Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha 2,76 mln dollarli shartnoma imzolandi

Yaponiya bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha 2,76 mln dollarli shartnoma imzolandi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

4 iyul kuni vazirlikda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suguru Miyazaki bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda Kunchiqar o‘lka bilan hamkorlik aloqalarining istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston hukumati nomidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar loyihalari bo‘yicha almashinuv notasini imzoladi. Ayni choqda, 298 mln iyena (2,76 mln dollar) qiymatiga teng ushbu loyihani bajarish bo‘yicha JICA bilan grant bitimi ma’qullandi.

Yaponiya elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, JDS loyihasi (The Project for Human Resource Development Scholarship) doirasida kelasi yilda 18 nafar davlat xizmatchisiga Yaponiyada magistratura, bir nafariga esa doktorantura bosqichida o‘qish imkoni yaratilmoqda.

«Ushbu loyiha O‘zbekiston kelajagi uchun mas’ul bo‘lgan yosh mutaxassislarga kasbiy bilimlarni chuqurlashtirgan holda mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkonini beradi. Loyiha Yaponiya haqidagi bilimlarni mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona robitalarni yanada rivojlantirishga ham xizmat qiladi», – deyiladi elchixona xabarida.

Ma’lumotlarga qaraganda, Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt mobaynida 378 nafar yurtdoshimiz Kunchiqar yurtning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi. Ularning 343 nafari magistrlik darajasi bilan qaytib, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. Bugungi kunda 35 vatandoshimiz tahsilni davom ettiryapti.

Yaponiya O‘zbekiston davlat idoralari xodimlariga ta’lim grantlarini an’anaviy ravishda taqdim etib keladi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevral oyida Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi klinikada xizmat sifatini oshirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha almashuv notasini imzoladi. Loyiha doirasida mazkur tibbiy muassasaga 794 million iyena (7,35 million AQSh dollari) miqdorida tibbiy uskuna va o‘quv materiallari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Yanvar oyida esa JICA O‘zbekistonda Ipak yo‘li madaniy merosini muhofazaga etishga mablag‘ ajratdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring