Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xatoni tuzatish xatodan qimmatga tushmasligi kerak» — tilshunos

«Xatoni tuzatish xatodan qimmatga tushmasligi kerak» — tilshunos

Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev lotin alifbosidagi islohotlarga qarshi chiqdi.

«Alifbo masalasi, qo‘yib bersang, har doim ham munozarali mavzu. Birorta tilning alifbosi mukammal emas, boz ustiga, rivojlangan xalqlarning alifbosi yanada g‘arib. Ayniqsa, bizning o‘zbek tilimiz kabi murakkab tarkibli (kamdan-kam uchraydigan ko‘p lahjalilik) tillarning alifbosini takomillashtirishga urinish samara bermaydi. Chunki barcha lahjalarning fonetik xususiyatini grafik ifodalash mumkin emas.

Dunyo tillari sun’iy intellekt tiliga aylanib ketayotgan bir zamonda bizning hanuz alifbo muammosiga o‘ralashib yotishimiz esa yanada achinarli holat.

Amaldagi alifboga xalqimiz, nima bo‘lganda ham, ko‘nikdi (aslida lotin harf shakllaridan kirill harf shakllari mukammalroq). Endi hamma ko‘nikkan bir paytda yana millat tinchini buzishning nima keragi bor! Shuningdek, o‘zgartirishning musbat va manfiy tomonlarini hisob-kitob qilmasdan ola-tasir ish ko‘rish to‘g‘ri emas.

Men alifboni isloh qilish masalasida quyidagilarni alohida ta’kidlashni istar edim:

1) oldimizda shuncha katta muammolar turganda FOYDASIDAN ZARARI KO‘P bu isloh mutlaqo ortiqcha;

2) «yangilangan» alifboni qanday joriy qilamiz? Birdan qilib bo‘lmasligi aniq, chunki bunga qancha ko‘p mablag‘ ketishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi; yoki bu ham o‘n yillar mobaynida «bosqichma-bosqich» amalga oshiriladimi?

3) isloh muammosini ko‘tarib chiqayotganlarning o‘zlari lotin imlosida yolchitib yozayotganmikan (qancha isloh qilinmasin, ularning o‘zlari, baribir, kirilda yozishadi, bu —aniq);

4) isloh sababli alifboda hozirgidan ko‘proq yangi muammolar paydo bo‘lmasligiga tashabbuskorlar kafolat berishadimi?

5) masala kun tartibiga qo‘yilgan zahoti muvaffaqiyatsiz yakun topishi ko‘rinib turibdi;

6) tilshunoslik masalasini ijtimoiy muammoga aylantirmaylik, aksincha, ijtimoiy muammolar yechimiga tilshunoslik bilan ko‘maklashaylik.

Men tilshunos sifatida alifboni isloh qilishga qarshiman», deb yozadi Baxtiyor Mengliyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi e’lon qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring