Qabul komissiyasi ishidan rektorning ko‘ngli to‘lmadi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ta’lim tizimida hanuz uchrayotgan illat bo‘lmish korrupsiya va uning oldini olish masalasida onlayn muloqot o‘tkazildi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar berdi.
Unda institut rektori, professor O‘ktam Umurzoqov so‘z olib, TIQXMMIda bu illatga qarshi olib borilayotgan choralar, pandemiya sharoitida masofaviy ta’limning yo‘lga quyilgani va boshqalar haqida gapirdi.
Qayd etildiki, yaqinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov rahbarligida OTMlarda qabul jarayonlarining borishi masalalariga bag‘ishlab videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham oxirgi paytlarda OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik e’tiboriga yetkazilgan oliy ta’lim muassasalari (NamDU, SamDAQI, BuxMTI, Nukus DPI, SamDU, TDO‘TAU, O‘zDJTSU) xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy holatlar tanqidiy muhokama qilingan. Bu masalada rektorlar, ta’lim muassasasidagi ma’naviy-axloqiy muhit uchun mas’ul bo‘lgan prorektorlar faoliyatiga salbiy baho berilgan.
Institut rektori, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari oxirgi uch yildan buyon keng qamrovda amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham «ogohlik — davr talabi» ekanini aytib, barchani qat’iy ogohlantirdi.
So‘ngra 2020-2021 o‘quv yilida abiturentlarni qabul qilish bo‘yicha qabul komissiyasi ishiga to‘xtalib, qilinayotgan ishlar ko‘ngildagidek emasligini ta’kidladi.
Mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirgan professor Altiyev Abdurashid korrupsiya har qanday sohaga putur yetkazishi mumkinligini aytib, hatto bu masalalarni hokimlik tizimiga, ayrim davlat organlariga borib bog‘lanayotgani haqida gapirdi. Korrupsiyaga qarshi agentlik tashkil qilingani o‘rinli bo‘lgani, endilikda bunday xatti-harakatlarning ildiziga bolta urilishi haqida to‘xtaldi.
Onlayn muloqotda akademik Mirziyod Mirsaidov kuni kecha televizor orqali namoyish etilgan Samarqandda diplom sotish bilan shug‘ullanib jamoasi oldida mulzam bo‘lganlarning fojiasidan saboq olish, to‘g‘ri xulosa chiqazish kerakligini qayd etdi. Institutning mavqei kundan kunga oshib, jahonga yuz tutib borayotgan bir paytdagi noma’qul harakat hammaning yuziga dog‘ tushirishi mumkinligini gapirdi.
Muloqot davomida qabul komissiyasining mas’ul kotibi Alisher Fathullayev qabul jarayonida olib borilayotgan faoliyatga izoh berib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter