Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

«O‘zbekona konspekt» yoxud o‘zbek talabalarining havoga sovurilgan (sovurilayotgan) umri haqida

«O‘zbekona konspekt» yoxud o‘zbek talabalarining havoga sovurilgan (sovurilayotgan) umri haqida

Foto: «Kursar.ru»

Maqtanish emas, sanoqli «4» baholarimni hisobga olmasa har doim «5»ga o‘qiganman. Shundan kelib chiqib, nazariy jihatdan Jahon tillari universitetini «qizil diplom»ga tugatgan paytimda men fransuz tilini kamida fransuzlarday bilishim kerak edi. Lekin Fransiyaning Siyosiy fanlar institutiga o‘qishga kirib, tahsil uchun u yerga borgachgina o‘zimning asl darajamni anglab yetganman...

Fransiyaning oliy ta’lim muassasalari orasida Siyosiy fanlar instituti alohida o‘rin tutadi. «Boylar»ni, «burjuylar»ni va «amaldorlar»ni yoqtirmaydigan ayrim fransuzlar bu institutni «faqat elita uchun kadrlar tayyorlovchi» institut deb kamsitishadi, ammo men ishonch bilan aytishim mumkinki, bu institut sifat va saviya jihatidan nafaqat Fransiyadagi, balki dunyodagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalariga o‘rnak bo‘la oladi.

U yerda men ikkita «qoida»ning guvohi bo‘ldim: 1. Sen chet ellikmisan yoki fransuzmisan, buning ahamiyati yo‘q. Hujjat topshirib, o‘qishga kirdingmi, endi o‘qiysan. Masalan, tilni yaxshi bilmasliging sening shaxsiy muammong. 2. Sen bilimlimisan yoki bilimsizmisan, buning ahamiyati yo‘q. O‘qishni eplayman deb ishontirib kirdingmi, endi o‘qiysan. Masalan, o‘tilayotgan fanlarni oldin o‘tmaganliging sening muammong. O‘qiy olmasang, xayr!..

O‘zbekistonda universitetda o‘qigan paytlarimizda men bitta narsani, ya’ni konspektni yomon ko‘rar edim. Chunki biz (talabalar) birinchi kursdan to‘rtinchi kursgacha (ba’zan magistraturada ham) birinchi paradan oxirgi paragacha deyarli har doim konspekt yozishga majbur edik. Konspekt yozmagan talaba darsga qo‘yilmasligi yoki unga «NB» («ne bil» — darsda qatnashmagan) qo‘yilishi mumkin edi. Konspekt daftari semestr oxirida, «sessiya» paytida so‘ralishi va konspekt yozilmagan bo‘lsa, talabalar yomon baho olishlari mumkin edi.

O‘zi konspekt nima? «Konspekt» so‘zi aslida biron mavzuning qisqacha mazmuni, bayoni degan ma’noni bildiradi. Shundan kelib chiqib, konspekt yozish yomon emas, aksincha, ijobiy amalday tuyuladi.

Ammo konspektning o‘zbekcha varianti mavzuning qisqacha mazmuni yoki bayonini emas, balki darsning boshidan oxirigacha domla kitobdan o‘qib diktant qilib yozdiradigan va talabalar yozib olishlari majburiy bo‘lgan matnni bildiradi. Konspekt yozib kelish (kitobdan ko‘chirib kelish) uyga ham vazifa qilib berib yuborilishi mumkin. Ya’ni karikatura qilib aytiladigan bo‘lsa, o‘zbek talabalari bilim olishning o‘rniga birinchi kursdan oxirgi kursgacha tahsilni 5-sinf o‘quvchisiga o‘xshab diktant yozib o‘tkazadilar. Eng yomoni u «diktantlar» yoziladimi yoki yozilmaydimi, o‘qiladimi yoki o‘qilmaydimi, asosiysi, doim majburiydir. Shu tarzda domlalar (barchasi emas) ortiqcha mehnat qilmasdan oyligini olaveradi, talabalarning umri esa diktant yozish bilan o‘tib ketaveradi.

Shuning uchun men «o‘zbekcha konspekt»ning g‘oyasiga har doim qat’iyan qarshi bo‘lib kelganman. Darslarda domlalarimizga «Konspekt yozmayman, lekin istagan paytingizda savol bersangiz mavzuni gapirib beraman» deb shart qo‘yar edim. Ayrim domlalarimiz mening «nohaqligim»ni isbotlash uchun rosa uringan paytlari ham bo‘lgan. Xudoga shukurki, ularning hech biriga meni «mot» qilish nasib etmagan...


Mavzuga doir:
Ko‘chirmachilik taraqqiyotimiz oyog‘iga urilgan boltadir!


Parij Siyosiy fanlar institutida o‘qiy boshlagach, o‘zimni o‘zga dunyoga tushib qolganday his qilganman. U yerdagi hech narsani bilmayman va tushunmayman. Darslarimiz ikki xil bo‘lardi: katta zalda umumiy o‘tiladigan (bizdagi «leksiya») va sinflarda alohida o‘tiladigan darslar. Sinflarda o‘tiladigan darslarda domlalarimiz faqat birinchi darsdagina dars o‘tishgan. O‘sha darsda ular bizga bir semestrga oid mavzularni bo‘lib berib, qo‘limizga ikki varaq adabiyotlar ro‘yxatini tutqazishgan-da, «keyingi darsdan boshlab endi sizlar gapirasizlar» degan. Men ularni hazillashayapti deb o‘ylasam, rost aytishgan ekan. Shu bilan semestrning oxirigacha biz adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qib, internetdan va boshqa joylardan ma’lumotlar topib, har bir darsga tayyorlanib kelar edik va mavzuni navbatma-navbat o‘zimiz gapirishimiz kerak bo‘lar edi. Domlalarimiz esa faqat bizni eshitar va baholab borar edi xolos. O‘shanda, mehnat qilib o‘qiydigan o‘qishdan charchagan paytlarimda menga «diktant yozib o‘qiydigan» o‘qishning qadri bilinib ketar edi.

Katta zaldagi umumiy darslarda esa domla oldidagi mikrofonga to‘xtamasdan gapirib ketaverardi, biz hohlasak o‘zimizga «konspekt yozib olishimiz» (yoki yozib olmasligimiz) mumkin edi. Mana bunday konspekt yozishni konspekt yozish desa bo‘lardi. Domla diktant qilib ham yozdirmasdi, takrorlamasdi ham, sessiyaning oxirida «Konspekt daftaring qani?» ham demasdi. Konspekt talabaning shaxsiy muammosi edi. Yoza olsang o‘zingga foyda, yoza olmasang mavzuni qayerdan topsang topib o‘rganaverasan.

Biz, shaxsan men adabiyotlar ro‘yxati bilan mustaqil yoki guruhda ishlashga va domla gapirib ketaveradigan darsda konspekt olishga o‘rganmagan edim. Buni menga bakalavriatda ham, magistraturada ham o‘rgatgan emaslar. Bizga faqat «diktant» yozdirishgan. Bir semestr davomida boshini kitobdan ko‘tarmay diktant yozdirgan domlalarimiz ham bo‘lgan. Shu bois Parijdagi o‘qishimning ilk semestrlari juda qiyin kechgan. Men o‘zimizda, O‘zbekistonda ham darslar xo‘jako‘rsinga, «diktant yozdirish» shaklida emas, balki talabalarni bilim olishga chorlaydigan va yangilik izlashga, yaratishga intiladigan shakllarda o‘tilishini orzu qilaman...

O‘zbekiston ta’lim tizimidagi talabalarni savodsiz qilib, ularning umrini ko‘kka sovuradigan ikkita illatning birinchisi «ko‘chirmachilik» bo‘lsa, ikkinchisi «o‘zbekcha konspekt»dir. Agar kelajakda talabalarimiz 4 yoki 6 yil o‘qib, oxirida faqat diktant yozishni o‘rganib (o‘shanda ham o‘rgansa) bitiradigan mutaxassislar bo‘lishlarini xohlamasak, bir kun kelib biz albatta «o‘zbekcha konspekt» illatidan voz kechishimiz va uning o‘rniga darslarimizda samaraliroq metodlarni qo‘llashimiz kerak bo‘ladi.

Izohlar 6

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring