Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston–Germaniya: yashil iqtisodiyotga doir hujjat imzolandi

O‘zbekiston–Germaniya: yashil iqtisodiyotga doir hujjat imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida “Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar” yangi mintaqaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Mazkur hujjat 2025–2028-yillar davomida kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish, dual ta’limni kengaytirish hamda “yashil iqtisodiyot” sohalari uchun zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Yangi loyiha Germaniya federal hukumati topshirig‘iga binoan GIZ tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

Shartnomani imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi direktori Yoaxim Frits hamda “Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar”  loyihasi maslahatchisi Jahongir Jo‘rayev ishtirok etdi.

Uchrashuvda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, uning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusidagi amaliy qadamlar muhokama qilindi. Tomonlar GIZ’ning O‘zbekistonda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim rolini ta’kidlab, kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, dual ta’limni rivojlantirish hamda “yashil ko‘nikmalar”ni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Loyiha doirasida mehnat bozori haqiqiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda ta’lim dasturlari va kurslarga “yashil” ko‘nikmalarni integratsiya qilishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy tajriba almashuvini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Germaniya “yashil” sanoat, ekologiya, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil dekabr oyida Dubay shahrida, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 9 million yevrolik bitim imzolangandi.

2024 yilda imzolangan hujjatga binoan, Germaniya “yashil” sanoatlashtirishda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 mln yevro miqdorida grant ajratadi.

Ikki davlat turli sohalar qatori ta’lim bo‘yicha ham hamkorlikni kuchaytirmoqda.

O‘tgan yili Toshkent shahridagi 1-sonli Abu Ali ibn Sino nomidagi Respublika Jamoat salomatligi texnikumi bazasida Germaniya tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.

2024 yilda esa Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida O‘zbek–nemis fakulteti ochildi.

O‘zbekistonda Germaniya universitetini tashkil etilish bo‘yicha muzokaralar ham davom etmoqda. Bu tashabbus O‘zbekistonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, Yevropa standartlari asosida bilim berish va Germaniyaning ilg‘or akademik an’analarini joriy etish borasida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring