Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi vazir e’tiboriga. Hammasini kadrlar hal qiladi!

Yangi vazir e’tiboriga. Hammasini kadrlar hal qiladi!

Foto: «Xabar.uz»

Hammamiz bilamiz, sohaning og‘riqli joylaridan biri – ta’lim berish sifatining pastligi. Bilmaganlar bo‘lsa oddiy maktablarimizda 9-10 yil o‘qib chiqqan bolalarni maktab darvozasidan chiqayotganda «ushlab olib», fanlardan savol bersa kifoya – ta’limimiz sifati nechog‘lik ekanini bilib oladi (test sinovlari ham kerak emas).

Sifat pastligining ob’yektiv sabablari bor. Ularni bilish, tahlil qilish yechimlarni topishga yordam beradi. Men bugun ba’zi jihatlarga to‘xtalib, yechim taklif qilmoqchiman.

«Hammasini kadrlar hal qiladi!»

Mazkur ibora rad qilib bo‘lmaydigan haqiqatni o‘zida mujassam etgan. Ha, kadrlar yetarli bo‘lmasa, qiyin. Yetuk kadrlar esa osmondan tushmaydi, ularni tayyorlash fidoyilik, vaqt va xarajat talab etadi. Demak, hozirdan boshlab pedagoglarning yangi avlodini tayorlashga kirishilganda ham bitta savol savolligicha turaveradi – «kelajak mayli, hozirni nima qilamiz?!».

Taklif aynan shu – hozirning ahvolini biroz bo‘lsa-da tuzatishga qaratilgan. Demak, boshladik.

O‘quvchilarni fanga qiziqtira olish malakasi va iste’dodi yuqori bo‘lmagan o‘qituvchini ming bor qayta tayyorlovga jo‘natsangiz ham kerakli natijaga erishishingiz amrimahol. Bu, albatta, kerak, ammo boshqa imkoniyatlarni ham ishga solish lozim.

Pedagoglarning yangi avlodini tayyorlashga vaqt kerak, demak, hozir ishlab turgan o‘qituvchiga yordam beruvchi omillarni yaratish zarur. Taklif qisqacha quyidagicha:

Zamonaviy imkoniyatlardan foydalanish

  1. Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari, kompyuter texnologiyalari mutaxassislari va kinoijodkorlarni jalb qilib, o‘qituvchilarga yordam beruvchi multimedia mahsulotlarini tayyorlovchi davlat korxonasi – studiyasini tuzish.
  2. Mazkur studiyaga maktab fanlariga doir 15-20 minutlik, har bir predmet mavzularini yorituvchi sifatli videofilmlar yaratishni topshirish.
  3. Mamlakat bo‘ylab maktab sinfxonalarini multimedia mahsulotlarini ko‘rish jihozlari bilan ta’minlash.

Masalan, biologiya fanidan dars o‘tayotganda o‘qituvchi mavzuga doir videofilmni o‘quvchilarga qo‘yib beradi. Film orqali – kompyuter grafikasi va kinotasvir yordamida o‘quvchilarga biologik jarayonlar jonli qilib ko‘rsatiladi. O‘quvchi bu jarayonlar haqida vizual tasavvurga ega bo‘ladi. Tasvir bilan birgalikda (sinxron tarzda) mavzuni yoritayotgan diktorning so‘zlarini ham eshitadi.

15-20 minutlik videofilmni o‘quvchilarga ko‘rsatgandan keyin darsning qolgan vaqtini o‘qituvchi bolalarga mavzuga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytish va olingan bilimlarni mustahkamlash uchun savollar berishga bag‘ishlaydi.

Loyihaning foydalari

Ushbu loyihaning afzalliklari:

  • sifatli videotasvir orqali mavzu bolalarga tushunarli qilib yetkaziladi, jonli tasvir bolalarning xotirasida qoladi, bolalarda fanga qiziqish benihoya kuchayadi;
  • bunday o‘quv filmlari o‘qituvchiga yordam bo‘ladi, bolalarni fanga qiziqtirish oson bo‘ladi, dars qiziqarli jarayonga aylanadi, bu esa ta’lim sifatini bir necha barobar yuksaltiradi;
  • o‘qituvchilik kasbining og‘ir, ish unumiga salbiy ta’sir etuvchi jihati – charchash. 5-6 soat dars o‘tib, mavzularni o‘quvchilarga tushuntirish asnosida tinimsiz gapirish mashaqqati nechog‘lik charchatishini muallimlar yaxshi bilishadi. Dars davomida 15-20 minut film namoyish etilishi esa o‘qituvchiga yengillik bo‘ladi va yuqorida aytilgan foydalardan tashqari o‘qituvchining toliqib qolmasligiga hamda o‘z ustidan ishlashiga, unumdorlik o‘sishiga imkon yaratadi;
  • o‘qituvchi rosa o‘z ishiga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda ham (bunaqa hollar kam emas) videofilm orqali o‘quvchilar bilim olib boraveradi.

Qo‘shimcha foydalar

Mamlakatda videodarsliklar yaratish industriyasining yuzaga kelishi:

  • yurtimizda faoliyat yuritayotgan dasturchilar uchun amaliyot vazifasini o‘taydi, rivojlanish, yangi uslublarni kashf qilishga turtki bo‘ladi;
  • kompyuter texnologiyalari rivojlanishiga turtki bo‘ladi;
  • darsliklar yaratish sohasida yangiliklar qilishga zamin tayorlanadi;
  • yaqin kelajakda mazkur soha mamlakatimiz brendiga aylanishi, ya’ni videodarsliklar yaratish sohasi foyda keltiradigan biznes-loyihaga aylanishi mumkin.

Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan e’tirozlar va ularga javoblar

E’tiroz: «Bu o‘ta katta mablag‘ talab qiladigan loyiha».

Javob: «Davlat miqyosida amalga oshirilayotgan bir qator loyihalardan farqli ravishda mazkur loyiha uncha katta mablag‘ talab qilmaydi. Ammo gap bunda ham emas. Asosiysi, eng yaxshi sarmoya – rivojlanishga yo‘naltirilgan sarmoya. Bu loyiha esa aynan shunday loyiha bo‘lib, nafaqat ta’lim sifatini yuksaltirish (bu esa o‘z-o‘zidan muhim), balki keng qamrovli innovatsion o‘zgarishlarni keltirib chiqarishni ham ko‘zlaydi.

E’tiroz: «Bu darrov bo‘ladigan ish emas, ko‘p vaqtni talab qiladi!».

Javob: «Ha, bu vaqt va mehnat talab qiladigan tadbir, ammo natijasi ham shunga yarasha bo‘ladi».

E’tiroz: «Bu yangilik emas-ku, o‘quv filmlari yaratilayapti-ku!».

Javob: «So‘z bu sohani nihoyatda yuqori darajaga ko‘tarish, o‘quv filmlarini har bir darsning ajralmas elementiga aylantirish, shu orqali fanlarni o‘zlashtirish darajasini ko‘tarish haqida ketayapti. Hozir qilinayotgan ishlarni ko‘zda tutilayotgan mazkur loyiha bilan taqqoslab bo‘lmaydi».

E’tiroz: «Biologiya, fizikadan boshqa, vizual tasvir kerak bo‘lmaydigan fanlar ham bor-ku, ularni nima qilamiz?».

Javob: «Ha, ona tili, chet tili, jamiyatshunoslik kabi tasvirning ahamiyati bo‘lmagan predmetlar ham bor. Ammo bu fan o‘qituvchilarining ishini yengillatsa ham bo‘ladi. Masalan, til o‘rganishni yengillatuvchi vidoyepostanovkalar yaratish, jamiyatshunoslikka doir ijtimoiy hodisalarni ko‘rsatib beruvchi filmlar qilish mumkin».

E’tiroz: «Bunaqada o‘qituvchilarimiz taltayib ketadi, har kim ham o‘quvchilarga film qo‘yib bera oladi-ku!».

Bu aslida past saviyadagi e’tiroz bo‘lib, ta’lim jarayonini tushunmaslikdan, ba’zida adovat va hasaddan yuzaga kelishi mumkin.

Javob: «O‘qituvchi ta’lim jarayonini yengillashtiruvchi bunday o‘quv filmlari bilan ta’minlangandan keyin undan, tabiiyki, yaxshiroq natijalarni talab qilish mumkin bo‘ladi. Qolaversa dars faqat film ko‘rish bilan cheklanmaydi, balki ko‘rilgan-eshitilganlarni mustahqamlash kerak bo‘ladi».

Eng muhimi

Voqelikni ob’yektiv tushunish uchun eng muhim narsalarni unchalik muhim bo‘lmagan narsalardan to‘g‘ri ajratish kerak bo‘ladi. Loyihadan ko‘zlanayotgan maqsad esa – bolalar maktabda haqiqatan bilim olsin, 9-10 yil umrini behuda o‘tkazib yubormasin. Aynan shu maqsadni ko‘z oldimizda saqlasak ko‘plab e’tirozlar o‘z kuchini yo‘qotadi.  

Alohida ta’kid

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bitta mavzuni yoritadigan sifatli multimedia mahsuloti – o‘quv videofilmining yaratilishi va maktablarga tarqatilishi butun mamlakat bo‘ylab maktablarda o‘sha mavzu yaxshi o‘zlashtiriladi degani. Shuning o‘zi ulkan hodisa. Ammo sifatli videodarsliklar yaratish mamlakatimizda bir sohaga – industriyaga aylansa fanlarning o‘zlashtirilish darajasi qay darajada yuksalishini tasavvur etsa bo‘ladi.

Muhammad Shakur

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring