«Apple» mahsulotlari qimmatlashishi mumkin
«Apple» kompaniyasi mahsulotlari yaqin vaqtlarda qimmatlashishi mumkin. Bu haqda kompaniya bosh direktori Tim Kuk «The Wall Street Journal» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xotira va ma’lumot saqlash mikrochiplari narxining keskin oshib ketishi kompaniya xarajatlarini sezilarli darajada ko‘paytirmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalariga bo‘lgan talabning jadal o‘sishi natijasida data-markazlar uchun zarur bo‘lgan mikrochiplarga ehtiyoj ortgan.
«Afsuski, narxlarni oshirishdan qochib bo‘lmaydi. Biz mijozlarimizni bu bosimdan himoya qilishga harakat qildik, ammo vaziyat barqaror bo‘lmay qoldi», dedi Tim Kuk.
Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, ayniqsa DRAM turidagi tezkor xotira bozorida jiddiy bosim kuzatilmoqda. Ishlab chiqaruvchilarning katta qismi sun’iy intellekt serverlarida qo‘llaniladigan yuqori tezlikdagi xotiralarni yetkazib berishga o‘tmoqda.
Natijada smartfon, planshet va kompyuterlar uchun mo‘ljallangan xotira komponentlari taklifi qisqarib, narxlar oshmoqda. Kukning aytishicha, iste’molchilar yangi qurilmalarga talabni saqlab qolayotgan bir vaqtda chip ishlab chiqaruvchilar katta narx oshirishlarini joriy qilmoqda.
Tim Kuk hozircha narxlar qachon va qanchaga oshirilishi haqida aniq ma’lumot bermadi. Shuningdek, qaysi mahsulotlar qimmatlashishi ham ochiqlanmagan.
Ma’lumot o‘rnida, «Apple» sentyabr oyida birinchi buklanuvchi iPhone modeli hamda «iPhone 18 Pro» va «iPhone 18 Pro Max» qurilmalarini taqdim etishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter