrlarni xuddi shu masalalar bo‘yicha malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilgani ahamiyatlidir.

Muloqot asoslari, aslida uchta - so‘zlash, tinglash va anglashdir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash esa ma’naviyatdandir. Ana shularga amal qilishiga qarab xodimning ham vazirning ham ichki madaniyati, ma’naviyati, xulq-atvori, bilim-saviyasini bilish mumkin. Bular muloqot etiketi, muomala madaniyati, boshqacha aytganda, notiqlik san’atining tarkibiy qismlaridir.

Tasavvur qiling, ko‘rgan, bilgan, tinglagan narsa-hodisa haqidagi fikrimizni emin-erkin, mustaqil tarzda og‘zaki hamda yozma yo‘sinda yetkaza olmasak, o‘zimizni chin ma’noda savodxon, qolaversa, ma’naviyatli deya olamizmi? Albatta, yo‘q.

Davlatimiz rahbari xalq ichiga kirib, ularning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng muhim mezoni ekanini e’tirof etishlari, inson manfaatlari hamda xalq roziligini har narsadan ustun qo‘yishlari bejiz emas.

Ma’rifatparvar adib Cho‘lpon ta’biriga mos holda, «quchoq ochib xalq ichiga borishni» niyat qilgan har bir davlat vakili bunga befarq bo‘lishga haqqi yo‘q.

Atoqli lug‘atshunos Mahmud Koshg‘ariy «Kishi so‘zlashu, yilqi yizlashu» degan maqolni keltiradi. Bu odamlar bir-biri bilan so‘zlashib tanishsa, hayvonlar iskashib tanishadilar deganidir. Shu o‘rinda Antuan Sent Ekzyuperi «Bu dunyodagi birdan - bir haqiqiy ne’mat odamlarning bir-biri bilan muloqotidir» - deyishi bilan haqlidir.

Xuddi shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining xatiga asosan Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va «Notiqlik san’ati akademiyasi» NTM hamkorligida «Notiqlik san’ati: kommunikativ kompetentlik va muloqot va muomala madaniyati asoslari»  o‘quv-amaliy kursi o‘z faoliyatini olib borayotgani e’tiborga molikdir.

Inson qadrini ulug‘lagan xalqchil bosh dasturimiz – Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish mexanizmini Davlat xizmatchilarining to‘la bilishi va amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada anglash va anglatish, tushunish va tushuntirishning muhim quroli - yetuk bilim, nutq madaniyati va notiqlikning o‘rni beqiyosdir.  Ushbu nazariy va amaliy mohiyatga ega o‘quv kursi kasbiy faoliyatda kommunikativ kompetentlik, nutq madaniyati va notiqlik san’ati, muloqot etiketi va muomala madaniyati borasida Davlat xizmatchilarining barcha bo‘g‘inlariga manfaatli ekani bilan xarakterlanib turadi. Qaysi mavzuni yoki fikr va so‘zni kimga, qayerda, qachon, qanday qilib va qancha aytishni bilish, tabiiyki, bu notiqlik mahoratini, kommunikativ kompetentlik darajasini belgilaydi. Shu ma’noda, aytish joizki, til taktikasi - taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan mexanizmidir. Shundagina u Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ta’sirchan va qudratli qurol bo‘la oladi.

Prezident Murojaatnomasida keltirgan mutafakkir Imom Moturidiyning: «Elu yurt bilan hamdard bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay», degan hayotiy hikmati har bir vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozim», degan da’vatlari o‘rinlidir.

Prezident Murojaatnomada taraqqiyotimizni ta’minlaydigan tamoyillarni, bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan maqsad va vazifalarni oltita yo‘nalishda ochib berdi. Bular «Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish»,  «Yangi O‘zbekistonni «ijtimoiy davlat» tamoyili asosida qurish», «Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish», «Ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanayotgani», «Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash», «Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yaxshilash» yo‘nalishlari yorqin misollar va teran mulohazalar bilan asoslab berildi.

Davlat rahbarining da’vati shularda namoyon bo‘ldiki: qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘ldan ortga qaytish yo‘q, ko‘zlagan marralarga albatta yetish yo‘lida niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqqa tayanish, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilish orqali Yangi O‘zbekistonni bunyod etish.

Murojaatnoma bilan sinchiklab tanishgan inson, albatta, uning hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma bo‘lishiga iqror bo‘ladi.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti professori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring