Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga kiritilgan o‘zgarishlarga tushuntirish berildi

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga kiritilgan o‘zgarishlarga tushuntirish berildi

Foto: Xabar.uz

Bugun, 4-yanvar kuni mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risidagi masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazida tashkil etilgan tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zTTBRM» DUK hamda Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi mas’ul mutaxassislari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi xududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 828-son qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risida masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, ushbu qaror mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi ishga tushirilganidan so‘ng fuqaro va tadbirkorlardan kelib tushgan murojaat va takliflardan kelib chiqqan holda iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish, telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda tizimni takomillashtirish va qulayliklar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’i nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.

Xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosiga murojaat qiladi.

O‘z navbatida, mobil qurilmalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qurilma ishlab chiqarish to‘g‘risida tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet davlat fuqarosi va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga olinadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yo‘li bilan, shuningdek, tizim operatorining sayti orqali, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo‘lgan konvert va jo‘natma oluvchining pasportini ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga olish uchun ko‘rsatilgan mobil qurilmalar olib kirilgan, shu jumladan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali keltirilgan mobil qurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmasligi lozim.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Tadbirda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan natijalar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tizimni joriy etishning birinchi bosqichida, ya’ni 2019 yil 1 apreldan 1 noyabrga qadar 36,2 mln. IMEI-kodlar tizimda avtomatik tarzda bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ikkinchi bosqichda (2019 yil 1 noyabrdan 1 dekabrgacha) esa 2,8 mln IMEI-kodlar tizim operatoriga murojaat qilish orqali bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2019 yil 1 dekabrdan mobil qurilmalarning IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshirilib kelinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring